Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek telekanallari #birgakurashamiz chellenjini ishga tushirdi

O‘zbek telekanallari #birgakurashamiz chellenjini ishga tushirdi

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) COVID-19 koronavirusining tarqalishiga qarshi kurashda mamlakatimiz fuqarolarining ruhiy bardamligini ko‘tarish maqsadida keng qamrovli #birgakurashamiz (#vmestepobedim) xeshtegi ostidagi yangi umumxalq chellenjni ishga tushirmoqda.

Chellenj doirasida o‘zbekistonliklarga telekanallarning elektron va ijtimoiy tarmoqdagi manzillariga karantin davrida bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazayotganlari, bolalariga qay yo‘sinda ta’lim-tarbiya berayotganlari haqidagi videolavhalarini yuborishlari kerak bo‘ladi. Bu chellenjda barcha ishtirok etishi mumkin.

«Biz butun xalqimizni har qanday vaziyatda hamjihat bo‘lishga, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz. Yurtdoshlarimiz ulashayotgan videolavhalar birdamlik muhitini mustahkamlashga yordam beradi» – deydi O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov.

Bundan tashqari barcha telekanallar tomonidan koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining, huquq-tartibot idoralari vakillarining fidokorona harakatlari aks ettirilgan lavhalar namoyish qilinadi.

Qayd etish o‘rinliki, mavjud vaziyat talablaridan kelib chiqib, milliy telekanallarimiz o‘z dasturlariga muayyan o‘zgartirishlar kiritishgan.

«UzreportTV telekanali aholini epidemiologik vaziyat va COVID-19ga qarshi kurashish jarayonlaridan muntazam xabardor qilib turish maqsadida maxsus teleko‘rsatuvlar dasturini joriy qilgan» – deydi mazkur telekanal rahbari Ravshan Jo‘rayev.

«ZO‘R TV telekanali «O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik» xayriya fondiga qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilishga chaqiruvchi roliklarni namoyish qilmoqda, shuningdek, taniqli tadbirkorlar, madaniyat va san’at vakillari ishtirokida karantinni qay tartibda o‘tkazish haqida tavsiyalarni o‘z ichiga olgan ko‘rsatuv va roliklar ham berib borilmoqda.

23-martdan boshlab kechki soatlarda Milliy Gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa idoralar xodimlari ishtirokida «Daxldorlik tuyg‘usi» ko‘rsatuvi namoyish qilinyati», - deydi telekanal direktori Muzaffar Mirzaahmedov.

«Biz butun dunyo koronavirusga qarshi qanday kurashayotgani haqida xabarlar tasmasini ishga tushirdik. Shuningdek, o‘zbek va jahon yulduzlari, taniqli insonlarning aholini karantin davrida uyda o‘tirishga da’vat etadigan xitoblari ham namoyish etilmoqda» - deydi Sevimli telekanali direktori Jaloliddin Safoyev.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring