Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

JSST koronavirus bo‘yicha Turkmanistondagi o‘n kunlik missiyasini tugatdi: xo‘sh, nimalar aniqlandi?

JSST koronavirus bo‘yicha Turkmanistondagi o‘n kunlik missiyasini tugatdi: xo‘sh, nimalar aniqlandi?

Foto: «Yandex»

Ma’lumki, Turkmanistonda birorta ham koronavirus holati rasman qayd etilmagan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatdagi vaziyatni baholash uchun 6-iyul kuni Turkmanistonga yetib kelishgandi. Bugun, ya’ni 15-iyul kuni olib borgan ishlari bo‘yicha o‘z xulosalarini bildirishdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha yetakchi mutaxassisi doktor Katrin Smolvudning so‘zlariga ko‘ra, Turkmaniston sog‘liqni saqlash tizimi koronavirusga qarshi kurashish uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan.

JSST delegatsiyasi o‘tgan hafta dushanba kuni o‘n kunga Turkmanistonga tashrif buyurgandi.

«Turkmaniston sog‘liqni saqlash tizimi COVID-19 ga qarshi kurashish uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan. Biz Turkmaniston sog‘liqni saqlash infratuzilmasi har qanday kasallikning keng tarqalishi va ko‘payishiga dosh bera olishi uchun favqulodda rejalarni faollashtirishni va ushbu tizimni butun mamlakat bo‘ylab yanada kuchaytirishni tavsiya etamiz», — dedi Smolvud JSSTning respublika bo‘ylab missiyasi yakuniga bag‘ishlangan press-brifingda.

U, shuningdek, tibbiyot xodimlarini tinimsiz o‘qitish va ularni himoya qilish bo‘yicha chora ko‘rish kerakligini ta’kidlagan.

«Biz turli darajadagi uch-to‘rtta shifoxonaga tashrif buyurdik. Yuqumli va ko‘p tarmoqli gospitallar shular jumlasidan. Turkmaniston yaxshi shifoxonalar infratuzilmasiga ega, deb ayta olamiz. Ular juda yaxshi jihozlangan. Biz respiratorli kasalliklardan qiynalayotgan ko‘p bemorlarni ko‘rmadik, shifoxonalar ham to‘lib-toshmagan. Shunga ko‘ra hammasi koronavirus bemorlarini qabul qilishga tayyor», — deb qo‘shib qo‘ydi JSST eksperti.

Turkmaniston hukumati mamlakatda yangi tipdagi koronavirus bilan bog‘liq birorta ham holat qayd etilmaganini xabar bergan. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash va tibbiy sanoat vazirligi mulkchilik shaklidan qat’i nazar, mamlakatdagi barcha korxona, tashkilot va muassasa xodimlarini yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarga amal qilishga chaqirgan. Bu chora-tadbirlar tibbiy niqob taqish, qo‘lqop kiyish, transport, xona, qo‘llarni muntazam dezinfeksiya qilishdan iborat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring