Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sargardon fermer: Qo‘lida qaror bor, shartnoma ham, lekin yer yo‘q?!

Sargardon fermer: Qo‘lida qaror bor, shartnoma ham, lekin yer yo‘q?!

Fotokollaj: «Xabar.uz»

«Xabar.uz»dan: kuni kecha tahririyatimizga Navoiyning Xatirchisidan bir odam tashrif buyurdi: Abdurahmon Murtazoyev. Uning horg‘in chehrasi, umid alomatlari tark etayozgan nigohi-yu egik qaddiga qarab, adolat qidira-qidira topgani qo‘lidagi bir dasta qog‘oz ekanini ilg‘ash qiyin emasdi.

Gaplashdik. Sakkiz yilki bir muammoga yechim topolmay halak bo‘layotganini kuyib-pishib bayon qildi. Bormagan joyi, kirmagan mansabdor qolmabdi o‘ziyam! Tuman prokuroridan tortib, viloyat hokimigacha, sayyor qabul paytida hatto Bosh prokurorga dardini to‘kib solibdi. Katta mansabdorlar o‘sha paytning o‘zidayoq uning muammosini zudlikda hal etishni tegishli mutasaddilarga topshirgan bo‘lsa-da, masala «bajaramiz, xo‘p» degan gapdan nariga o‘tmabdi. Yo‘q, muammo unchalar katta emas, nari borsa, tuman hokimi darajadasida hal etiladigan masala. Boz ustiga qo‘lida sud qarori ham bor. Shunga qaramay, turli «o‘yinlar»-u yuqoriga yolg‘on hisobotlar berish orqali vaziyat xastpo‘shtlanyapti ekan.

Gap orasida Abdurahmon Murtazoyev o‘zi duch kelgan nohaqlik xususida vaqtida respublika miqyosidagi gazetada maqola chiqqani, ommaviy axborot vositasida urilgan bong ham muammo yechimga, to‘g‘rirog‘i, tuman hokimiga ta’sir qilmaganini afsus bilan qayd etdi.

O‘sha maqolani topib, o‘qidik. Binoiydek yozilgan. Shikoyatchining muammosini qayta yozish nima-yu hamkasbimizning shu mavzuda besh oy avval chop etilgan maqolasini qayta bosdik nima? Bu — ikki o‘n besh – bir o‘ttizdek gap.  Zero, shikoyatchi o‘sha, muammo o‘sha, manzil o‘sha...

Shunisi ma’qul.

***

Xatirchi tumani «Kariz arab» mahallasida yashovchi Abdurahmon Murtazoyev 1999-yili 10-gektar yerda paxta va g‘alla yo‘nalishidagi «Muhriddin» fermer xo‘jaligini tashkil etdi. O‘zi qishloqda o‘sgan emasmi, o‘n yildan ortiq davr mobaynida shartnomaviy rejaga asosan g‘alla, paxta yetishtirdi. Yerning meliorativ holati yaxshi emasligi, qolaversa, o‘zi va oilasida chorva mollari boqish istagi kuchliligini inobatga olib, fermer xo‘jaligini chorva va parranda boqishga yo‘naltirishga harakat qilib, tuman hokimligiga bir necha bor murojaat etdi.

Uning murojaatlari inobatga olinib, 2009-yil 16-noyabrda tuman hokimining qarori bilan chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligiga aylantirildi. U foydalanib kelayotgan yer maydonidan chorva ozuqasi ekinlari ekish va yaylov sifatida foydalanish belgilandi. Endi chorvachilik bilan shug‘ullanaman, aholi dasturxonini go‘sht-sut mahsulotlari bilan to‘kin etishga hissa qo‘shaman, shu bilan birga, oilaviy sharoitlarimni ham yaxshilab olaman deya qilgan orzulari uzoqqa cho‘zilmadi.

E yo‘q, be yo‘q, oradan bir yil o‘tib, ya’ni 2010-yil 8-noyabrda tuman hokimi qarori bilan u rahbarlik qilayotgan «Muhriddin» fermer xo‘jaligi bilan yer uchastkasini uzoq muddatga ijaraga berish shartnomasi bekor qilindi. Tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan yer maydoni zudlikda – oradan 6 kun o‘tib, 2014-yil 14-noyabrda (yakshanba kuni?!) tuman hokimi qaroriga asosan «Mustaqillik» fermer xo‘jaligiga qo‘shib berildi. Abdurahmon Murtazoyev nima gapligini so‘rab tegishli tashkilotlarga murojaat qildi. U yerdagilar esa optimillashtirish tufayli shunday bo‘ldi degan mantiqsiz javobni berishdi. Optimillashtirish esa g‘allachilik, paxtachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga tatbiq etilganini, unga tegishli yer maydonida chorva ozuqasi ekinlari ekilishini aytsa, ko‘rganlar ko‘rmaganga, eshitganlar eshitmaganga olishdi. Ana shundan beri Abdurahmon Murtazoyev tuman hokimi tomonidan chiqarilgan ushbu qarorning asossizligini isbotlash uchun idorama-idora sarson-sargardon. Hokimlik va boshqa mutasaddilar uni qoniqtiradigan javob berolmaganidan keyin sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.

Navoiy viloyat xo‘jalik sudining sudyasi U. Eshqobilov raisligida 2014-yil 26-sentyabrda bo‘lib o‘tgan sud majlisida «Muhriddin» fermer xo‘jaligi rahbarining yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechish to‘g‘risida arizasi olinmagani tufayli tuman hokimining 2010-yil 8-noyabrdagi Q-1080-sonli qarori haqiqiy emas deb topildi. Tabiiyki, ushbu qaror qonuniy kuchga kirgandan keyin yer egasiga qaytarilishi kerak. Lekin tuman hokimining 2010-yil 14-noyabrdagi Q-1336-sonli qarori bilan ana shu konturdagi yer «Mustaqillik» fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan. Ushbu qaror hali ham kuchida. Shundanmi yoki boshqa sababmi, sud qarori haligacha bajarilmasdan kelinmoqda. Abdurahmon Murtazoyev esa bundan norozi bo‘lib, murojaat qilishdan to‘xtagani yo‘q.

– 2017-yil sentyabr oyida respublika Bosh prokurorining sayyor qabulida bo‘lib, ushbu masalani qonuniy hal etilishiga yordam berishini so‘radim, – deydi Abdurahmon Murtazoyev. – Shundan so‘ng prokuratura organlari aralashuvi tufayli 2018-yil 12-yanvarda uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasi tuzildi, 2018-yil 25-yanvarda esa yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma ham berildi. Biroq haligacha yerdan darak yo‘q...

– «Muhriddin» fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoni tuman hokimning tegishli qaroriga asosan bizga qo‘shib berilgan, – deydi «Mustaqillik» fermer xo‘jaligi rahbari Nizomiddin Sobirov. – Shundan beri bu yerda g‘alla, paxta yetishtiramiz. Qolaversa, 2019-yil g‘alla hosili uchun shu yerdagi 3,5 gektar maydonga shartnoma ham tuzdik. Tez kunlarda g‘alla urug‘ini yerga qadaymiz. Ushbu yerni hokimlik zaxirasiga qaytarganimiz yo‘q...

Ana, xolos. Tuman hokimligi hali «Mustaqillik» fermer xo‘jaligi balansidagi yerni boshqa birovga berish to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Vaholanki, hokimlik, tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi mas’ullari sud qarorining ijro qilish, qolaversa, tegishli tashkilotlardan kelgan xatlarga javob berish maqsadida «Muhriddin» fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzishdan oldin yer kimga tegishli ekanligi bilan qiziqishi kerak emasmidi? Mantiqan olib qaraganda, bitta yerga tuman hokimligi 2 ta fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzyapti. Biri chorva ozuqasi ekinlari ekish uchun bo‘lsa, ikkinchisi g‘alla? Qonun va qaror amaldagi ijrosi bilan kuchli.

Sal avval ta’kidlanganidek, 2018-yil 12-yanvarda hokim va «Muhriddin» fermer xo‘jaligi rahbari o‘rtasida yo‘q yerga tuzilgan shartnomaning 1.1 bandida 2018-yil 8-noyabrdan boshlab 5 yil muddatga 10 gektar yer maydoni fermer xo‘jaligiga ajratish belgilangan. Hujjatlashtirish ishlari shunday chigallashtirilgandan keyin shartnomaning bu bandi bajarilishiga esa hech kim kafolat bera olmaydi. Yana o‘sha eski hammom, eski tos. Yoz-yoz, yugur-yugur...

Sud qarori bajarilmayotganidan bir tomon norozi bo‘lsa, ikkinchi tomon kelgan tekshiruvchilarga tushuntirish berish bilan ovora. Ko‘rib turganingizdek, 8 yildan beri davom etib kelayotgan ushbu nizoli holat qonuniy yechim topishidan har ikki fermer birdek manfaatdor. Ushbu muammo qachon va qanday hal etiladi, bu mutasaddilar e’tiboriga havola!

Baxtiyor Toshnazarov, «XXI asr» gazetasi muxbiri
(maqola mazkur gazetaning 2018-yil, 40-sonida bosilgan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring