Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Axborotni jilovlab bo‘lmadi. «O‘zbekkino» rahbari o‘ziga nisbatan «isyon» yuzasidan bayonot bermoqchi

Axborotni jilovlab bo‘lmadi.  «O‘zbekkino»  rahbari o‘ziga nisbatan «isyon» yuzasidan bayonot bermoqchi

Foto:«Gazeta.uz»

Kecha kechki payt peshqadam saytlardan «Daryo.uz»da bir guruh kino namoyondalari «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov ustidan  hukumat rahbariga shikoyat qilganiga oid maqola chop etildi. Unda agentlik rahbarligiga kelganiga sakkiz oy bo‘lmagan F. Abduxoliqov faoliyatiga nisbatan o‘ta jiddiy e’tiroz va ayblovlar bayon etiladiki, shundanmi darhol jamoatchilik e’tiborini tortdi. Oradan sanoqli soatlar o‘tib, maqola saytdan o‘chirilsa-da, ayni axborotni jilovlash imkoniyati qo‘ldan ketgandi. Zero, axborot ijtimoiy tarmoqlarga sizib,  bahs-muhokamalar qizigandan qizib bormoqda. Taniqli adib Murod Muhammad Do‘st ta’biri bilan aytganda «axborot «Daryo»dan o‘chirilsa ham ummonda suzib» yuribdi.

O‘zbekiston kinematografiya sohasi arboblari, mutaxassislari, rejissyorlar va aktyorlardan iborat yuz nafardan ortiq kishi imzo qo‘ygan shikoyatda (ular orasida «O‘zbekkino» bosh direktori birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, bosh direktor o‘rinbosari Nizom Mahmudov, «O‘zbekfilm» direktori Fotih Jalolov, O‘zbekiston kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy direktori Bahrom O‘tanov, «Multstudiya» direktori Sevara To‘laganova, «Respublika kinofondi» direktori Shuhrat Umarov va boshqalar bor) Firdavs Abduholiqovning qisqa faoliyati yaxshigina elakdan o‘tkazilgani ko‘rinadi.

Murojaatchilarga ko‘ra: «...asosiy maqsad — bugungi kunga kelib milliy kinematografiya sohasini rivojlantirish emas, balki hech bo‘lmaganda bor obro‘sini yo‘qotib, uni xarob qilishdan saqlab qolishdan iborat». Chunki: «...Firdavs Abduxoliqov hukumat qarori bilan o‘rnatilgan tartibga bo‘ysunmay, «yakka o‘zim hal qilaman» qabilida ish tutmoqda. U «O‘zbekkino» qoshida faoliyat yuritadigan Badiiy kengash tomonidan kollegial hal etilgan masalalarni to‘xtatib qo‘yish amaliyotini joriy eta boshlagan». Bundan tashqari agentlikda «Qo‘l ostidagi xodimlarga va Badiiy kengash a’zolariga o‘z lavozimini suiste’mol qilgan holda ta’sir o‘tkazish orqali Badiiy kengash boshqaruvini o‘z tizginiga olish va o‘ziga maqbul a’zolarni kengash tarkibiga kiritish uchun turli harakatlar avj olgan. Xususan, joriy yilning mart oyida Agentlik bosh direktorini Badiiy kengash raisi sifatida belgilash to‘g‘risida buyruq qabul qilinib, uning tarkibiga shu kunga qadar Badiiy kengash a’zolari sifatida ishlab kelgan tajribali ijodkorlar o‘rniga kino sohasiga aloqasi bo‘lmagan shaxslar kiritildi», deya ta’kidlanadi murojaatda.

Shuningdek, kinoijodkorlar murojaatida «O‘zbekkino» Milliy agentligi markaziy apparati xodimlari orasida tushkun holat yuzaga kelishi tufayli koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat ikkinchi o‘ringa o‘tib qolgani ham aytiladi. Mart oyida bosh direktor e’tirozlarga qaramasdan agentlik markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasiga 2 nafar bosh direktor maslahatchisi, 2 ta bo‘lim, 2 ta xizmat, 3 ta sektor kabi yangi tarkibiy bo‘linmalar kiritilgan hamda «O‘zbekkino» faoliyatiga umuman aloqasi bo‘lmagan «Fan va ta’lim», «Metsenatlik» va PR yo‘nalishlari tashkil etilgan.

Bundan tashqari «So‘nggi yarim yil ichida o‘ndan ortiq tadbirlar tashkil etilgan bo‘lib, ularni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar 1 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Bosh direktorning o‘zi muntazam ravishda maqsadsiz xorijiy safarlarga chiqishi, xorijiy mehmonlarni kutib olish va ularning xarajatlarini «O‘zbekkino» Milliy agentligi hisobidan qoplash odatga aylangani»ga ham urg‘u beriladi.

Murojaatdagi jiddiy ayblovlardan yana biri: «O‘tkazilayotan tadbirlarda va xorij safarlarida chet el kinokompaniyalari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish masalasida shartnomalar, kelishuvlar va memorandumlar imzolanishi tantanali ravishda bo‘rttirib ko‘rsatilmoqda. Aslida ushbu kelishuvlar ahamiyatsiz bo‘lib, ular yuzasidan konkret shartnomalar imzolanmaganligi, ularning nomiga faqatgina ko‘zbo‘yamachilik va jamoatchilikni aldash uchun qilinayotganligi»dir.

«Kun.uz» muxbiriga ko‘ra, u murojaatda aks ettirilgan vajlar bo‘yicha izoh olish maqsadida «O‘zbekkino» Milliy agentligi direktori bilan telefon orqali bog‘langan. O‘z navbatida Firdavs Abduxoliqov yaqin vaqt ichida ushbu masala yuzasidan bayonot berishini ma’lum qilgani aytiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring