Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi holatni tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi holatni tanqid qildi

Arxiv foto

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev atrof muhitni muhofaza qilishga qaratilan videoselektor davomida Toshkent shahri, viloyatlar markazlari va yirik shaharlarda daraxtlar pala-partish ekilayotganini tanqid qildi. Oqibatda ekilgan ko‘chatlar qurib borayapti. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri ma’lum qildi.

— Toshkent shahri tumanlari, viloyat markazlari va yirik shaharlarda daraxtlar va ekinlar mahalliy iqlimni inobatga olmasdan, pala-partish ekilayotgani bois, kundan-kunga qurib borayapti.

Tuman hokimlari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan, shahar ko‘chalari chiqindiga to‘lib ketgani bilan hech kimning ishi yo‘q.

Qani tuman hokimi, qani sektor rahbari? — deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Prezident hokimlardan bir oy muddatda Qashqadaryo va Samarqand tajribalarini barcha hududlarda joriy etishni talab qildi. Buning uchun nima qilish kerakligini ham ko‘rsatib o‘tdi.

— Har bir mahallaga daraxtlarni parvarishlash uchun, Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 1 nafardan ishchi biriktiriladi. Viloyat hokimlari ushbu tizimni amaliyotga joriy qilishga mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlariga ajratilayotgan 10 mingta shtat doirasida har bir tuman (shahar) hududidan kelib chiqib, 5 ta ishchidan iborat daraxtlar saqlash bo‘yicha guruhlar tashkil etiladi.

Ushbu guruhlar hududlardagi daraxtlarning xatlovi, parvarish qilinishi va saqlanishi bilan shug‘ullanadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilish davomida viloyat hokimlariga Sh.Nazarov (Avtoyo‘l) bilan birgalikda 1,3 ming kilometr magistral yo‘llar bo‘ylariga, hududlarning iqlimidan kelib chiqib, sentyabr-dekabr oylarida 480 ming dona ko‘chat ekish topshirig‘i berildi. Shuningdek, kelgusi yil bahor oylarida 330 ming dona chinor, eman, jiyda, terak va boshqa daraxt ko‘chatlari ekishni ta’minlash talab qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring