Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentlikka nomzod majburiy emlash haqidagi qonunga e’tiroz bildirdi

Prezidentlikka nomzod majburiy emlash haqidagi qonunga e’tiroz bildirdi

Yaqinda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi.

Unda Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lgan taqdirda Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligi nazarda tutilgan.

Prezidentlikka nomzodi tavsiya qilingan, «Adolat» partiyasi rahbari Bahrom Abduhalimov mazkur qonun faqat ish beruvchiga foydali ekani, xodimlar manfaati ko‘zlanmagani haqida aytdi.

«Albatta, ushbu me’yorlar xalq salomatligini ko‘zlab joriy etilgan. Virusga chalinish zanjirini uzish uchun profilaktik tadbirlar shart. Ammo ushbu qonun asosan ish beruvchilar foydasiga xizmat qilmoqda. Xodim manfaatlaridan esa chetlab o‘tilmoqda.

«Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda» izohi berilgani ayni muddao, biroq shifokor ruxsatidan so‘ng vaksina qabul qilgan xodimlarga ham imtiyoz va imkoniyatlar berilganida nur ustiga nur bo‘lar edi.

Vaksina olgach, ayrim bezovtaliklar (isitma, xolsizlik, og‘riq) kuzatilishi real misollar bilan isbotini topdi. Aslida bu xavotirli holat emas, aksincha immunitet shakllanayotganidan darak beradi. Mazkur alomatlar yuz berayotgan vaqtda (taxminan 3 kun davomida) xodimga ish haqi saqlanadigan ta’til berish maqsadga muvofiq. Binobarin, sog‘lom vujudgina to‘laqonli mehnat qilishga qodir bo‘ladi. Vaksina reaksiyasi vaqtincha noqulayliklar tug‘dirayotganida xodimning ish unumdorligi pasayishi tabiiy. Shunday ekan, vaksina olgan xodimga o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lishi uchun sharoit yaratib bergan afzaldir.

O‘tgan yili mamlakatimizda qat’iy karantin talablari hukm surganida imkoni bor tashkilotlar o‘z xodimlarini masofaviy mehnatga o‘tkazdi. Kompyuter orqali bajariladigan ishlarda uydan turib mehnat qilish ish sifatiga ta’sir qilgani yo‘q. Demak, bu amaliyotga vaksina olgan fuqaro manfaati yuzasidan hozir ham qisman murojaat qilishga haqlimiz.

Afsuski, mazkur masalaga parlament tomonidan jiddiy yondashilmagan. Vaholanki, qonunlar bir tomonlama emas, mukammal yaratilishi lozim. Ish beruvchiga faqat huquq berilgan, lekin unga majburiyatlar ham yuklatish zarur. Deputatlar va senatorlar nega ushbu omillarni nazardan chetda qoldirishgan, degan taassufdamiz», degan Abduhalimov.

Prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan partiya rahbarlari bunday faollikni boshlab yuborishgani e’tiborga molik. Masalan, yaqinda «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov Jinoyat kodeksiga yangi bob qo‘shishni taklif qilib chiqqandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring