Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jomboyda uch nafar tibbiyot xodimida koronavirus aniqlangan

Jomboyda uch nafar tibbiyot xodimida koronavirus aniqlangan

Foto: Xabar.uz

Jomboyda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat haqida Jomboy tuman hokimligi axborot xizmati xabar berib o‘tdi.

Ayni vaqtda Jomboy tumani xavf darajasi o‘rtacha – «Sariq» toifaga kiritilgan. Tumanning Toyloq, Urgut, Payariq va Oqdaryo tumanlari hamda Samarqand shahri bilan tutash hududlari, xususan, Qarapchi, Olmazor, No‘sh, Tut, Zarafshon mahallalarida kuchaytirilgan tartibli blok-postlar tashkil qilingan. Tumanda kirish-chiqish cheklangan alohida hudud mavjud emas.

Zarafshon, Tut hamda No‘sh mahallalarida doimiy ro‘yxatda turgan fuqarolarda xastalik aniqlangan. Ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamshiralari bo‘lgan va xastalik aniqlangan vaqtda tuman hududida bo‘lmagan. Oila a’zolari, yaqin qarindoshlari, qo‘shnilar tibbiy kuzatuvga olingan. 14 kunlik karantin davrida ularning birortasida infeksiya aniqlanmagan. Har uch hududda aholining karantin qoidalariga amal qilishi qat’iy nazorat qilinmoqda.

Tuman hududida bir oilaning 3 nafar a’zosi statsionar karantinda saqlanmoqda. Uy qo‘riqloviga olingan fuqarolar mavjud emas.

Tuman hududida istiqomat qilgan uch nafar tibbiyot xodimida koronavirus aniqlangan. 767 nafar jomboylik tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Ularning 764 nafarida infeksiya aniqlanmadi. 3 nafar kuzatuvdagi shaxsning tahlil natijasi kutilmoqda.

Jomboylik bir nafar bemor xastalikdan sog‘ayib, bugungi kunda reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan. Shu paytgacha tuman bo‘yicha karantin qoidalarini buzgan 70 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Tumanga xorijdan 12 nafar shaxs kirib kelgan. Ular to‘liq karantin muddatini o‘tadi. Xastalik alomatlari aniqlanmadi.

«Sariq» toifada bo‘lgani uchun fuqarolar juda zarur bo‘lmagan taqdirda tumandan tashqariga chiqishi cheklangan. Faqat maxsus ruxsat etilgan avtotransport vositalari bilan Samarqand shahriga kirib-chiqish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring