Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilish o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-sentyabr kuni o‘simliklar karantini sohasidagi islohotlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar va eksport siyosatining asosiy maqsadi — mamlakatimiz mahsulotlarini jahon bozori talablariga moslashtirish. Shuning uchun, o‘simliklarni himoya qilish yo‘nalishini isloh qilib, O‘simliklar karantini inspeksiyasi tashkil etildi. Xalqaro standartlarni joriy etib, eksportga ko‘maklashish, xorijiy davlatlar bilan bitimlar tuzish, o‘simliklar klinikasi va biolaboratoriyalar tashkil qilish, shuningdek, sohaga ilm-fan yutuqlarini olib kirib, malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi dastlabki qadamlar natijasida 19 davlatga 78 xil mahsulotni eksport qilish uchun ruxsatnomalar olindi.

Sertifikatsiya uchun o‘nlab qog‘oz hujjatlar o‘rniga yagona elektron tizim joriy etilib, eksportchilarning arizalarini ko‘rib chiqish muddati 10 kundan 1 kunga tushirildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot bilan tanishib, navbatdagi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Yangi eksport bozorlari topib, mahsulotlarni hozirgi narxidan 3-4 baravar qimmatroq sotish imkoniyati borligi aytildi. Tovarlarni xalqaro fitosanitariya talabi asosida tayyorlash uchun mahsulot yetishtiruvchi, qadoqlovchi va eksport qiluvchi har bir korxonaga karantin inspektorlarini biriktirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Litva, Latviya, Ukraina, Ozarbayjon, Misr, Qatar, Mongoliya, Afg‘oniston va boshqa davlatlar bilan muzokara o‘tkazib, gilos, anor, uzum, qovun kabi meva-sabzavotlar eksporti uchun tadbirkorlarga yo‘l ochib berish vazifasi belgilandi.

«Daladan eksportgacha» tamoyili bo‘yicha to‘liq ishlashni ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Ma’lumki, kelgusi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Buning uchun sohaning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro sertifikatsiya tizimini tatbiq etish kerak. Shu bois davlatimiz rahbari bu bo‘yicha yirik ilmiy markaz tashkil etish taklifini ilgari surdi. Fan bilan amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, eksportchi korxonalar mutaxassislariga xalqaro fitosanitar talablarni tushuntirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida ham xalqaro fitosanitariya talablari o‘qitiladi.

Bugun sohada xususiy sektor ishtirokida o‘simliklar 205 ta klinikasi, 690 ta biolaboratoriya mavjud.

Sifat va raqobatni ta’minlash maqsadida bunday xususiy klinika va biolaboratoriyalarni ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi.

O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga 1-dekabrga qadar o‘z ma’lumotlar bazasini bojxona organlarining «Yagona darcha» elektron tizimiga to‘liq integratsiya qilish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring