Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanzila Norboyevaga qilingan murojaat darhol tarmoqdan o‘chirtirildi. Yoki yana Andijon haqida

Tanzila Norboyevaga qilingan murojaat darhol tarmoqdan o‘chirtirildi. Yoki yana Andijon haqida

Foto: Darakchi

Shifokorning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Senat raisi Tanzila Norboyevaga qilingan murojaati ko‘p o‘tmay o‘chirtirildi. Bu holat Xabar.uz muxbiri murojaatchi bilan telefon orqali bog‘lanib, qisqa muloqot qilguncha sodir bo‘lsami?!

«Aka, gaplarimga javob beraman, biroq, iltimos, ismi-sharifimni ochiq yozmang», dedi suhbat yakunida parlament yuqori palatasi raisiga murojaat qilgan shifokor.

«I-ye, nega? Murojaatingiz tarmoqdagi sahifangizda turibdi, ism-sharifni yashirishdan ne ma’no?»

«O‘chirtirishdi-da?!»

«Ki-im?»

«...»

...Xullas, Andijon viloyati Shahrixon tumani (Tanzila Kamolovna tug‘ilgan maskan!) Markaziy poliklinikasi bo‘lim mudiri O. A. Senat raisiga murojaat qilib, issiq ovqatsiz ishlashayotgani, zarur (sifatli) himoya vositalarini o‘zlari sotib olishga (!) majbur bo‘layotganini aytib, ayni muammoga e’tibor qaratishni so‘raydi. Gap orasida o‘zga davlatlarga ko‘rsatilayotgan gumanitar yordamni ham «birrov» qistirib, murojaat orqali nolimayotganini ham ta’kidlashni unutmaydi.

O‘zaro muloqotda esa shifokor xalat-u qalpoqlar ne, hatto ish jarayonida zarur bo‘ladigan daftar-qog‘oz-qalamgacha maoshdan sotib olish allaqachon odat tusiga aylanganini og‘riq bilan aytdi.

Pirovardida, kutilmagan holat: murojaat tarmoqdan o‘chirtirilgan!

Biroq murojaat tarmoqdan olinsin-olinmasin, muammo ko‘ndalang turibdi baribir.

Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi, degan gap bejiz emas. Andijon viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi ahvolga oid chiqayotgan xabarlar mantiq tarozisiga solinsa, ayni maqol takror-takror yodga tushadigandek.

Yoddan ko‘tarilgani yo‘q: shu oy (aprel) boshida ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga eski himoya kiyimlari berilgani va ular ham yetarli emasligi haqida xabarlar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay sog‘liqni saqlash vazirligi ayni xabarni inkor etib, joriy yil mart oyi davomida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tibbiyot muassasalariga bir va ko‘p marotabalik ishlatiladigan himoya kiyimlari tarqatilgani, qo‘shimcha ravishda yana 3 ming donadan ziyod kombinezonlar yetkazib berilganini bildirdi.

Oradan ko‘p o‘tmay Andijon hokimi Shuhrat Abdurahmonov noxush statistika keltirdiki, u vazirlikning inkorini katta shubha ostiga qo‘yadi:  viloyat bo‘yicha koronavirusga chalingan (12 aprel holati) 90 bemorning 78 nafari tibbiyot xodimlaridir!

Endi oddiy mantiq taroziga qo‘ying: yetrlicha himoya vositalari bilan ta’minlangan ekan, nega viloyatda koronovirus infeksiyasi yuqtirgan shifokor ko‘p?! Haddan ziyod ko‘p?!

Bemorlar hayoti uchun jon olib-jon berayotgan shifokorlarni yetarlicha himoya qilmay turib, bu baloni daf qilish mumkinmi o‘zi?!

Xulosa chiqarish o‘zingizga tan!

Shu o‘rinda o‘tgan yili viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi «mojaro»ni eslamay iloj yo‘q. Yodingizda bo‘lsa, 2019 yilning iyun oyida hokim viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga qo‘shib, to‘g‘ridan to‘g‘ri vazirni ham ochiqdan-ochiq haqorat qilgan audiosi tarqalgandi.

O‘shanda Andijonda (hokim tashabbusi bilan) moliya boshqarmasi pul mablag‘larini tibbiyot muassasalaridan yig‘ib olib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hisob-raqamiga markazlashtirish hamda (ushbu pul mablag‘lariga) to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga muvofiq, shprits, infuzion sistema va tibbiy qo‘lqoplar sotib olingani vazirlik e’tiroziga sabab bo‘lib, bu haqda Bosh prokuraturaga murojaat qilingani Shuhrat Abdurahmonovni jazavaga tushirgandi.

O‘z navbatida viloyat hokimining haqoratlariga Sog‘liqni saqlash vazirligi bosiqlik bilan munosabat bildirib, bunday «amaliyot» qonunga tamoman zid ekaniga qaramay to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar asosida jami 6,3 mlrd so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan shprits va sistemalar, shuningdek, yana noqonuniy ravishda  jami 20,1 milliard so‘mlik muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan (!) tibbiy qo‘lqop mahsulotlari xarid qilinganini bildirgan edi.

Shunga qaramay masala qayta ko‘tarilmadi: har holda, vakolatli organlar bu borada ommaviy axborot vositalariga aytarli ma’lumot bergani yo‘q. Jimjitlik.

...Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, bugungi sinovli kunlarda, xususan, Andijonda tibbiyot xodimlarining muammoga duch kelishayotgani haqida unda-bunda yangrayotgan xabarlarda mantiq va haqiqat uchqunlari yo‘q emasdek ko‘rinaveradi.

Shamol bo‘lmasa daraxt uchi qimirlavermaydi, axir?!

Nima dedingiz, Tanzila Kamolovna?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring