Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurmat Otabekov «AY.4.2» shtammining xavfi haqida gapirdi

Nurmat Otabekov «AY.4.2» shtammining xavfi haqida gapirdi

Foto: SSV matbuot xizmati.

Koronavirusning yangi «AY.4.2» shtammi aholisi 1 milliarddan ortiq bo‘lgan Hindistonda aniqlanib, hozircha 17 nafar bemor ro‘yxatga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bu shtammning yurtimizga kirib kelishi va aholi orasida tarqalish xavfi bormi? Unga qarshi kurashish uchun bizda qanday imkoniyatlar bor?

SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekova bilan suhbatlashdi.

— COVID-19ning qo‘zg‘atuvchisi bo‘lgan SARS-CoV-2 virusi vaqt o‘tishi bilan yangilanib, atrof-muhitga moslashib bormoqda. Uning yangi shtammlari SARS-CoV-2ning mutatsiyaga uchrashi oqibatida paydo bo‘ladi. Ya’ni virus o‘zini saqlab qolish uchun qayta-qayta yangilanishga urinyapti.

Aslida tabiatda uchraydigan barcha viruslar o‘zgaruvchanlikka moyil. Ba’zi tadqiqotchilar SARS-CoV-2ning 5000 tadan 7000 tagacha bo‘lgan mutatsiyaga uchragan shakli borligini da’vo qilishadi.

Shu paytgacha odam organizmiga moslashishga urinish natijasida koronavirusning ba’zi bir shtammlari paydo bo‘lganini dunyo olimlarining fikrlari isbotlab turibdi. Virus shtammlarining o‘ziga xosligiga qarab «alfa», «betta», «gamma», «yota», «lyambda», «delta», «delta plyus» kabi shtammlari alohida ajratilgan.

Biz viruslarning u yoki bu turi aniqlangan joyga qarab ham nom berib kelyapmiz. Masalan, «britancha» shtamm deb nomlaganimiz, aslida «alfa» shtammi, «afrikancha» deb ataganimiz «betta» shtammidir. «Delta» shtammi Hindistonda aniqlangan bo‘lib, hozir so‘z yuritayotganimiz «AY.4.2» shtammi ham Hindistonda aniqlangani ta’kidlanmoqda.

JSST ham koronavirusning ko‘plab shtammlari orasidan yuqoridagilarni anchayin xavfli, deb e’tirof etib, ularga e’tiborli bo‘lish shartligini ta’kidlab kelmoqda.

Unutmaslik kerakki, dunyoda paydo bo‘lgan viruslarning yashash uchun kurashi tabiiy jarayon. Oramizda «menga virus yuqmaydi», «men o‘tgan yili kasallanganman», «endi kasal bo‘lmayman», deb yurganlar yangi, kuchli, odam organizmiga moslashgan shtammlarga yo‘liqishi ehtimoli bor.

Yangi shtammlarga qarshi kurashish haqida gapirsak, dunyo olimlari tomonidan yaratilayotgan vaksinalar virus shtammlarining asosida turgan SARS-CoV-2ga qarshi ishlaydi. Virus mutatsiyaga uchragan taqdirda ham, vaksinaning himoyalovchi xususiyati saqlanib qoladi.

Koronavirusning qaysi shtammiga qarshi kurashishdan qat’i nazar, ommaviy immunitet shakllantirilsa, kasallikni yengib o‘tish mumkin. Biz xastalik qo‘zg‘atuvchisini bilamiz. Uning profilaktikasidan xabardormiz. Eng asosiysi, bizda virusga qarshi asosiy qurol bo‘lgan vaksinalarning bir necha turlari zaxirasi shakllantirilgan. Shunday ekan, aholimizdan birdamlik bilan vaksinatsiya jarayonlariga e’tiborli bo‘lishni so‘rab qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring