Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda «Razvedka reydi» musobaqasining yakuniy bosqichi boshlandi

O‘zbekistonda «Razvedka reydi» musobaqasining yakuniy bosqichi boshlandi

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Jizzax viloyatida joylashgan «Forish» tog‘-dala o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari razvedka bo‘linmalari o‘rtasidagi «Razvedka reydi» musobaqasi yakuniy bosqichining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda okrug hamda oliy harbiy ta’lim muassasalaridan jami 11ta jamoa ishtirok etmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi. 

Bugungi kunda milliy armiyamizning nufuzi tobora ortib boryapti. Xususan, harbiy xizmatchilarimiz qator davlatlarning armiyalari bilan hamkorlikda olib borilayotgan o‘quv mashg‘ulotlarida, shuningdek, xalqaro harbiy musobaqalarda nimalarga qodir ekanligini amalda isbotlamoqda.

Ayniqsa, razvedkachilarimiz 2018-yili Buyuk Britaniyada 133ta jamoa ishtirok etgan «Kembriya patruli» musobaqasida 1-o‘rin, joriy yilda xalqaro armiya o‘yinlarida 8ta jamoa o‘rtasida 2-o‘rin, yaqinda Qozog‘istonda o‘tkazilgan «Oltin ukki» musobaqasida esa faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ta’kidlash kerakki, mazkur musobaqa uch bosqichda o‘tkazildi. Dastlab, harbiy qism, so‘ngra okrug miqyosida g‘olib bo‘lgan jamoalar yakuniy bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Yakuniy bosqichda esa ular 10ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashadilar.

Shu kuni jamoalar ilk shartlarni bajarishga kirishdi. Dastlab harbiy xizmatchilar 7,5 kilometrlik masofaga og‘irligi 35 kilogrammga yaqin bo‘lgan yuk qopi bilan marsh yurishdi. Mashg‘ulot shartiga ko‘ra, har bir jamoa yuqori qo‘mondonlikdan berilgan maxsus vazifalarga asosan shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va qaror ishlab chiqish vazifalarini bajarishdi. Shuningdek, marsh yurish davomida minalashtirilgan yo‘laklardan betalofat o‘tish, jangda yaralangan harbiy xizmatchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish va uni bir yarim kilometr masofaga evakuatsiya qilish sinovlaridan o‘tdi.

Shundan so‘ng uch kilometr uzoqlikdagi joylashuv hududiga yetib borish, u yerda qo‘riqlov o‘rnatish va guruh shaxsiy tarkibiga vaqtinchalik yashash joyini hozirlash, dala sharoitidan kelib chiqqan holda, zarur sharoitlar yaratish singari shartlarni bajarishdi.

Jamoalarning har bir harakati Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlaridan tayinlangan hakamlar hay’ati tomonidan xolisona baholab borildi. Oldinda hali ishtirokchilar belgilangan hududda razvedka ishlarini olib borish, shartli dushmanning ob’yektini yakson qilish, suvli to‘siqlardan o‘tish, azimut bo‘yicha o‘n kilometr masofaga harakatlanish, 3 kilometr masofaga yugurish, kimyoviy zararlangan hududlardan himoyalanish, ruhiy yo‘laklar to‘sig‘idan o‘tish va mutaxassislik bo‘yicha qator me’yorlarni bajaradilar.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa joriy yilning 28-sentyabrigacha davom etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring