Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh bosh infeksionisti Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi samaradorligiga shubha bildirdi

AQSh bosh infeksionisti Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi samaradorligiga shubha bildirdi

Foto: «Google Images»

AQShning yuqumli kasalliklar bo‘yicha bosh mutaxassisi Entoni Fauchi «National Geographic» nashriga bergan intervyusida Rossiya tomonidan koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan vaksinaning xavfsiz va samarali ekaniga shubha bildirdi.

Taniqli mutaxassisga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar kelgusi haftadayoq COVID-19ga qarshi bir necha vaksinani taqdim etishi mumkin. Ammo insonlar salomatligiga zarar yetkazib qo‘ymaslik uchun ilmiy izlanish hamda tadqiqotlar to‘laqonli o‘tkazilishiga e’tibor qaratilmoqda.

«Rossiyaliklar vaksina xavfsiz va samarali ekaniga to‘laqonli ishonch hosil qildi degan umiddaman. Ammo bunga jiddiy shubham bor», — degan AQSh Allergik hamda yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchi.

Prezident Vladimir Putin kecha, 11-avgust kuni dunyoda ilk bor Rossiyada koronavirusga qarshi vaksina rasman ro‘yxatga olinganini e’lon qildi. Kreml yetakchisi «Sputnik V» deb atalgan vaksinaning mustahkam immunitet hosil qilishi va samaradorligiga ishonch bildirdi.  

Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkoga ko‘ra, vaksina hosil qilgan immunitet ikki yilga qadar saqlanib qoladi. N.F.Gamaleya nomidagi ilmiy-taqdiqot instituti hamda «Binnofarm» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan yangi vaksina 2021-yil 1-yanvardan keng iste’molga chiqarilishi ma’lum qilingan. 

Avvalroq AQSh sog‘liqni saqlash vaziri Aleks Azar ham «Sputnik V» vaksinasiga ishonchsizlik bildirgan edi. Qo‘shma Shtatlar vaziriga ko‘ra, Rossiya mas’ul idoralari xalqaro ilmiy jamoatchilikka vaksina sinovining birinchi va ikkinchi bosqichi haqida ma’lumot taqdim etmadi; uchinchi bosqich — klinik sinovlar yakuniga yetkazilmasdan tibbiy vosita rasman ro‘yxatga olindi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham ma’lumotlar yetarli bo‘lmagani vajidan Rossiya vaksinasini qo‘llashga tavsiya berganicha yo‘q.

JSSTga ko‘ra, Rossiya vakolatli idoralari «Sputnik V» vaksinasi borasida barcha zarur ma’lumotlari taqdim etishi lozim. Xalqaro tashkilot barcha jihatlarni tadqiq-taftish etganidan keyingina tavsiya berishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring