Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Snos» epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlandi, OAV esa noxolis — Deputat

«Snos» epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlandi, OAV esa noxolis — Deputat

Foto: Google.com

Oxirgi vaqtlarda bo‘layotgan ishlarni ko‘rib, odamlarni norozi qilgan «snos» epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlanganligiga guvoh bo‘lyapman.

Afsuski bu safar yillab fuqarolarning peshona teri bilan pul topib, qurgan uylarini buzdirish «aksiyasi»da faqat hokimlar emas, ular bilan birga aslida va idealda fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga mas’ul va vakolatli idoralar vakillari ham turib, fuqarolarga qarshi zo‘ravonlik olib borayotgani odamni juda hafa qiladi. Himoya qiladiganlarning o‘zidan himoya kerak bo‘lsa, dodingni kimga aytasan.

Ayniqsa, Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridan kelayotgan murojaatlar o‘tgan yilgi xunuk va Prezidentni xafa qilgan voqealarning qayta boshlanishiga sabab bo‘ladi, degan xavotir paydo qilmoqda. Rasmiy davlat OAV, xususan «O‘zbekiston 24» kanali esa masalaning tubiga yetmay, vaziyatni xolis o‘rganmay turib, bir tomonlama fuqarolarni aybdor qilib ko‘rsatmoqda. Go‘yoki prokuratura va hokimliklar haq-u, fuqarolar nohaq deganday. Umid qilamanki bu buyurtma emas. Tag‘in kim biladi...

Aslida bunday uylarning qurilishiga o‘z vaqtida mas’ullar ruxsat bermasa davlat yeridan o‘zboshimcha uy-joy qurib olishga kimning jur’ati yetadi? Bizning fuqarolar qonunlardan qo‘rqadi, davlat bilan o‘ynashmaydi.

Ko‘rinib turganidek, bu yana mas’ullarning navbatdagi «ochko» olish bahsi, kimlardir orden va medal olgisi kelgani aniq. Bu ular uchun ham, noxolis OAV uchun ham uyat.

Ayrim zo‘ravon mas’ullarning o‘quvsiz, bilimsiz va qonunlardan bexabarligini inobatga olib, ularga Oliy Majlis qabul qilgan va Prezident qo‘l qo‘yib amalda bo‘lgan «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunni o‘qishlarini tavsiya qilgan bo‘lar edim. Zora hech bo‘lmasa shu qonunni hurmat qilib, fuqarolar bilan munosabat qilishga o‘tilsa.

So‘nggida zo‘ravon mas’ullarga odamlarni qiynab medal olgisi kelmasdan agar adolatli bo‘lishsa xalq medaldan ham ortig‘ini berishi, bu oliy ne’mat ishonch va hurmat ekanligini eslatmoqchiman. O‘ylab ko‘ring vakolatli «zo‘ravonlar»!

Gap egasini topadi...

Rasul Kusherbayev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring