Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi

Foto: «UZA»

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Mirhoji Asqarov 19-dekabr kuni 89 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

M.Asqarov 1931-yil 30-aprel kuni Toshkentda dunyoga keldi. 1953-yili Moskva kimyo-texnologiya institutini tamomlagach, o‘sha institutning aspiranturasida tahsil oldi.

Mehnat faoliyati davomida ilmiy izlanishlarni izchil davom ettirib, 1957-yilda nomzodlik, 1967-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Olim qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) katta o‘qituvchisi, Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi instituti laboratoriya mudiri, direktori, Kimyo instituti direktori, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti kafedra mudiri, professori kabi lavozimlarda mehnat qildi.

Akademikning ko‘plab ilmiy ishlanma va tadqiqotlari bugungi kunda ham respublikamiz kimyo sanoati sohasida keng qo‘llanib, iqtisodiyotimiz tarmoqlari rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yuqori molekulyar birikmalar kimyosi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 600 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng e’tirof etilgan.

Xabar.uz jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring