Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Qum qizigan, yoting, ko‘mib qo‘yaman» – anomal issiq qizigan qumga ko‘milishni yaxshi ko‘radiganlarni yo‘ldan qaytarolmaydi

«Qum qizigan, yoting, ko‘mib qo‘yaman» –  anomal issiq qizigan qumga ko‘milishni yaxshi ko‘radiganlarni yo‘ldan qaytarolmaydi

Foto: Xabar.uz

Issiqning zo‘ridan qo‘shni davlat xaritalari qizil rang oldi. Quyoshning tafti O‘zbekistonda ham bu yil o‘zgacha. Zarurat bo‘lmaganda uydan chiqmaslik tavsiya qilinayapti. Ammo, ayni kunlarda bossangiz oyog‘ingiz kuyadigan qumda o‘zlarini ko‘mdirayotganlar oz emas. «Bu ham zarurat, bir oygina saraton o‘tib ketadi, yillik halovat imkoni bu» deyishadi ular.  Jomboy tumanidagi Ibrohim ota ziyoratgohi hududidagi qumloqda samarqandliklar qatorida Toshkent, Sirdaryo, Jizzaxdan ataylab shifo izlab kelganlar bor.  

«Mana shu yerda avliyo otaning qabrlari bor. Makkadan kelgan zot ekanlar. Tuyalarga ortib qum olib kelib ikkita joyga to‘kib, bir  ayollarga, boshqasi erkaklarga deb aytgan ekan. Bu bir rivoyatdir. Biroq, Alloh mana shu dunyoni rahmatga to‘ldirib qo‘ygani rost».

Hovuz bo‘yidagi so‘rida o‘tirgan Bozorboy Hakimov rivoyatni shu yerda tanishgan otaxonlardan eshitganman deydi. «Anchadan buyon, 25 yilcha bo‘ldimi, har yili davolangani shu yerga kelaman. Oyog‘im og‘riydi, belim og‘riydi. Oyog‘imning tagi mixcha urgandek, bossam zirillab og‘riydi.  Burunlari yelkagacha ko‘mdirardim. 2-3 yildan beri yuragim sust ishlaydi, endi belimgacha ko‘mdiraman.  Shu bir yillik halovatimga  yetadi. Duxturga borsangiz, yana 6 oyda borishingiz kerak. Yana ukol-dori olasiz, bunga ukol-dori kerak emas. Urgut uzoq emas, lekin uzoqlardan ham kelishyapti».

Otaxon bilan gurunglashib o‘tirgan Normuhammad Eshbekov 64 yoshda. U Jizzaxning G‘allaorolidan kelgan. Dalada ishlagan, «paxtaga suv qo‘yganmiz» deydi, 600 ming so‘m pensiya oladi. «Ilgari otamiz, enamiz kelardi. Endi o‘zimizga navbat yetdi. Oyoq qaqshab og‘riydi, zax olgan-da. Tizzadan pasti og‘riydi. Bir tushganda 3 kun ketma-ket tushasiz.  Yurakka qarab 10-15 daqiqa yotasiz, keyin soyaga chiqib issiq choy ichib dam olib o‘tirasiz. Yarim soat, bir soatdan keyin yana tushamiz. Bir kunda 4 marta tushasiz, bo‘ldi. Faqat yurakni ko‘mmaydi, yurak ochiq turadi, qolgan butun tana ko‘miladi». 

Normuhammad Eshbekov

Normuhammad aka bir necha kunga qolish uchun sharoit muhayyo va arzon ekanligini ta’kidlaydi. Qanglilik uzoqda ishlayotgan yigitlar homiyligida o‘ziga xos mehmonxona qurilgan ekan. Chiroyli gilamlar, toza ozoda ko‘rpacha va yostiqlar ko‘zga tashlanadi.

Dargohni o‘rganishni boshlayman. O‘rtada masjid. Masjidning ro‘parasida hovuz, sal nariroqda Ibrohim otaning qabri. Masjidning orqa tomonida ayollar uchun qumloq, old tomonida daraxtlar bilan to‘silgan joyda erkaklar uchun qumloq.

Oqqol Ma’mirova Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidan kelgan. Ayol 67 yoshda. Uni ham ko‘pchilik aytayotgan bel, oyoq og‘riqlari bezovta qilarkan.  «Uch kun tushib ketardik har kelganimizda. Bu gal besh kun tushamiz, deyapmiz.  Vrachga borsangiz gormon-pormon qilib tashlaydi. Ikki-uch oy yaxshi yurasiz, keyin yana boshlanadi. 

Oqqol Ma’mirova.

Gulistonlik Gulchehra Iskandarova (48 yoshda) hikoyasi: «Birinchi marta kelishim. O‘tirib, keyin yursam oyog‘imni bosolmasdim-da, besh-olti qadam cho‘loqlab yurib keyin yurib ketardim. Avtobusdan tushganimda ham shunday bo‘lardi. Bozorda go‘ja tayyorlab sotaman. Issiq sovuqda u yoqdan bu yoqqa yuramiz, shamollatganman-da. Tinimsiz yurgandan keyin oyoq kiyimlarimiz terlaydi, uyga kelib almashtirguncha shamollagan, deb o‘ylayman. Tagi, tovoni og‘riydi. Qumning foydasini kelgan kunim sezmadim. Ikkinchi kuni ozroq bilindi. Mana uchinchi kuni sezyapman, o‘tirib turganimdan keyin bemalol yurib ketyapman.

–  Vrachga borganmisiz?

– Yo‘q borganim yo‘q. Ro‘zg‘or, uy deymiz-da, uch oymi bo‘lyapti og‘riganiga, opamlar qumni tavsiya qilgandi, qo‘shnilar bilan keldik. 

Gulchehra Iskandarova.

Soat 10 lardan oshar ekan, endi ayrimlar asta-sekinlik bilan futbol maydonicha keladigan qumlikka kira boshlaydilar. Odatda ayollarning qo‘llarida soyabon, termos, o‘zlarini o‘zlari ko‘madigan bo‘lsa ketmonchasi. Lekin ko‘p holatda xotin-qizlarni ko‘mish uchun maxsus ishga keladigan ayollarning ketmonlari ishga tushadi.

Qumlikning o‘zida suhbatga chorlash uchun ayollar tomon qadam qo‘yaman. Oh, oyoq kuydi! Qarasam, hamma paypoqda ekan.

Bu yerda ham suhbatdoshlar bir-birini takrorlayotgandek gapiradi. Oyoq, qo‘l, bel, buyrak...

Angrendan kelgan Shohsanam Kubayevaning ikki o‘g‘li vrach ekan. U oyog‘i og‘riganda sanatoriyga yotganida varikozlari kengayib poyafzallari oyog‘iga sig‘may qolganini eslaydi. Sanatoriyda davolovchi vrachi unga quruq vanna kerakligini aytgan. Shundan buyon har saratonda qumga ko‘milib davo toparkan. Jomboydagi qumloq boshqa hududlardagidan farq qiladi deydi u: «Vodiyga borasiz, toshli qum-da, shig‘irlaydi, badaningiz tez kuyadi. Shu yerda asta-sekin kuyasiz, ta’siriyam juda kuchli».  Shohsanam pandemiya tufayli qumga tushish imkoni bo‘lmaganida qishi bilan qiynalib chiqdim, deydi. U yana tizzalarini bo‘ka olayotganidan namozini kanda qilmayotganini ham quvonib gapirdi.  

Himmatoy aya Jizzaxning O‘smatidan kelganlar. Ular avvallari qumda bemalol yarim soatgacha yota olgani, hozir esa yuragi dosh berolmay darrov chiqqanini aytdi.

– Issiq-ku, ayajoni, – deyman ayolga

– Baribir yoqadi, dardingizni sim-sim tortib olayotganini his qilasan, – deydi Himmatoy aya. 

Qumdan chiqib tutlar soyasida, devor panasida tin olayotganlar orasida kimdir choy ichar, kimdir cho‘zilib uxlab qolar, bir davralar esa hangomayu hazil-huzuldan bo‘shamasdi. Ayollar qumlog‘ida yosh bolalar ham kam emas edi. Ular kattalarga choy olib borib berar, atrofda aylanib, o‘zlari ham yayrashar, turli qiliqlari bilan kattalar e’tiborini tortishga harakat qilishardi.

                                                            

Vaqt peshinga yaqinlashar ekan, qumloqqa kiruvchilar ko‘payaveradi. Qumning yaxshilab qizishini kutib turgan Oqqol opa va Gulchehralar davrasidagi kabilar ham Shohsanam kabi 35 darajadan boshlab badanini qumga moslashtirib, allaqachon bir ikki-marta qumga kirib chiqqanlar ham aralashib ketishadi. Qumlik soyabonlar ko‘rgazmasiga aylanadi go‘yo.

Soyaga o‘tganlarga bo‘g‘irsoq, go‘ja va choy taklif etiladi. O‘zi bilan yeguligini olib kelganlar asta dasturxonchalarini yozishadi. Shunda ham qumloqqa kirdi-chiqdi kamaymaydi.

Qumloqda 5 nafar xotin-qiz mijozlarni ko‘mish va ochish bilan band. Ular mehnatlari evaziga xizmat ko‘rsatgan ayol ko‘nglidan chiqarib bergan pul bilan kifoyalanadlar. «30-40 ming topaman» deydi qizalog‘ini aravachada uxlatib qo‘yib ishlayotgan Oygul...  

«Kasbimizning nomi yo‘q, lekin go‘rkovga o‘xshashroq» deb hazillashgan Xurshida 100 ming so‘m bilan uyga qaytishni aytadi. 

Qum ixlosmandlari soyaga o‘tiboq egnilariga qalin kiyimlarini kiyishlariga e’tibor beraman. (Keyin, aytishlaricha, qumdan chiqqan odam bir-ikki kun suvga tushishi mumkin emas.)  Erkaklar hududiga o‘tiladigan yo‘lakda uchratganim professor Sobir Rahmonov ham qishki to‘n va qalpoqda edi. Umr bo‘yi Guliston Davlat universitetida ishlab pensiyaga chiqqan olim hozirda 75 yoshda. Qizig‘i, u hech qayeri og‘rimasligini ta’kidlaydi.   

«Qum immunitetni ko‘taradi, shamollash nimaligini bilmaysiz, deb maslahat berishgan. Hech qayerim og‘rimaydi, lekin kelaman. Har yili uch kun shu yerda qumga tushaman. Birinchi kun, qum qizitib teridagi teshikchalarni ochar ekan, ikkinchi kun, o‘sha teshikchalardan badandagi tuz, nima ortiqcha bo‘lsa chiqib ketarkan. Uchinchi kuni bu qumning tarkibida bir qancha mikroelementlar bor ekan, avtomatik tarzda o‘zi tortib olar ekan», deb tushuntiradi u o‘z tashrifini.

Keyin yoshroq bir yigitga erkaklar hududidan suratlar olishi uchun telefonimni berib yubordim. 

Shoira O‘rolova asli kasbi shifokor ekanligini aytadi. Lekin anchadan buyon rasman ishlamaydi, mana shu dargohga bog‘lanib qolgan. U ayollarga maslahat berish bilan birga o‘zi ham ketmonni olib ularni ko‘mib qo‘yadi. Qon bosimini tushiradigan, bosh og‘rig‘iga qarshi va hokazo dorilarni olib kelib qo‘ygan. «Lekin dori hech qachon kerak bo‘lmagan. Yoshi ulug‘ onaxonalarni,  surunkali kasalligi bo‘lgan ayollarni qumdan 10-15 daqiqada chiqaraman» deydi Shoira. Uning aytishicha, qumning tarkibini tekshirtirgan. «Kalsiy va boshqa mikroelementlar aniqlandi. Birinchi navbatda, revmotik poliartirtlarga, artirtlarga, endomitridlarga, bachadonida eroziyasi bo‘lganlarga, (lekin miomasi borlarga emas), nevritlarga, ginekologik jihatdan shamollashi bo‘lganlarga tavsiya qilinadi. Shuningdek, suyaklarda sinish va chiqishlar davolanib bo‘lgandan so‘nggi tiklanishda foydasi katta», deydi Shoira. 

Keyin qumlikdagi bir-ikki yoshroq juvonlarga e’tiborni qaratadi. «Shu qum issig‘i tufayli shamollashi davolanib, bolali bo‘lib ketganlar ham bor!»

Saot 15 dan o‘tar ekan, hamon qo‘lida sumkasi balan qumloq tomon kelayotganlarni uchratish mumkin bo‘ldi.  Uzoqdan Shoiraning «yerimiz bugun yumshoq, maza qilasizlar, kecha oqshom haydaldi, kerosin qimmat bo‘lgan,  traktorchiga 120 ming berishimiz kerak, Ko‘ngildan chiqarib ikki mingmi, uch mingmi tashlab ketinglar» degan gapi eshitiladi. Darvoza oldidagi mashinalar esa hamon tizilishib turardi... 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring