Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonlik arxitektor qiz xalqaro tanlovda 500 nomzod orasida 2-o‘rinni egalladi (foto)

O‘zbekistonlik arxitektor qiz xalqaro tanlovda 500 nomzod orasida 2-o‘rinni egalladi (foto)

Foto: «Xabar.uz»

2019-yilning 3-5-oktyabr kunlari Pyonchang shahrida «World Culture Open» xalqaro tashkiloti va Pyonchang (Koreya Respublikasi) hukumati tomonidan «Better Together Challenge 2019» festivali o‘tkazildi.

«Better Together» — butun  dunyodagi ijtimoiy innovatorlarni, ijodkorlarni, faollarni va idealistlarni ilhomlantiruvchi, fikr almashish uchun birlashtiruvchi global festivaldir. Festivalga 60 mamlakatdan 500 qatnashchi tashrif buyurdi.

Bu yilgi festival Janubiy Koreyadagi 2018-yilgi Olimpiya shaharchasini «Tinchlik va barqarorlik shahri»ga aylantirish bo‘yicha g‘oyalar tanloviga bag‘ishlandi.

«Tinchlik va barqarorlik shahri» g‘oyasiga 2018-yilgi Qishki olimpiya o‘yinlari ochilish marosimidagi voqea sabab bo‘lgan, o‘shanda ikki Koreya (Shimoliy va Janubiy)ning 200 dan ortiq delegatlari Koreya yarimorolining birlashish bayrog‘i ostida to‘plangan edi. 

Festivalda ishtirok etish uchun nafaqat arxitektor va dizaynerlar, balki ijtimoiy innovatorlar, tinchlikparvarlar va boshqalar taklif etildi.

O‘zbekistonlik iqtidorli arxitektorlardan biri Taxmina Turdialiyeva Koreya yarimoroliga bag‘ishlangan «Garden of Unification» birlashish bog‘ini yaratishni ko‘zda tutuvchi «Tinchlik va barqarorlik shahri»ning g‘oyaviy dizaynini taqdim etgan holda festivalda 2-o‘rinni egalladi. Ushbu birlashuv bog‘i ekologik tadqiqotlar laboratoriyasini, ichki xotirjamlik va meditatsiya mashqlari uchun moslashgan maydonchalarni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot uchun: Taxmina Turdialiyeva 2018-yilgi «Turkistan Architects award» xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘lgan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yangi avlod istiqbolli va iste’dodli arxitektorlaridan biri deb tan olingandi.

T.Turdialiyeva Toshkent arxitektura-qurilish institutining iqtidorli talabasi sifatida «Prezident stipendiati» (2012 y.) bo‘lgan. Ko‘plab respublika va xalqaro tanlovlar g‘olibi.  Shu bilan birga, shaxmat bo‘yicha FIDE Xalqaro toifadagi hakami, «World Peace Initiative» xalqaro tashkiloti hamda «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi hisoblanadi.

Hozirgi kunda Xitoydagi «Cube Design Architects» xalqaro arxitektura kompaniyasida arxitektor sifatida faoliyat yuritmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring