Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qaysi qo‘shni davlatlar bilan chegaralar ochilgan?

Qaysi qo‘shni davlatlar bilan chegaralar ochilgan?

Foto: Xabar.uz

Bugun AOKA press-xolida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Abdulhamid Abdurahmonov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda muhim savollarga javob qaytarildi.

– Maxsus komissiya bayoniga asosan 1-oktyabr kunidan boshlab chegaradan o‘tishga ruxsat berilgan. Lekin hozirgacha chegaradan o‘ta olmayapmiz. Sababini tushuntirib bersangiz.

– Davlat chegarasi orqali o‘tkazish bir davlatning emas, balki ikki tomonning ruxsati bilan amalga oshirilishini hisobga olgan holda Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni davlatlar bilan bu borada bir qator tadbirlar o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida, shuningdek, qo‘shni davlatlar chegara qo‘shinlari bilan kelishgan holda Davlat chegarasidan fuqarolarni o‘tkazish masalasida ba’zi natijalarga erishildi.

Jumladan, joriy yilning 1-sentyabridan Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradagi o‘tkazish punktlari faoliyati tiklandi, 16-oktyabr kunidan — Afg‘oniston Islom Respublikasi, 23-oktyabr kunidan — Qozog‘iston Respublikasi bilan chegarada ma’lum bir toifadagi fuqarolarning harakatlanishiga ruxsat berildi.

Turkmaniston tomoni epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, kiritilgan cheklovlarni o‘zgarishsiz qoldirish fikrini bildirdi. Tojikiston tomoni hozirda ushbu masalani ko‘rib chiqmoqda.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining tegishli qaroriga asosan, temir yo‘l va havo transportida muntazam reyslar xorijiy davlatlar bilan kelishgan holda yo‘lga qo‘yilishiga ruxsat berilgan.

– Xorijiy davlatlardan virus tashuvchilari kirib kelishi mumkin. Bu borada qanday choralar ko‘rilmoqda?

– Xorijiy davlatlardagi epidemiologik vaziyatiga qarab, «qizil», «sariq» va «yashil» toifalariga bo‘linishini hisobga olib, fuqarolar tegishli sanitar-karantin qoidalariga rioya etgan holda kirib keladilar.

Bunda, epidemiologik vaziyat barqaror «yashil» davlatda so‘nggi 14 kun davomida bo‘lgan shaxs, agar unda kasallik belgilari aniqlanmasa, O‘zbekiston Respublikasi hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi.

«Sariq» va «qizil» toifaga kiritilgan davlatlardan kirib kelgan fuqaro tasdiqlangan shakldagi majburiyatnoma blankasini to‘ldiradi, o‘z hisobidan ekspress test tekshiruvidan o‘tadi va natijasiga qarab tibbiyot muassasalariga davolanishga yoki uyiga karantinga yuboriladi.

– Karantindan oldin O‘zbekistonga Rossiyadan o‘z yengil avtomashinamda oilam bilan kelganman, endi qanday qilib Rossiyaga ushbu avtomashinada ketsam bo‘ladi?

– «G‘isht-ko‘prik» avtoyo‘l o‘tkazish punkti orqali koronavirus infeksiyasiga chalinmaganligingizni tasdiqlovchi ma’lumotnoma taqdim etgan holda chiqib ketishingiz mumkin.

Bunda Qozog‘iston Respublikasi Maxsus komissiyasining ruxsatnomasi bo‘lishi maqsadga muvofiq, chunki Qozog‘iston tomoni uchinchi davlat fuqarolariga yoki transport vositalariga mamlakatga kirishga yoki avtomobilda tranzit o‘tishga ruxsat bermagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring