Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda diabet kasalligini erta aniqlash va profilaktikasi bo‘yicha tadbirlarga start berildi

O‘zbekistonda diabet kasalligini erta aniqlash va profilaktikasi bo‘yicha tadbirlarga start berildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Xalqaro diabet federatsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 400 million nafardan ko‘proq katta yoshli aholi qandli diabetning ikkinchi turidan aziyat chekayapti. Achinarlisi, ularning qariyb yarmida kasallik yashirin tarzda kechmoqda. Bu aholi o‘rtasida tibbiy profilaktika va skrining tadbirlarini yanada rivojlantirishni taqozo etadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimizda qandli diabetning ikkinchi turini skrining qilish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Loyiha doirasida mamlakatimizda olimlar,  mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida kasallikni skrining qilish metodologiyasini o‘rganish bo‘yicha ekspertlar guruhi tuzildi. Uning tarkibida dunyoning taniqli olimi Yakov Paxomov ham bor. Paxomov tomonidan ishlab chiqilgan qandli diabet ikkinchi turini skrining qilish loyihasi hozirda Yevropa davlatlari va Rossiyada kasallikning oldini olish va erta aniqlash bo‘yicha eng samarali uslub sifatida muvaffaqiyat qozongan va inson salomatligini asrashda muhim natija bermoqda, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Mazkur loyiha joriy yilning oktyabr oyidan boshlanadi. Dastlab Namangan shahri va To‘raqo‘rg‘on tumani, Buxoro shahri hamda G‘ijduvon tumanlaridagi tibbiyot muassasalarida tajriba loyihasi amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda qandli diabetning ikkinchi turini skrining qilish loyihasi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda tajriba sifatida belgilangan hududlarda O‘zbekiston uchun to‘g‘ri va maqbul usulni aniqlab olishga e’tibor qaratiladi. Buning uchun aholi o‘rtasida skrining tekshiruvlari amalga oshiriladi va ularda qandli diabetning ikkinchi turini erta aniqlashga qaratilgan turli yondashuvlar testdan o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda aniqlangan samarali usullar asosida mamlakatimiz miqyosida tibbiy profilaktika tadbirlari amalga oshiriladi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda bugungi kunga qadar shunga o‘xshash tajribalar o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramay, dunyoda katta muvaffaqiyat qozongan, xalqaro standartlarga asoslangan bunday yirik tibbiy-ijtimoiy amaliyot ilk bor tadbiq etilmoqda. Ushbu muhim tibbiy-ijtimoiy aksiya patronaj hamshiralar va umumiy amaliyot shifokorlari ishtirokida amalga oshiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring