Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu kunning o‘zida Qurolli Kuchlar Akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Xavfsizlik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, videokonferensaloqa orqali esa hududlar rahbarlari, harbiy okrug va harbiy qismlar qo‘mondonligi, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.

Yig‘ilishda Qurolli Kuchlarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar sarhisob qilinib, vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlarining milliy armiyamizni rivojlantirish va isloh qilish borasidagi faoliyatiga tanqidiy baho berildi. 

Prezidentimiz 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida mamlakat hayotining boshqa sohalari bilan bir qatorda harbiy qurilish yo‘nalishida keng miqyosli modernizatsiya ishlari amalga oshirilgani, bu bilan qisqa davrda aniq natijalarga hamda Qurollik Kuchlarimiz qiyofasi bo‘yicha strategik yondashuvni shakllantirishga erishilganini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hozirgi axborot makonidagi qarama-qarshilik, odamlar, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash kuchaygan sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida qayd etildi.

Aholini, avvalo, yoshlarni shunday ruhda tarbiyalash tizimini takomillashtirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

– Armiya moddiy jihatdan eng zamonaviy va zarur vositalar bilan ta’minlangan bo‘lishi mumkin, lekin ahloqiy jihatdan zaifligi, jangovar ruhi, Vatanga sodiqlik va muhabbat, uning taqdiri uchun mas’uliyat hissi yo‘qligi yoki loqaydlik tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin, – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Bundan tashqari, Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirishning boshqa muhim yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash sohasida kelgusi ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring