Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yunusobod» metro yo‘lining ikkinchi liniyasida burg‘ulash ishlari boshlandi

«Yunusobod» metro yo‘lining ikkinchi liniyasida burg‘ulash ishlari boshlandi

Foto: «O‘zA»

Rejaga ko‘ra joriy yil oxirigacha ushbu yo‘nalishda yana ikkita metro bekati foydalanishga topshiriladi

Ayni paytda Toshkentda tezkor, xavfsiz va zamonaviy jamoat transporti sanalmish metro qurilishi bo‘yicha uchta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bular – «Sergeli», «Yunusobod» hamda yer usti xalqa metro yo‘lidir.

Toshkent metropolitenining «Yunusobod» yo‘nalishi ikkinchi bosqichi qurilishining umumiy qiymati – 124,8 mln. AQSh dollariga baholangan bo‘lib, barpo etilayotgan yangi yo‘lning umumiy uzunligi 2,93 kilometrdan iborat.

«Toshkent metroproyekt» MChJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur loyihaning qurilish ishlari joriy yildayoq to‘liq nihoyasiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu yo‘nalishda bekatlar soni ikkitani («Yunusobod» va «Turkiston») tashkil qilib, ularning o‘rtacha oralig‘i 1,43 km.dan iborat. Platformalarning uzunligi esa 102 metr bo‘lib, unda elektropoyezdlar ikki tomonlama harakatlanadi.

Hozirda «Turkiston» va «Yunusobod» stansiyalari oralig‘idagi tonnelni qurish, «Turkiston» stansiyasidagi qayta chiqish hamda tupiklarni qurish bo‘yicha ochiq usuldagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu liniyaning yopiq qismida qurilish ishlarini olib borish uchun Germaniyaning «HERRENKNECHT» kompaniyasidan keltirilgan gorizontal burg‘ulash uskunasi yordamida qariyb 1,5 km.dan iborat birinchi liniyani burg‘ulash ishlari joriy yilning may oyida boshlangan bo‘lib, yaqinda yakuniga yetdi. Mazkur jarayonda jami 938 ta xalqa (tyubing kolso) o‘rnatildi. Ta’kidlash kerak, ushbu texnologiya «Yunusobod» liniyasining «Shahriston» bekati bilan ulanish uchun tayyorlangan maxsus qismga yetib keldi.

Kecha 1,5 km.dan iborat ikkinchi liniyani burg‘ulash ishlariga start berildi.

– Tonnelimizning birinchi liniyasini qurish ishlarini may oyida boshlagan edik va qariyb 1,5 km. masofani uch oyda kavlab chiqdik. Ikkinchi liniya esa birinchi liniyaga nisbatan biroz uzun. Bugun ushbu liniyani burg‘ulash ishlarini boshlash arafasida turibmiz. Shu bilan birga «Turkiston» metro bekatida qurish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Qisqa fursatlarda ushbu bekatni zamonaviy, barcha qulayliklarga ega holatda qurib bitkazish arafasida turibmiz. Tunnelni burg‘ulash jarayonida esa Germaniyadan keltirilgan texnologiya yordamida bir sutkada 10-12 metrgacha masofani burg‘ulash imkoniyatiga egamiz. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, ikkinchi liniyani qurib bitkazishimiz uchun 4-5 oy vaqt talab etiladi. Germaniyadan keltirilgan ushbu texnologiyaning afzalliklariga kelsak, u to‘la avtomatlashtirilgan tizimlar bo‘yicha ishlaydi. Masalan, 3-3,5 tonnadan iborat temir halqa bo‘laklarini vakum apparati, ya’ni havo bosimi yordamida ko‘tarib-tushirish imkoniyatiga ega. Bundan ko‘rinadiki, inson kuchi yordamida ko‘tarish ancha murakkab bo‘lgan og‘irlikdagi beton xalqalarni bu apparat osongina ko‘tarib tushira oladi, - dedi biz bilan muloqotda injener-mexanik Shohruh Xudoyqulov.

Hozirda Yunusobod yo‘nalishida ikkinchi bosqich qurilishi davom etmoqda. Bugungi kunda metroning tunnel qurilish-montaj ishlari ochiq va yopiq usulda olib borilayapti. Mazkur yer osti qurilish ishlari «Ko‘prikqurilish tresti» unitar korxonasining 67-Ko‘prikqurilish otryadi jamoasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Ob’yektda 180 nafardan ortiq malakali muhandis va mutaxassislar qirqqa yaqin zamonaviy maxsus texnika hamda mexanizmlarda kechayu-kunduz ish olib bormoqda.

Loyiha 2019 yil oxiriga qadar to‘liq nihoyasiga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu bunyodkorlik ishlari nihoyasiga yetkazilgach, «Yunusobod» metro yo‘nalishiga yana ikkita bekat qo‘shiladi. Yangi qurilayotgan «Yunusobod» va «Turkiston» bekatlari sharqona me’morchilik an’analari asosida barpo etilmoqda. Mazkur bekatlarning ishga tushirilishi esa poytaxt aholisi va mehmonlarining uzog‘ini yaqin qiladi.

O.EShMAMATOV,
Yo.MELIBOYeV (surat), O‘zA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring