Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi yilni shifoxonada kutib olishni xohlamasangiz...

Yangi yilni shifoxonada kutib olishni xohlamasangiz...

Foto: «1zoom.ru»

Ayni kunlarda xalqimiz Yangi yil bayramini nishonlashga qizg‘in taraddud ko‘rmoqda. Ana shunday bayram va shodiyonalarni oila davrasida to‘kin dasturxon atrofida nishonlash go‘zal an’analarimizdan hisoblanadi. Dasturxondagi oziq-ovqat mahsulotlarini kimdir uyida tayyorlasa, kimdir dehqon bozorlaridan, savdo majmualaridan, yana kimdir belgilanmagan joylarda savdo qilayotgan fuqarolardan sotib oladi. Bu mahsulotlarning hammasining ham xavfsizligi kafolatlanmagan, ularni saqlash va sotish jarayonida sanitariya qoida va me’yorlariga rioya etilmagan bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, tez buziluvchi go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, kremli qandolot, salatlar, xamirli va boshqa xavfsizligi kafolatlanmagan mahsulotlar iste’mol qilinishi natijasida ovqatdan zaharlanish holatlari kelib chiqishi mumkin, deb ogohlantiradi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Xavfsizligi va sifati kafolatlanmagan uy sharoitida tayyorlangan, botulizm qo‘zg‘atuvchilari bilan zararlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish ovqatdan zaharlanishning eng og‘ir turi – botulizm kasalligi kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, boshqa tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, saqlash va sotish jarayonida sanitariya qoida va me’yorlariga rioya etilmasligi ularning kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar bilan zararlanishiga, iste’mol qilganda esa ovqatdan zaharlanishlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Botulizm va boshqa bakteriyalardan zaharlangan odamda kasallik belgilari ikki soat o‘tib yoki sakkiz-o‘n kun davomida paydo bo‘ladi, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorin sohasida og‘riq, ichning tez-tez kelishi, tana harorati ko‘tarilishi kuzatiladi. Botulizm kasalligida  nafas olish qiyinlashadi, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutishga qiynalish va gapirish qobiliyati pasayishi, bo‘yin va oyoq mushaklari zaiflashishi kabi kasallikning klinik belgilari namoyon bo‘ladi. Ushbu belgilar kuzatilganda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur, kasallikni uy sharoitida o‘z bilganicha davolash qat’iyan man etiladi.

Yangi yil bayrami tadbirlarida turli xil noxush holatlar va ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishda juda ham ehtiyotkor bo‘lishimiz, belgilanmagan joylardan noma’lum sharoitda tayyorlangan, sifati va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlari bo‘lmagan, tashqi ko‘rinishi shubhali bo‘lgan, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotib olmasligimiz, ayniqsa, tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga e’tiborli bo‘lishimiz va uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilmasligimiz talab etiladi.

Xonadonda past haroratda saqlanishi talab etilgan mahsulotlarni sovutgichlarda saqlash lozim. Pishgan va xom mahsulotlar bir joyda saqlanishi mumkin emas, taomlar, salatlarni ehtiyojga qarab tayyorlash, uzoq saqlanib qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslik kerak.

Unutmang, har birimiz o‘zimiz va oila a’zolarimiz salomatligi uchun mas’ulmiz!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring