Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda yo‘l to‘sgan ayollar sud qilindi

Samarqandda yo‘l to‘sgan ayollar sud qilindi

Foto: IIB

2021 yil 26 sentyabr kuni soat 12:10 larda, Samarqand tumani Yangiariq-1 mahallasi Chungul ko‘chasida yashovchi 13 nafar fuqaro mahalla xonadonlarida tabiiy gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, M37 Samarqand–Buxoro–Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘lining «Samarqand avtomobil halqa yo‘li» qismi 8-kilometrida yo‘lni to‘sib qo‘ygan va unda transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mazkur fuqarolar Samarqand tumani hokimiyati binosiga olib kelinib, tuman hokimi, viloyat va tuman IIB rahbariyati hamda mutasaddi tashkilot xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilgan.

So‘ng holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudining 27-sentyabr kunidagi qarori bilan yo‘l to‘sishda qatnashgan 13 nafar shaxs MJTKning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 201-moddasida (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, huquqbuzarlikning ikki nafar tashkilotchisiga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi, qolgan 11 nafar huquqbuzarga jarima jazosi tayinlangan.

Surishtiruvda aniqlanishicha, Yangiariq-1 mahallasi 2015 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tabiiy gaz tarmog‘idan uzilib, suyultirilgan gaz ballonlari yoqishga o‘tkazilgan. Ushbu mahallaga oxirgi marta Samarqand tumani gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan joriy yil 29 iyul kuni (!) suyultirilgan gaz ballonlari tarqatilgan (mahallani qariyb ikki oy gazsiz qoldirgan mutasaddilarga qanday chora ko‘rilgani noma’lum).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring