Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Koronavirusdan tuzalgan yurtdoshimiz bilan suhbat: «Avvaliga og‘zim qurib, ta’m sezmay qoldim, ishtaham yo‘qoldi!»

Koronavirusdan tuzalgan yurtdoshimiz bilan suhbat: «Avvaliga og‘zim qurib, ta’m sezmay qoldim, ishtaham yo‘qoldi!»

Foto: SSV matbuot xizmati

Dunyoda koronavirusga chalinganlar soni ortib borayotganiga qaramay, undan tuzalayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Aynan shu infeksiyani yengishga erishgan insonlar hikoyasi esa vahima, xavotir kuchaygan bir paytda odamlarga yaxshigina dalda bo‘ladi. Bugun biz, avvalo, kuchli tan va ruhiyati, mustahkam irodasi, eng muhimi, shifokorlarning vaqtida ko‘rsatgan yordamlari tufayli «tojli virus»ni yengishga muvaffaq bo‘lgan yurtdoshimiz bilan suhbatlashdik.

– Assalomu alaykum, avvalo, hammasi ortda qolgani rost bo‘lsin. Agar qarshi bo‘lmasangiz, siz kechirgan kunlarni yana bir bor eslasak…  

– Men koronavirus infeksiyasi birinchilardan bo‘lib aniqlangan ayol bilan birga ishlayman. Hamkasbimiz 12-mart kuni ishga chiqqandi. Virus hech birimizning xayolimizga ham kelmagandi (chunki koronavirus hali O‘zbekistonda qayd etilmagandi). 15-mart kuni esa ishxonamiz karantinga yopildi. O‘sha kuni tahlil topshirganimda menda koronavirus aniqlanmadi. Lekin tanamda qandaydir o‘zgarishlar boshlanayotgani sezilayotgandi. Avvaliga og‘zim qurib, ta’m sezmay qoldim, ishtaham yo‘qoldi, haroratim ko‘tarildi (37,2-37,3 darajagacha), keyin unga yo‘tal va qo‘l-oyoq qaltirashi qo‘shildi. Mutaxassislar yana bir bor tahlil olishgach, 18-mart kuni koronavirus tasdiqlandi. Shu kuniyoq meni Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga olib kelishdi. Shifokorlar zudlik bilan tomchi dorilar yuborib, tegishlicha muolajalar qilishdi.

– Siz bilan birga davolangan bemorlarning hammasida bir xil alomatlar kuzatildimi?

– Yo‘q, hammaning organizmi har xil bo‘lgani uchun kasallik belgilari ham kimlardadir og‘irroq, kimlardadir yengilroq kechdi. Aynan menda nisbatan yengilroq o‘tdi deb o‘ylayman. Chunki u yerda tana haroratim yana bir marta ko‘tarildi xolos (37,4 daraja). Havo yetishmasligi alomati ham kuzatilmadi, ya’ni kislorodga ehtiyoj sezmadim. Faqat oyoq-qo‘l, bo‘g‘imlarimda bir-bir og‘riqlar bo‘lib turdi. Ammo yonimdagilarning ba’zilari isitmasi tushmay qiynalishdi. Kuchli antibiotiklar olgandan keyin tushdi. Ayrimlarida esa umuman isitma chiqmadi. Xullas, bir xillarida og‘ir, bir xillarida yengil o‘tyapti.

– Ilgari ham virusli kasalliklarga, masalan, grippga chalinganmisiz?

– Ha, gripp bo‘lganman. Ammo men grippni ham yengilroq o‘tqizardim. 1-2 kun isitmam chiqardi, keyin tez tuzalib ketardim.

– Demak, organizmingiz kuchli, ya’ni immunitetingiz mustahkam. Shuning uchun ham kasallikni oson yenggansiz. Aytgancha, oila a’zolaringiz ham karantindadir?

– Ha, o‘shandayoq karantinga olingan. Xudoga shukr, ularda koronavirus aniqlanmadi. Shunisiga xursandman.

– Siz koronavirusdan tuzalgan ilk yurtdoshlarimizdan birisiz, tabriklaymiz. Ayni paytda qayerdasiz?

– 1-aprel kuni meni reabilitatsiya markaziga olib kelishdi. Bu yerda kuzatuvdamiz. Har kuni tana haroratimizni tekshirishyapti, sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazishyapti.

Shu fursatdan foydalanib, biz uchun duoda bo‘lgan xalqimizga, barcha sharoitlarni yaratib bergan hukumatimizga, tunu kun boshimizdan ketmagan, o‘z yaqinidek jon kuydirgan shifokorlarimizga hamma-hammasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

– Biz ham suhbatingiz uchun rahmat aytib, tezroq oilangiz bag‘riga qaytish nasib etishini tilab qolamiz!

Shohida ISROILOVA suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring