Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rasm bo‘lmaganda, muammo chiqmasmidi? Farg‘ona hokimligi non ko‘targan qizcha rasmiga izoh berdi

Rasm bo‘lmaganda, muammo chiqmasmidi? Farg‘ona hokimligi non ko‘targan qizcha rasmiga izoh berdi

Foto: Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmati

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga yupun kiyimda non-tuz ko‘tarib chiqqan qizchaning rasmi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Hokimlik axborot xizmati ushbu holat bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqish qildi. Unda avvalo Cho‘ng‘ara qishlog‘idagi ko‘plab xayriya ishlari keltirib o‘tiladi. So‘ngra non ko‘targan qizchaga to‘xtalingan.

Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, qizcha «atigi bir, nari borsa ikki daqiqaga» sovuqqa chiqqan.

«Hokim katta zali bo‘lgan binoga kiraverishdagi uning ayvonchasiga yetganida to‘satdan zal ichidan suratdagi qiz non ko‘tarib chiqib keldi. Hokim uning ra’yini qaytarmay, nondan totindi va qizni yetaklab zalga kirdi. Shu zahoti cho‘ng‘aralik tashkilotchilarga boshqa bunday qilmaslikni tayinladi. Qizcha zaldan atigi bir, nari borsa ikki daqiqaga ayvonchaga chiqdi xolos», — deyiladi bayonotda.

Bayonot muallifi izg‘irin sovuqda «atigi bir, nari borsa ikki daqiqa» yupun kiyimda turish inson sog‘ligiga qanday ta’sir o‘tkazishi haqida hech narsa demagan. Buning o‘rniga Cho‘ng‘arada amalga oshirilgan ishlar sabab hokimga hurmat ko‘rsatilganini bildirgan.

«Shunday bo‘lsada bunday «ehtirom» shaklini quvvatlamaymiz», — deyiladi bayonotda.

Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmatini bir narsa tashvishga soladi. «Bu qishloqqa avvalo Prezidentimiz, viloyat hokimligi shuncha e’tibor qaratyapti. Xalq bundan minnatdor. Ammo bir surat tanqidchilari aslida nega davlat vakili bo‘lgan hokimni cho‘ng‘araliklar non bilan kutib olganlari sababiga to‘xtalmadilar. Aslida bu qishloq ahlining ularga, davlat ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rlikka minnatdorchiligi ramzi edi xolos», — deydi bayonot muallifi.

Qolaversa hokim hech kimga bunday kutib olish haqida topshiriq bermagani ham axborot xizmati tomonidan alohida ta’kidlangan. Boz ustiga muallif nega har narsadan faqat illat izlashga ko‘nikib qolinayotganini ham savol o‘laroq o‘rtaga tashlaydi.

E’tiborli tomoni, axborot xizmati rahbari voqelik matni bilan ovora bo‘lib, unga ilova qilingan suratlarga e’tibor qaratmaganidan kuyinadi va buni o‘zining «professional kamchiligi» ekanini aytadi. Aftidan qizchaning sovuqda qolganidan ham ko‘ra o‘sha holat tasvirlangan foto internetga chiqib ketgani ko‘proq muammo sifatida ko‘rilmoqda. Rasm bo‘lmaganda, muammo ham bo‘lmasdi. Qizchalar non ko‘tarib sovuqqa chiqaverardi.

Afsuski, bayonotda sovuqda qolgan qizchaning ayni vaqtdagi sog‘ligi haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. Buning o‘rniga Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati barchaga hayotdan hikmat izlashni tilab qolgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring