Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yunusobodda suvning egasi kim? (video)

Yunusobodda suvning egasi kim? (video)

Foto: «Xabar.uz»

Toshkentlik Baxtiyor Xanazarov Yunusobod tumanidan yer olib yaxshi niyatlar bilan uy qurdi. Yillarni yillarga uladi, qurilish ishlari pulni «ko‘rdim demasligi» ayon. Qisqasi, ayni paytda Bo‘zsuv 3-berk ko‘cha, 2-uy qurilishi tugallanishi arafasida. Biroq uyga hali ko‘chib kirilmay katta muammo paydo bo‘ldi.

Mana bir oydirki, hali qurilishi tugamagan uyning yerto‘la poydevorining bir necha joyidan suv sizib chiqmoqda! «... Avvallari hech qachon suv kirmagan edi, yer osti suvlari 7-8 metr pastda, qolaversa, yog‘ingarchilik mavsumi emas, lekin yerto‘lamizning 5-6 joyidan suv oqib chiqmoqda. Vaqtincha yog‘ochdan pona qoqib qo‘ydim, bu ketishda meni xonadonim poydevori cho‘kishi mumkinligidan xavotirdaman», deyiladi shikoyatchining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yozilgan arizasida.

«Suv — hayot manbai», deymiz. Odamlarni uni isrof qilmaslikka chaqiramiz. Lekin, arizada ko‘rsatilishicha,  oqib chiqayotgan suvning bosimi  kuchliligidan bir necha daqiqalarda bir chelak  suvga  to‘ladi.  Bu ahvolda poydevor oz fursat ichida yemirilishidan  tashvishga tushgan xonadon egasi mutaxassislarga murojaat qiladi. Yunusobod tumani oqava suv tarmog‘iga qilgan murojaati bilan tanishgan ikki xodim «Bu suv toza ichimlik suvi,  bizning ishimiz emas», deb suvdan tahlil namunalarini oladi va «Oqava suv tarmog‘i xodimlariga e’tirozim yo‘q», degan tilxatni yozdirib ortga qaytishadi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga murojaat qilinadi. Murojaatga Yunusobod tumani hokimi birinchi o‘rinbosari F.Odilov imzosi bilan shunday javob  keldi, ya’nikim, murojaat Oqava suv tarmog‘i xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgan, shikoyatchi ularga e’tirozi yo‘qligi bo‘yicha yozma munosabat bildirilgan...

Baxtiyor Xonazarov yana shikoyat yozadi.  Shundan so‘ng «Suvsoz» DUK Yunusobod tumani bo‘limi xodimlari kelib, u yer-bu yerni ozgina kovlashgan  bo‘ladi, so‘ng qo‘shnining devorini sabab qilib, ishni oxirigacha yetkazmasdan ketishadi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ularni ishlaridan qoniqmagan fuqaro bilan hatto dalolatnoma tuziladi. Keyin yana «Suvsoz» DUKning Yunusobod tumani bo‘limi xodimlari paydo bo‘ladi.  Apparatlari bilan tekishirishadi va... yana qorasini ko‘rsatishmaydi. Suv esa jilovlangani yo‘q, hamon oqib yotibdi. Toza ichimlik suvi-ya...

Bu uyga qo‘shni hovli egasi agar suv ularga qarashli quduqdan chiqayotgan bo‘lsa, o‘ziga tegishli hududni kovlashlariga qarshi emas.

Hamma balo shundaki, muammoni yechishga mas’ul tashkilot bor, biroq ishni oxirigacha yetkazadigan mard xodimning o‘zi yo‘q. Kelib-ketishlar bilan masalaga nuqta qo‘yilmayapti-da.

Bir oy vaqt davomida tinimsiz yerto‘laga katta bosim bilan kirib oqayotgan suvning nahotki egasi yo‘q? Qolaversa, hozir hatto sovuq suvga o‘lchagich qo‘yilganini hisobga olsak, kimningdir pullari shunchaki suvga aylanib oqib ketmayaptimi?

Bir oydan beri oqayotgan suv bu ketishdi sanoqli soniyalarda bir insonning necha yillik yillik mehnati, zahmati va mablag‘ini ko‘kka sovurmaydimi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring