Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xush omaded. Tojikistonda nimalar ko‘rdik?

Xush omaded. Tojikistonda nimalar ko‘rdik?

Foto: Xabar.uz

Tojikiston fermerlari nimasi bilan O‘zbekistondagi hamkasblariga o‘xshamaydi? So‘g‘d viloyatidagi o‘zbeklar nima uchun bizga rahmat aytishdi? Bo‘ri va itning zotidan chiqqan bo‘ribosar ayiqni ham yenga oladimi? Bu savollarga javob olishni istasangiz, mana shu kundalikni oxirigacha o‘qishingizga to‘g‘ri keladi.

Darvoqe, kundalik uch kun davom etsa kerak. Tojikistonga safarimiz aynan shuncha muddatga mo‘ljallangan.

***

— Qo‘shni, ishlar yaxshimi. Xizmatlar bilan charchamayapsizmi? — Tojikiston tomonidan kelgan ofitser O‘zbekiston chegarachilari bilan quyuq ko‘rishdi. Keyin biz tomonga salgina aybdorona qaradi. — Mehmonlar, sizni kutib oladiganlar kelishdi. Qani, marhamat biz tomonga...

Yarim soatgina oldin xuddi shu ofitser bizni Tojikiston chegarasidan o‘tkazmagan edi. O‘tkazmadi emas, O‘zbekiston tomonida kutib turishni maslahat bergandi. Aytishicha, mezbon tomondan hozircha rasmiylar kelmagan, kamiga soat ham 07:00 bo‘lmadi, chegara hali ochilmagan, tartib shunaqa. «Biz tomonga o‘tgan bilan baribir kutib turishingizga to‘g‘ri keladi, mehmonlar», — dedi u.

Ortiqcha savollarsiz o‘z tomonimizda qolishga rozi bo‘ldik. Boz, chegarachilarimiz ham shu yerda kuta turishni maslahat berishdi.

Soat yetti bo‘lgani hamono Tojikiston tomonidan rasmiylar yetib kelishdi. Shu kuni So‘g‘d viloyatida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan beg‘araz qurib berilgan maktab ochilishi kerak edi. Bir guruh jurnalistlar o‘sha tadbirga yo‘l oldik.

Yangi maktab qurilgan joyga yetib borgunga qadar kuzatganlarimiz haqida ikki og‘iz aytib o‘tsak.

***

Eng avvalo odamlar, ko‘cha, qishloq va mahallalar haqida — chegaradan o‘tganingni esdan chiqarvorsang, O‘zbekistondan ketmagandeksan go‘yo. O‘sha, o‘sha manzara. Bekorga o‘zbek va tojikni ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq, deyishmagan. Kiyinishu, yurish-turishdan tortib, uy tutishgacha deyarli bir xil.

Dalalar cheti esa tekis kallaklangan tut bilan to‘la. Shu qadar mo‘lki, pilla qayerda ko‘proq yetishtirilishiga ikkilanib ham qolasan — O‘zbekistondami yoki Tojikistonda.

Ammo shunday bo‘lsa ham qishloq xo‘jaligi borasida bitta farqni aytib o‘tib ketsak — Tojikistondagi dala maydonlari bizdagidek bepoyon emas ekan. Yurtimizda paxta va g‘alla dalalari shu qadar kattaki, oxirini ilg‘ash qiyin. O‘zbekistonda 100-200 gektarlik maydonlarni uchratish oddiy hol. Ammo qo‘shnilarimizda katta dalani juda kam ko‘rdik. Odatda dehqonchilik qiladigan yer maydonlari maydaroq bo‘larkan, o‘n, o‘n besh, hatto besh-olti gektarlik yerlar ham bor.

— Bizda katta fermerlar ancha kam, ikki gektar yerda ishlaydiganlar ham bor. Fermerlar yeriga o‘zi istagan narsani ekadi. Faqat paxta davlat buyurtmasi bo‘yicha navbat bilan yetishtiriladi, — deydi biz bilan suhbatda mahalliy aholi vakillaridan biri.

Darhaqiqat, o‘sha 10-15 gektarlik maydonlarga turfa ekinlar ekib tashlangan — makkajo‘xori, loviya, yeryong‘oq, kunjut, sholi. Yana bizda allaqachon urfdan chiqqan beda ham ko‘p. Zero uning hosiyati ancha katta — chorvachilik rivojlanadi, sut-qatiq ko‘payadi, go‘sht tannarxi tushadi va yer ancha dam olib, kuchga to‘ladi. Ikki yildan keyin unga nima eksang ham hosilni yig‘ishtirib, charchab ketmasang, men kafil...

Ha, tojik og‘aynilardan o‘rganadiganimiz hali ko‘p, shekilli.

***

Tojikistonning So‘g‘d viloyati, Spitamen nohiyasida O‘zbekiston tomonidan qurib berilgan yangi maktab ochilgani haqida batafsil reportaj saytimizda berildi. Bunga qo‘shimcha sifatida shuni aytib o‘tmoqchi edikki, mahalliy aholida O‘zbekistonga bo‘lgan hurmat juda yuqori.

«Siz O‘zbekistondanmi?» — eng ko‘p eshitgan savolimiz shu bo‘ldi. Tasdiqlaganimiz hamono qayta va qayta rahmat aytishadi. Maktab uchun albatta.

Bu minnatdorlik biz orqali butun O‘zbekistonga qaratilgani aniq. Omonatni yetkazib qo‘yaylik, dedik...

***

Maktab ochilishi marosimi yakunlangach Dushanbe sari yo‘l oldik. O‘zbekistonda ham tog‘li hududlar anchagina, yo‘l bosib o‘tiladigan dovonlar ham bor — Qamchiq va Taxtaqoracha (Kitob). Ammo Hisor tog‘ tizmasiga kiruvchi Shaxriston dovonidan oshib o‘tgach haqiqiy xavf qanaqa bo‘lishini bildik. Bunaqa adrenalinni ancha-muncha attraksiondan ham topish qiyin. Oybek domla ta’rifi bilan aytganda haqiqiy «vahshiy tog‘lar»ni shu yerda ko‘rasiz.

Shaxriston dovoni dengiz sathidan 3378 metr balandlikda joylashgan. Yo‘l esa garchi oynadek tekis bo‘lsa-da, tor va keskin burilishlarga boy. Bu yerda bir lahza ham e’tiborni yo‘qotib bo‘lmaydi. Yo‘l davomida jarga qulab, konserva bankadek majaqlanib ketgan bir nechta mashinalarni ko‘rdik. Dara shu qadar chuqurki, har doim ham pastga qulagan mashinalarni chiqarib olishning iloji bo‘lmas ekan. Shu holicha zanglab yotaveradi.

Dahshat...

***

Mana shu dovondan o‘tish asnosida cho‘pon Mirzobek akaga duch keldik. Balki u bilan suhbatimiz kundalikka kirmagan bo‘lardi, agar bo‘ribosar itini ko‘rib qolmaganimizda.

Kesilgan qulog‘i demasangiz, it emas bu, bo‘ri.

Itlarimizni bo‘rilarga qo‘shilib ketishi uchun tog‘larga tashlab ketamiz. Keyin shu itlar qaytib keladi va undan zot olamiz. Bo‘ri va itning qorishmasi shunaqa bo‘ladi, — deydi Mirzobek aka. Uning uchun bu oddiy hol, cho‘pon tayog‘iga suyanib, bamaylixotir gapirib beradi. — Bunaqa itdan bo‘ri tugul, vaqti kelganda ayiq ham qo‘rqadi. Hozir o‘zimda bo‘ridan zot olingan to‘rtta it bor. Mana shu ko‘rib turganingiz ikkita bo‘rini g‘ajib tashlagan. Huv nariroqda bo‘lgandi.

Ayiqmi? Bir safar qo‘raga ayiq kelganda to‘rttala bo‘ribosarim chiqib, u bilan olishgandi. Qochib ketdi «polvon», shu bilan qaytib qorasini ko‘rsatmadi.

Mirzobek akaning aytishicha, bo‘ri va itdan tug‘iladigan kuchukchalar ona qornidan ikkitagina tusharkan. Avvaliga ko‘kish tus bo‘larkan, keyin mana shunaqa sarg‘imtir rangga kirarkan. Ha-ya, bunaqa itlarni parvarishlash ham oson emas. Go‘sht va quyruq berib turish kerak, aks-holda tishi to‘kilib ketarmish...

***

300 kilometr yo‘l bosib, Dushanbega kelgunga qadar ikkita dovon oshdik. Yo‘lga salkam 6 soat vaqtimiz ketdi. Charchoq kuchli, ammo olingan taassurotlar undan kuchliroq. Mana shundan ozginasini sizga ham ilindik.

Ma’qul kelsa ertaga yana gaplasharmiz...

Zafar QOSIMOV
Toshkent-Xo‘jand-Dushanbe

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring