Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prokuratura: «yopiqlik»dan ochiqlik sari — sinovlar, evrilishlar, natijalar...

Prokuratura: «yopiqlik»dan ochiqlik sari — sinovlar, evrilishlar, natijalar...

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 8-yanvar — Prokuratura organlari xodimlari kuni.

1992-yil 8-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur tarixiy hujjatga ko‘ra, sobiq Ittifoq qaramog‘idagi O‘zbekiston SSR prokuraturasi mustaqil O‘zbekiston prokuraturasiga aylantirildi.

Shundan buyon qancha qovun pishig‘i o‘tdi. Tizimda necha evrilishu qancha o‘zgarishlar bo‘lmadi, deysiz?! Ayniqsa, keyingi uch yil ichida tizim ozmuncha sinovlarga duch kelgani yo‘q. Mahkamaning yangi rahbari avvalgi salaflar haqida og‘riq bilan gapirib, ularning faoliyati tizimning fidoiy xodimlari ruhiyatiga qattiq ta’sir etganini alohida ta’kidlagani bejiz emas. Zero, har bir tizim fidoiy xodimlarning mashaqqatli mehnatlari tufayli e’tirof etiladi.  Yillar sinoviga mardona dosh berib, kasbiy va ahloqiy  fazilatlari bilan obro‘ qozongan prokuratura xodimlari oz emas. Va ular o‘z faoliyatini yorug‘ yuz bilan davom ettirmoqdalar. Buni e’tirof etmaslik insofdan emas.

So‘nggi uch yilda prokuratura organlari faoliyati bilan bog‘liq 20 ga yaqin qonun, Farmon, qaror va farmoyishning qabul qilindi. Qabul qilingan huquqiy hujjatlar natijasida taraqqiyotimizning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda.

Eng muhimi, avval tom ma’noda yopiq mahkama bo‘lgan prokuratura eshiklari lang ochildi. Tizim faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgani bor gap.

Ta’kidlash joiz, prokuratura organlari tomonidan jamiyatda qonuniylikni, qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, umuman, barcha yo‘nalishlarda salmoqli ishlar amalga oshirilib, yaxshi natijalarga erishilayotganini keng jamoatchilik ko‘rib, bilib turibdi.

Birgina 2019 yil davomida qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida 77 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan, 134 ming nafar fuqaroning huquqlari tiklangan.

20 mingdan ortiq noqonuniy hujjatlar prokurorlarning protestlari asosida qonunga muvofiqlashtirilgan, tegishli idoralarga 16 mingga yaqin taqdimnomalar kiritilgan.

Qonun talablarini buzgan 40 mingga yaqin shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortilgan, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 1.709 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Prokuror tekshirishlari va jinoyat ishlari tergovi davomida jami 2 trln. 300 mlrd. so‘mdan ortiq zararning qoplanishi ta’minlangan.

Adolat va qonuniylik posbonlarining kasb bayrami muborak bo‘lsin!

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring