Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Assalom, Navro‘z» kino-oyligining uchinchi kuni boshlandi

«Assalom, Navro‘z» kino-oyligining uchinchi kuni boshlandi

24 mart kuni «O‘zbekkino» Milliy agentligi tomonidan «Assalom Navro‘z» kino-oyligiga tantanali bayram dasturi bilan start berilgan edi.

25 mart kuni esa Agentlik buyurtmasiga binoan suratga olinadigan 2021 yildagi yangi kinoloyihalarga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Unda Hilol Nasimovning «Meros», Akbar Bekturdiyevning «Uzbechka», Dilmurod Masaidovning «Ayol qismati», Ibrohim Rasulovning «Muhabbat bahori», Hasan Alijonovning «Hayot afsunlari», Akrom Isakovning «Rioyaga yo‘l» hamda «Avloniy» filmining serial va badiiy publitsistik versiyalari taqdim etilib, ish jarayonlari muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi qismida O‘zbekiston xalq artisti Mukambar Rahimovaning 80 yillik yubileyi munosabati bilan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalq artistlari Rixsi Ibrohimova, Yoqub Ahmedov, Xayrulla Sa’diyev, Gulchehra Jamilova, Elyor Nosirov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Matyoqub Matchonov, Noila Toshkenboyeva, Saida Rametova va boshqa ijodkorlar so‘zga chiqib, aktrisa haqida iliq fikrlarni bildirishdi. Ustoz san’atkorning hamkasblari va do‘stlari Mukambar Rahimovaning ko‘p yillik ijodiy faoliyati haqida so‘zlab, o‘tgan voqealarni xotirlashdi. Kun yakunida rejissyor Zulfiqor Musoqovning «Hayrat» badiiy filmining katta premerasi bo‘lib o‘tdi. Bugun esa oylikning uchinchi kuni ish boshladi.

Kun boshida taniqli kinoijodkorlar guruhidan tarkib topgan «Kinokarvon» viloyatlarga yo‘l oldi. «Kinokarvon» Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlariga safar qilib, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazadi. Muhammadali Iskandarovning «Men terrorchi emasman», Ergash Mo‘minovning «Orzular qanotida», Hilol Nasimovning «Meros», Zulfiqor Musoqovning «Hayrat» va Fotih Jalolovning «Muqimiy» filmlari premeralari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Karvon bilan birga yo‘lga chiqqan mobil kinoteatrlar olis qishloqlargacha borib, mahalliy aholiga ushbu filmlar namoyishini uyushtiradi.

Shuningdek, «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalining tashkiliy masalalari bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tadi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Armaniston, Rossiya va boshqa davlatlardan xalqaro ekspertlar uchun ZOOM platformasida onlayn muloqot tashkil etiladi. Undan so‘ng «O‘zbekkino» MA, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Ayollar media klubining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. "O‘zbek kinolarida gender tenglik masalalari" mavzusidagi davra suhbatida media sohasining taniqli vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishadi.

Kun yakunida «O‘zbekkino» MA buyurtmasiga binoan «O‘zbekfilm» DUK tomonidan suratga olingan rejissyor Fotih Jalolovning «Muqimiy» tarixiy-badiiy filmining katta premerasi bo‘lib o‘tadi. Eslatib o‘tamiz, kino-oylik davomida «Yoshlar va kino» mavzusida uchrashuvlar, pitchinglardan tashqari Elyor Ishmuxammedov, Xilol Nasimov, Ali Xamroyev, Rustam Sagdiyev, Odelsha Agishev va Rashid Malikovlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladi. Aytib o‘tish joizki, joriy yilda yoshlar masalasiga muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda va bir qator grantlar ajratish va treyninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Yangi kino-oylik munosabati bilan "O‘zbekkino" Milliy agentligi o‘zbek kinosi klassik durdonalari "Tohir va Zuhra", "Alisher Navoiy", "Mahallada duv-duv gap", "Kelinlar qo‘zg‘oloni" kabi yana 8ta badiiy va 100 dan ortiq multiplikatsion filmlarning etalon negativlarini Rossiya davlat kinofondidan yurtimizga qaytardi. Filmlar oylik doirasida yurtimiz telekanallariga tantanali ravishda taqdim etiladi. Ushbu loyiha O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring