Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saunadagi intim xizmatlar: Yunusoboddagi voqea tafsilotlari ochiqlandi

Saunadagi intim xizmatlar: Yunusoboddagi voqea tafsilotlari ochiqlandi

Toshkentda bir fuqaroning joniga qasd qilish bilan qo‘rqitib, janjal ko‘targan va «Chevrolet Equinox» rusumli avtomobilga zarar yetkazgan zo‘ravonlar sud qilingan edi.

2021 yilning 31 oktyabr kuni taxminan soat 22.00 larda Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasida bir nechta fuqaro ishtirokida janjal yuz bergan, janjalning videotasviri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Toshkent shahar sudlari ularga berilgan jazolar va voqealar haqida batafsil ma’lumot bergan.

Sud 27 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida bo‘lib o‘tgan. Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi raisi M.Mirzajonov raisligida ko‘rib chiqilgan.

Aniqlanishicha, J. A., M. X., S. M., S. X. va dastlabki tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan shaxslar o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, 2021 yil 31 oktyabr kuni soat 22:00 larda, inson hayoti va salomatligiga jiddiy ziyon yetkazuvchi o‘tkir tig‘li xanjar (pichoq) va boshqa buyumlar bilan qurollanib, Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Bog‘ishamol ko‘chasida joylashgan «SamPI» savdo majmuasi oldida J. I., A. T., A. K., S. A. va D. M. ni o‘ldirish va zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish maqsadida ularga hujum qilib, o‘ldirish va jiddiy tan jarohati yetkazilishini namoyon etuvchi faol harakatlarni amalga oshirganlarida, bundan xavfsiragan J. I., A. T., A. K., S. A. va D. M. hodisa joyidan qochib yashiringan.

B. T. Toshkent viloyati, Yuqorchirchiq tumani, Iyk ota MFY, Baxt ko‘chasi, 41-uyda joylashgan «Shodlik» nomli ko‘ngilochar maskanning hammom-saunasida ma’mur bo‘lib ishlab, 2021 yil noyabr oyining boshlarida S. M. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, mazkur ko‘ngilochar maskani ish yurituvchisi D. Sh.ning ko‘rsatma va talablariga zid ravishda, faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirib, o‘zlarini ko‘ngilochar maskani hammom-saunasi egasidek tutib, ushbu hammom-saunada fohishaxona tashkil qilib, u yerga kelgan mijoz va xizmat ko‘rsatuvchi fohishalik bilan shug‘ullanuvchi ayollar o‘rtasida ular tomonidan qo‘yilgan talablarga rioya etilishini ta’minlab, D. Sh.ning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazganlar.

Bundan tashqari, S. M. bilan B. T. o‘zlarining jinoiy harakatlarini davom ettirib, saunada fohishaxona tashkil etib, tashrif buyurgan mijozlar tomonidan tartibga rioya etilishini ta’minlab, 2021 yil noyabr oyining boshlaridan 2021 yil 1 dekabr kuniga qadar mijozlarga R. A., N. S., U. Ya., R. A., A. V. va boshqa ayollarning shahvoniy xizmatlarini taklif qilish yo‘li bilan pul evaziga ularga jinsiy aloqa uchun sharoit yaratib berib, ko‘rsatilgan intim xizmatlar uchun har bir mijozdan olingan 200 000 so‘m miqdoridagi pullardan 50 000 so‘mini ulush sifatida qo‘lga kiritib kelganlar.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, J.A. Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan J.A.ni 2021 yil 6 noyabrdan 2022 yil 27 iyunga qadar qamoqda saqlanganini e’tiborga olib, tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini to‘liq o‘tagan deb hisoblanishi belgilanib, unga nisbatan qo‘llanilgan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilingan va u sud zalida ozod qilingan. Hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar J.A. ga nisbatan «munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

M.X. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi (ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar) 5-qismi 2-bandiga asosan aybliligi to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib harakatdan tugatilgan. M.X. Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 60 (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2020 yil 5 iyundagi hukmiga ko‘ra tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan M.X. ga uzil-kesil o‘tash uchun 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan M. X. Ni 2021 yil 6 noyabrdan 2022 yil 27 iyunga qadar 7 oy 21 kun qamoqda saqlanganini e’tiborga olib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan chegirib tashlangan hamda uzil-kesil 10 oy 9 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan. M.X. ga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalida ozod qilingan. Hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar M. X.dan tilxat olingan.

S.M. Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi, 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 3-qismi va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

B.T. Jinoyat kodeksining 131-moddasi 3-qismi va 229-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan. B.T. ga nisbatan qo‘llanilgan garov qamoqqa o‘zgartirilib, sud zalida qamoqqa olingan.

S. X. Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 60 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2021 yil 25 yanvardagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan S.X. ga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni 11 150 000 so‘m jarima va 2 yil 7 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Tayinlangan jarima S.X. tomonidan 2021 yil 2 fevral kuni to‘liq to‘langani inobatga olingan. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan S.X. ni 2022 yil 4 apreldan 2022 yil 8 aprelga qadar 4 kun qamoqda saqlangani e’tiborga olinib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan chegirib tashlangan hamda uzil-kesil 2 yil 6 oy 26 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring