Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Urganch bozoriga kirgan Bosh prokurorning ta’bi tirriq bo‘ldi

Urganch bozoriga kirgan Bosh prokurorning ta’bi tirriq bo‘ldi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Xorazm safari qarib, poytaxtga qaytish arafasida Urganch shahridagi markaziy dehqon bozoriga kirgan Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ta’bi tirriq bo‘ldi. Har holda, Bosh prokuratura matbuot xizmati tarqatgan xabardan shunday xulosa qilish mumkin.

Mamlakat bosh qonun posbonining dehqon bozoriga to‘satdan kirishining sababi bor. Hozirgi yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilayotgan paytda aholini birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash juda muhim. Narx-navolarning asossiz oshirilishining oldini olish ham. Bunday muhim vazifalar esa prokuratura organlariga yuklatilgan. Qog‘ozdagi hisobotlarning amalda qanday ekanini bilish uchunmi, ishqilib, joylarga chiqqan paytida N. Yo‘ldoshev bozorga qarab yo‘l solvoradi. Bu gal ham odatini tark qilmagan, chamasi...

Xullas, Urganch markaziy dehqon bozoriga kirgan Bosh prokuror ayanchli manzara guvohiga aylandi. Aytilishicha, bozorda koronavirus infeksiyasi munosabati bilan joriy etilgan karantin qoidalariga rioya etish yo‘q darajada! Sotuvchilar-yu xaridor oddiy ijtimoiy masofa saqlash qoidasini pisand qilmaydi. Turg‘un savdo rastalarida sotuvchi va xaridor o‘rtasida polietilen himoya to‘sig‘i ham o‘rnatilmaganiga nima deysiz?! Bozor ma’muriyati bunga tomoshabin bo‘lib kelgani esa, juda yumshoq aytganda, tushunarsiz... Go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan savdo rastalari, bunday mahsulotlarni saqlash kameralari sanitariya-epidemiologiya talablariga mutlaqo javob bermaydi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Bunday manzaralar hech kimning kayfiyatini ko‘tarmaydi. Aksincha, ta’bni tirriq qilishi aniq. Bosh prokuror esa shunday ahvolning ustidan chiqib turibdi... Naq Toshkentning o‘zidan kelgan generalning holatini tasavvur qilyapsizmi? Uning yonidagi mas’ullarning-chi?! Mahkama matbuot xizmati «...shu yerning o‘zida Urganch shahar hokimi va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlariga bir hafta muddatda bozordagi vaziyatni amaldagi qonun va qoidalarga moslashtirish bo‘yicha qat’iy talabi» qo‘yilgani ta’kid etadi.

Bunday talab qanday ohangda aytilgani, natijada mahalliy nechta rahbarning ko‘z o‘ngida sudning qora kursisi gavdalanib, yana nechasining paytavasi qurt tushganini ilg‘ayotgan bo‘lsangiz kerak. Nima bo‘lgandayam aytilgan va eshitilgan gaplar ayanchli manzaraga yarasha bo‘lgani aniq. Bozordagi narx-navoning barqarorligini ta’minlash, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, aks holda buning javobgarligi yana bir bor eslatilgani esa ancha-muncha mutasaddilarning uyqusini qochirishi ehtimoli katta.

Oldinda bir haftalik muddat turibdi. Bu esa mavzuga qaytilishini anglatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring