Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sukunatsiz Andijon

Sukunatsiz Andijon

Foto: Feysbuk

Ba’zan o‘ylanib qolaman, eng go‘zal joy, tengi yo‘q shahar qayerda? Shoshib, borgan shaharlarimni eslayman, Samarqandmi, Buxoroi sharifmi yoki Xivadir!? Ha, tengi yo‘q shaharlar, asrlarning durdona shahri.

Lekin...

Har safar shahrimdan chetga chiqar ekanman, uzoqlashganim sari bir narsadan ko‘nglim to‘lmaydi. Nimadir esdan chiqqanmi deyman, yo‘q hammasi joyida. Safarning ilk kunlari risoladagidek o‘tadi. Ammo 3 kundan so‘ng tezroq dovon uzra Andijonga yetib olishni istayman.

Men bu shaharda tug‘ilganman, o‘sganman va o‘syapman. Qaysidir manzarasi yoki tabiati takrorlanmasdir, lekin bozorlari hech qayerda yo‘q. Bolaligim, bozorchiligim o‘tgan Buloqboshi bozorlari, kiyim-kechak uchun borgan yangi bozor, kitoblar uchun borgan kitob bozori — bularning barida o‘zgacha fayz bor.

Har safar bozorga borar ekanman yangi tanishlar, yangi chehralar, yangicha narsalar olaman, muomala o‘rganaman.

Bolaligim o‘tgan bozorlarda kim o‘zarga mahsulotini «reklama» qilayotgan xolalar, issiqda gazetadan «shapka» kiygan bozorchi akalar, o‘zim tenggi non sotib o‘tirgan bolalar, yakshanba bozoriga bir kun oldin narsalarini olib-kelib, «poyloqchilik» qiladigan yigitlar, kechagi salatning ustiga yangisini solib, «svejiy» deb sotgan opalar, faqatgina ko‘kat sotgan puli bilan kun ko‘radigan otalarni, onalarni ko‘rganman.

Yakshanba kungidaqa shiddatli, shovqinli bozorni ko‘rmaganman. Shahardagi makro, redtag, korzinka men uchun bozor emas. O‘z nomi bilan super-market. Bozorning tafti, isi, mehri, odamlari boshqacha. Qo‘lingga kirgan narsani o‘zing aytgan narxga tushirmaguningcha savdolashaverasan. Bo‘lsa bo‘ldi, bo‘lmasa navbatdagi rastaga o‘tib ketaverasan.

Bozor...
Son-sanoqsiz rastalar, juda ko‘p savdogarlaru, shuncha xaridorlarga liq to‘la bozor.

Aldoqchi bozor...
Bir hafta oldin uzilib, kecha olib kelib, tushlikda kelgan savdogarga endigina olib keldim deb, so‘ligan qovun-tarvuzni qo‘ltiqlatib qo‘ygan aldoqchi bozor.

Boy bozor
Faqat katta farzandingga ust-bosh qilgani yetgulik puling boru, kichigingni issiqda ham kalach kiyib yurganini eslaganingda, tapichkasi uchun ham pulingni yetkizdirib qo‘yadigan boy bozor.

Sovchi bozor
Ba’zan eski savdogar tanishingni uchratib qolib, o‘g‘lingga kelin istayotganingni eshitiboq, yosh savdogar qizlarning manzilini berguvchi sovchi bozor.

To‘y bozor
Faqat sunnat, beshik, nikoh to‘y uchun boradigan to‘y bozor. Bu paytda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q bo‘ladi. Istaganki narsangga qo‘shimcha ham olasan.

Bozor, bozor, bozor...

Ko‘rganlarim, kechirganlarim, yo‘qotganlarim, topganlarim, bilganlarim va bilmaganlarimni o‘rgatgan bozor.

Avazbek Fayz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring