Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident energetika tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Prezident energetika tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni elektr energetikasi tarmog‘ida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etildi. Unga elektr energetikasi hamda neft-gaz sohasidagi muammolarni bartaraf etish, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat aholisini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha katta vakolatlar berildi.

2019 yilgi Investitsiya dasturiga elektr energiyasi tizimi bo‘yicha umumiy qiymati 8,1 milliard dollarlik 33 ta loyiha kiritilgan. Bu yil qariyb 620 million dollar o‘zlashtirilib, 7 ta yirik loyiha ishga tushirilishi belgilangan.

Prezident ushbu investitsiya loyihalarini sifatli amalga oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Masalan, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi «Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasidan Xorazm-Sarimoy punktigacha 220 kilovoltli elektr liniyalarini tortish», «Yuqori kuchlanishli podstansiyalarni modernizatsiya qilish», «To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini qurish» loyihalarini amalga oshirish muddatlari kechikkan. Shu bois Energetika vazirligi, «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatiga xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larini to‘liq o‘zlashtirish, loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, mablag‘larni iqtisod qilish vazifalari qo‘yildi.

Elektr energiyasi quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Tarmoqda investitsiya siyosati noto‘g‘ri tashkil etilgani, ya’ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishga umuman e’tibor qaratilmagani tanqid qilindi. Buning oqibatida korxonalar qarz olish yoki loyihalarni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari sohadagi muhim yo‘nalishlarni belgilab berdi. Xususan, davlat-xususiy sherikchilik asosida muqobil energetikani rivojlantirish, bunday loyihalarga chet el investitsiyalari jalb etish imkoniyati katta ekani ta’kidlandi.

Hozirda yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha Turkiyaning «Yildirim grup», Birlashgan Arab Amirliklarining «Mazdar» jamg‘armasi va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan ish olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatiga umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik 13 ta istiqbolli loyiha bo‘yicha xorijiy hamkorlarni aniqlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha manzilli «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish topshirildi. Sohada davlat-xususiy sherikchilikni joriy etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb qilish uchun xususiy ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini sotib olish tartibi va tariflarini belgilash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, debitor qarzdorlikni kamaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha mamlakatimizning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, Surxon-Puli-Xumri tarmog‘ini qurishni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1-fevraldagi qarorida «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash belgilangan edi. Davlatimiz rahbari bu qarorda ishlab chiqaruvchi – yetkazib beruvchi – taqsimlovchi vazifalardan kelib chiqib, korxonalarning funksiyalarini aniq ajratish, sohaga bozor munosabatlari, jumladan, davlat-xususiy sherikchilikni joriy etishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring