Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident videoselektor o‘tkazdi: 17 trillion so‘mlik hujjatlar ijrosi ta’minlanmay turibdi

Prezident videoselektor o‘tkazdi: 17 trillion so‘mlik hujjatlar ijrosi ta’minlanmay turibdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sud hujjatlari ijro etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sud qarorlari — qonuniylikni ta’minlash, keltirilgan zararni qoplashda huquqiy asos. Joriy yilning 10 oyida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga 4 millionga yaqin ijro hujjatlari kelib tushgan bo‘lib, shundan 1 million 200 mingtasi bajarilmagan. Ya’ni, bugungi kun holatiga 17 trillion so‘mlik hujjatlar ijrosi ta’minlanmay turibdi. Buning 7,2 trillion so‘mi davlat undiruviga, qolgan 9,7 trillion so‘mi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli. Ushbu mablag‘larning undirilishi tadbirkorlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash, kam ta’minlangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ko‘plab ijtimoiy masalalarni hal etishda muhim omil bo‘ladi.

Yig‘ilishda sud hujjatlarini ijro etish holati tuman va shaharlar misolida ko‘rib chiqildi. Qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha mamlakat darajasida alohida, viloyat va tumanlar miqyosida alohida tizimda ish olib borilishi belgilandi.

Xususan, Majburiy ijro byurosi 20 milliard so‘mdan yuqori qarzlarni undirish bilan shug‘ullanadi. Byuroning viloyat boshqarmalari 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan qarzlar undiruvi bilan ishlaydi.

MIBning tuman va shahar bo‘limi boshliqlari hokimlar va sektor rahbarlari bilan birga og‘ir ahvolga tushib qolgan qarzdorlarning manzilli ro‘yxatlarini tuzib, ularga ko‘maklashadi. Buning uchun undiruvchi iltimosiga ko‘ra ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolati sudlardan davlat ijrochisiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsmenga davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlarining qarzlari yuzasidan ijroni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risida murojaat etish huquqi beriladi.

Yig‘ilishda qarzdorning mol-mulki yo‘qligi sababli to‘xtatilgan ijro hujjatlari bilan ishlash masalasi muhokama qilindi. Qarzdorlar to‘g‘risida yagona elektron platforma yaratib, ularni notarius, bank, soliq, davlat xizmatlari, bojxona, kadastr, ichki ishlar va boshqa idoralar bazasiga integratsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.

Shu paytgacha majburiy ijro ta’minlanishidan hududlarga manfaat yo‘q edi. Endilikda undiriladigan mablag‘larning bir qismi «temir daftar», «yoshlar daftari» va «ayollar daftari» bo‘yicha jamg‘armalarga o‘tkaziladigan tartib joriy qilinishi belgilandi.

Davlat ijrochilarining ish hajmi masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Ko‘p joylarda bitta ijrochiga to‘g‘ri kelayotgan hujjatlar soni me’yorlardan ziyod ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, mulkiy huquqlarni ro‘yxatga olish, ishga tiklash va ish haqi undirish, jarima va kommunal to‘lovlarni to‘lash kabi 8 toifadagi hujjatlarni majburlovsiz ham amalga oshirish mumkin. Hozirda MIB zimmasida bunday ijro hujjatlari 1,6 millionta, bu esa jami ishlarning 35 foizi. 400 ming so‘mgacha bo‘lgan mablag‘larni undirishga oid hujjatlar bo‘lsa 60 foizni tashkil etadi.

Shu bois, sud qarorlarini ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilish, kam miqdordagi mablag‘lar bilan axborot texnologiyalari yordamida ishlaydigan maxsus bo‘limlar tashkil etish topshiriqlari berildi. Davlat ijrochilarini ilg‘or metodikalar asosida qayta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

Musodara qilingan mulklarni sotish tizimini qayta ko‘rib chiqish, «Ye-ijro auksion»ga qo‘yilgan buyumlarni boshqa elektron savdo platformalariga ham integratsiya qilish zarurligi qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, fuqarolar shikoyatlarining qariyb 64 foizini aliment masalalari tashkil etmoqda. Bu boradagi ijro ishlari va to‘lovlarning yagona hisobi yo‘lga qo‘yilmagani ko‘plab tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, aliment oluvchilar va to‘lovchilarning to‘liq reyestrini shakllantirib, avtomatlashgan nazorat tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lumki, joriy yil 1-avgustdan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha qarzdorlikni undirish vakolati shtatlari bilan elektr va gaz ta’minoti korxonalariga o‘tkazildi. Elektr tarmoqlarining 3,5 trillion so‘m, tabiiy gaz yetkazib beruvchilarning 11 trillion so‘m debitor qarzdorligi borligi qayd etilib, ularni qisqartirish bo‘yicha qat’iy ish olib borish kerakligi aytildi.

Sud hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha Bosh prokuror rahbarligida Respublika kengashi va viloyat hokimlari boshchiligida hududiy kengashlar tuzilib, ularga viloyat prokurorlari o‘rinbosar etib biriktirilishi belgilandi.

Videoselektor yig‘ilishida joylarda qishga tayyorgarlik ishlari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring