Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Suv sohasida savodxonlik: UzWaterAware loyihasi natijalari

Suv sohasida savodxonlik: UzWaterAware loyihasi natijalari

Butun dunyoga daxldor olamshumul muammolar haqida so‘z ketganda, beixtiyor suv masalasi tilga olinadi. Odamzod, hayvonot, nabotot olamini usiz tasavvur qilish qiyin. Chunki hayot manbai va tirikchilik tarzi suv bilan bog‘liqligi ayon. Shunday ekan, bu boradagi muammolarni hal etish butun dunyo ahlining diqqat-e’tiborida bo‘lishi tabiiy.

Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi tomonidan Yevropa Ittifoqi ko‘magi ostida amalga oshirilgan UzWaterAware loyihasi — «O‘zbekistonda suv va ekologiyani barqaror rivojlantirish bo‘yicha xabardorlikni oshirish va hamkorlik» deb nomlanadi.

Poytaxtimizdagi Hilton mehmonxonasida 2020-yilning 28 va 30-oktyabr kunlari loyihaning yakuniy va hisobot dasturlari bo‘lib o‘tmoqda. Asosiy maqsad UzWaterAware loyihasi suv bo‘yicha savodxonlikni oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijalarini sarhisob qilishdir.

Aholi keng qatlamlarining iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishning ahamiyati haqida xabardorlik va bilim darajasini oshirish, shuningdek, vazirliklar va ularning matbuot xizmatlari, NNT, yoshlar tashkilotlari hamda OAV bilan hamkorlikni va o‘zaro aloqalarni mustahkamlash kabilar loyihaning asosiy maqsadlari tarkibiga kiradi.

Loyihaning natijalarini sarhisob qilish va erishilgan yutuqlarni muhokama qilish uchun xalqaro va davlat tashkilotlari vakillari, shuningdek, bevosita faol hamkorlar va loyiha ishtirokchilari – nodavlat tashkilotlar vakillari, ekspertlar, jurnalistlar ishtirok etishmoqda.

Qayd etilishicha, UzWaterAware loyihasi keng qamrovda va bepul tarqatish uchun maxsus qo‘llanmalar tayyorlagan:

suv haqidagi 5 ta animatsion rolik, suv-ekologiya darsini o‘tkazish uchun tayyor qo‘llanma formatida yaratilgan (rus, o‘zbek va ingliz tillarida). Ularni YouTube dagi UzWaterAware Project kanali hamda mazkur roliklarni e’lon qilgan Internet-OAV va hamkorlarning saytlaridan yuklab olish yoki ko‘rish mumkin;

1 ta ta’lim onlayn-platformasi: www.uzwateraware.uz, unda «Barqaror rivojlanish maqsadida suvdan oqilona foydalanish masalalarini yoritish» mavzusidagi bilim beruvchi onlayn kurs joylashtirilgan (ZJRM bilan hamkorlikda talabalar, yosh jurnalistlar va suv hamda ekologiya masalalarini yoritishga qiziqqanlarning barchasi uchun mo‘ljallangan (kontent o‘zbek va rus tillarida);

suv haqida 2 ta yorqin bezakli kitob elektron formatda: «Bebaho suv haqida qimmatli bilimlar» bolalar kitobi (o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida), hamda kitobxonlarning keng ko‘lami uchun mo‘ljallangan «Suv yo‘li» kitobi (rus va o‘zbek tillarida). Ularni www.carececo.org saytida ko‘rish va yuklab olish mumkin.

Rahimboy Jumaniyozov,
Toshkent irrigatsiya instituti matbuot xizmati rahbari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring