Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek tilini chin ma’noda davlat tiliga aylantira olamizmi?

O‘zbek tilini chin ma’noda davlat tiliga aylantira olamizmi?

Foto:«Sof.uz»

Yaqinda  hamkasbim bir xatni Telegram messenjeri orqali menga jo‘natdi. Odatda ular menga har doim til masalasida murojaat qilgani uchun xatning o‘zbek tilida ekanini ko‘rib, muammo nimada ekanligini tushunmay, unga so‘roq belgisini qo‘yib qaytarib yubordim. U esa yana o‘sha xatni, lekin bitta so‘zni belgilab jo‘natdi. U yerda «Sizdan savolnomani rus tilida taqdim etilishida amaliy yordam ko‘rsatishingiz so‘raladi» deyilgandi. Menga hamkasbim tomonidan jo‘natilgan xatda «rus tilida» degan so‘zning tagiga chizilib, ko‘rga hassadek alohida ko‘rsatib qo‘yilgandi. Doim xatlarni rus yoki boshqa tilda jo‘natilishiga jon jahdim bilan qarshilik qilganim sabab bir muddat nima deyishga boshim qotib qoldi. Shunda hamkasbim:

— Sizku bizdan talab qilasiz va biz ham xatlarga o‘zbek tilida javob berilishi tarafdorimiz, lekin mana bu xatga qaysi tilda javob berilishi lozimligini alohida ta’kidlagandek chizib qo‘yilgan joyi uchun ulardan ham talab qiladiganlar bormikan? – degan piching, istehzo aralash javobni  yozib yubordi.

Bu gaplarni millatchilikka yo‘yishga oshiqmang. Axir shu paytgacha o‘zbek tilini birinchi o‘ringa qo‘yishimiz kerak degan fikr uchun millatchi degan iste’hzoni eshitib kelganmiz va bu bizning tilimizning qadrsizlanishiga sabab bo‘lgan. Qolaversa, agar mana shu xatda rus tilining o‘rnida boshqa til bo‘lganida ham shunday fikr bildirgan bo‘lardim. Zero, gap bu yerda rus tili haqida emas, balki davlat tilida yozilgan xatda ma’lumotning boshqa tilda so‘ralayotganiga urg‘u berilmoqda.

 Bu voqea tufayli «Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi» deganlaridek hamma hujjatlar davlat tilida bo‘lsin,  degan bilan ular davlat tilida bo‘lib qolmasligiga guvoh bo‘ldim. Buning uchun nafaqat maslahatchi, balki butun jamoa harakat qilishi, intilishi zarur.

Yana bir voqea. Yaqinda qaysidir tashkilotdan kelgan xat nusxasini ko‘tarib olgan hamkasbimning rosmanasiga jahli chiqqanini ko‘rib, savol nazari bilan unga qaradim. Hamkasbim indamadi, qo‘lidagi qog‘ozni oldimga qo‘ydi. Qaysidir vazirlikdan kelgan rus tilidagi murojaat xati va hali aytilganidek, bir dunyo ma’lumot rus tilida jo‘natilishi so‘ralgan.

— Bu qanaqasi? Siz aytadigan qoidalar, davlat tilida ish yuritish faqat bizning idoraga tegishlimi? Boshqalar nega unga amal qilmaydi? Men ham millatim o‘zbek bo‘lgani bilan rus tilida tarbiya beruvchi bog‘chaga borganman, rus tilida ta’lim beruvchi maktabda, institutda rus fakultetda o‘qiganman. So‘ralgan ma’lumotni tayyorlash men uchun hech gap emas. Lekin bizning idorada hammasi davlat tilida bo‘lishi shart. Boshqalar esa bemalol xohlagan tilida yozishi mumkin!

Bu voqealarni misol keltirishimdan maqsad nima? O‘zbekistonda barcha vazirlik va idoralarda, hokimliklarda, har qanday ko‘rinishdagi tashkilotlarda davlat tilida ish yuritishni ta’minlash faqatgina tilshunoslarning, maslahatchilarning ishi emas. Bu – o‘zini, millatini, Ona tilini sevadigan hir bir insonning vazifasi, burchi.

Joriy yilning 8 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan lotin alifbosida tayorlangan «Davlat tilida ish yuritish» qo‘llanmasining taqdimotida «Shaharlarimiz ko‘chalaridagi yozuvlarni davlat tilida yozganimiz, tashkilotlarda davlat tilida ish yuritganimiz bilan o‘zbek tilini chin ma’noda davlat tiliga aylantira olmaymiz. Qachonki, har birimiz bunga o‘zimizni mas’ul deb bilmas ekanmiz bu borada aniq va ko‘zlangan natijaga erisha olmaymiz» degan ajoyib fikr bir ishtirokchi tomonidan bildirildi.

Rostdan ham yozuvlarimiz o‘zbekcha bo‘lgani bilan o‘zbek tili tom ma’noda O‘zbekiston Respublikasining davlat tiliga aylanib qolmaydi. Va yana bir muhim jihat shundaki, o‘tgan 30 yil davomida amalga oshirilmagan ishni bir yoki ikki yilda eplab bo‘lmasligini ham hammamiz yaxshi bilamiz.

Shunday ekan, har birimiz bu jarayonga o‘zimizning kattami, kichkinami hissamizni qo‘shishimiz maqsadga muvofiq. Senator Dilorom Toshmuhammedova o‘zining «Yangi O‘zbekiston» gazetasidagi maqolasida «Tadqiqotga ko‘ra, shaxsning 3 yoshidan 22 yoshigacha bo‘lgan davrida unga sarflanadigan investitsiya kelgusida 19-22 barobar ko‘p foyda berar ekan» degan fikrlarni keltirgan.

Maqola muallifi ta’kidlaganidek, bugun davlat tilini takomillashtirish, uning foydalanish doirasini yanada kengaytirish, nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham o‘zbek tilining nufuzini oshirish, xorijliklarni o‘zbek tilida o‘qitish tizimini ishlab chiqish va izchil amalga oshirishga tikiladigan investitsiya, o‘ylaymanki, albatta, o‘z samarasini beradi. Buning uchun esa birdamlikda harakat qilishimiz talab qilinadi.

Nurulla Abdullayev,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini
rivojlantirish vaziri maslahatchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring