Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yakkasaroyda obodonlashtirish ishlari davom etmoqda (foto, video)

Avval xabar berilganidek, 13-avgust kuni eng ulug‘ va eng aziz bayramga atab Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Qushbegi va Shayxontohur tumanidagi Ibn Sino mavzelarida 210 xonadonli 4 ta to‘qqiz qavatli turarjoy binolari aloqa sohasi xodimlariga topshirilgan edi. Mazkur tantana sababli o‘tkazilgan marosimda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov AKT vazirligining Yakkasaroy tumanida obodonlashtirish, xayr-saxovat ishlariga kamarbasta bo‘layotganini alohida e’tirof etdi.

– Aloqachilar, xususan, «O‘zMobayl» filiali tumanimizdagi «Damariq» mahallasida maqtagulik ishlarni amalga oshirdi, – dedi Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov. – Mahalladagi uy hovlilarida yangi bolalar maydonchasi tashkil etildi. Uylarning old qismida «Work out» ko‘rinishdagi sport maydonchasining qurilish hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shu jumladan, 3 ta bolalar maydonchasi ta’mirlanib, 2 ta yangi bolalar maydonchasi barpo etildi. Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yig‘ini binosida joylashgan Elektron kutubxonani jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda va 150 dan ziyod elektron kitoblar sovg‘a qilindi. Mana ko‘rib turibsizlar, tumanimizning ushbu mavzesi obod va ko‘rkam maskanga aylandi.

Bizga ma’lum qilishlaricha, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 8 ta mahallada bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan ekan. Hozirgi kunga qadar vazirlik Ishchi guruhi tomonidan mazkur mahallalar o‘rganilib, aniqlangan 433 ta muammodan 302 tasi bartaraf etilgan. Shuningdek, vazirlik tizimidagi korxonalar tomonidan «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» bo‘yicha o‘rganish olib borilmoqda. «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolar bilan tashkil etilgan suhbatlar davomida har bir biriktirilgan hududda muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalar ro‘yxati shakllantirildi. Ana shu daftarlarga kiritilgan jami 11 nafar ishsizning bandligi ta’minlandi.

Tumandagi yordamga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolarning 13 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. O‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan jami 151 nafar oilaga oziq-ovqat mahsulotlari berildi.

«O‘zbektelekom» kompaniyasi Toshkent shahar filiali tomonidan uchta qurilish ta’mirlash brigadasi tashkil etildi. Mazkur brigadalar tomonidan 21 ta mahallada aloqa kabellari tartibga kelirildi, shuningdek, 21 ta yangi simyog‘och ustunlari o‘rnatildi, 70 m kabel kanalizatsiya qurilib, havo aloqa liniyalari yer ostiga olindi.

Yettita mahalla hududlarida joylashgan pochta aloqasi bo‘limlarining yangi zamonaviy ko‘rinishga keltirilmoqda. Xususan, bugungi kunda «Boshliq» mahallasida joylashgan 22-pochta aloqasi bo‘limini mukammal ta’mirlash ishlari tugatilib, atrofi obodonlashtirildi. «Bog‘saroy» mahallasidagi 31-pochta aloqasi bo‘limi binosida esa ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.

AKT vazirligi tizimidagi soha korxonalari tomonidan o‘tgan vaqt davomida tumandagi mahallalarda quyidagi ishlari amalga oshirildi:

- 119 tonna chiqindilar olib chiqildi, 1570 ga yaqin mevali va manzarali nihol va ko‘chatlar ekildi, 1 954 dan ortiq daraxtlarga shakl berildi va oqlandi;

- ko‘p qavatli uylarning 15 tasi tom qismi, 11 ta yerto‘la qismi, mahallalardagi 31 ta bolalar maydonchasi (shundan 13 tasi yangidan qurildi, 18 tasi ta’mirlandi), 3 ta futbol, voleybol, basketbol, badminton o‘yingohlari ta’mirlandi;

- 337 metr optik tolali aloqa kabellari va 750 metr havo aloqa liniyasi tartibga keltirildi.

5 ta muhim tashabbusning uchinchisi doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish borasida Yakkasaroy tuman hokimligi bilan hamkorlikda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Tuman hokimligida «Hudud axborot tizimi» hamda «Korxonalarni ro‘yxatga olish» axborot tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Ayni paytda bu kabi ishlar izchil davom ettirilmoqda. E’tiborlisi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi korxona, tashkilot hamda kompaniyalar poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham ana shunday bunyodkorlik, xayr va saxovat ishlarini olib borishmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring