Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh vazir bir guruh kinoijodkorlar bilan uchrashdi

Bosh vazir bir guruh kinoijodkorlar bilan uchrashdi

Foto: «Qavletovuz»

Joriy yil aprel oyida bir guruh kinoijodkorlar sohadagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy yordam so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga murojaat qilgan edi.

Murojaatda ko‘tarilgan masalalarni atroflicha muhokama qilish va bamaslahat hal etish maqsadida O‘zbekiston Bosh vaziri mamlakatimiz kino mutaxassislari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘zbek kinematografiyasi: bugungi kun va istiqbol» mavzusida davra suhbati shaklida o‘tgan ushbu uchrashuvda Bosh vazir Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil avgust oyida O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda hukumat oldiga qo‘ygan qator vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot berdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda milliy kinematografiya rivojiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan katta e’tibor natijasida sohada muayyan yutuqlarga erishilgani, mazmun va shakl jihatidan rang-barang kino asarlar yaratilib, ular tomoshabinlar e’tiborini qozongani qayd etildi.

Shu bilan birga, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham borligi, ya’ni, muayyan kinostudiyalarning moddiy-texnika bazasi jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirgani, kinofilmlarni moliyalashtirish tizimining bugungi kun talablariga javob bermasligi, kinoteatrlar va malakali kadrlar yetishmasligi, yaratilgan filmlar targ‘iboti sust kechayotgani ta’kidlandi.

Hukumat rahbari kino san’ati inson saviyasi yuksalishida muhim rol o‘ynashini, shuning uchun songa emas sifatga e’tibor qaratib, g‘oyasi va tarbiyaviy ahamiyati yuqori bo‘lgan badiiy film va seriallar yaratish lozimligini bildirdi.

Shuningdek, jamiyatda xalqimiz, avvalo, yoshlar ongiga milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdirishda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan kino san’atining rolini oshirish bugungi kunning talabi ekanini qayd etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan qator kinoijodkorlar ijodiy faoliyati davomida duch kelayotgan ayrim muammolarni hal etish yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Xususan, keyingi vaqtlarda g‘oya va saviya jihatdan sayoz film va seriallar nisbatan ko‘paydi, ularda adabiy til qoidalariga aytarli rioya qilinmayotir, kinoteatrlar sust faoliyat yuritmoqda, dublyaj san’ati rivojiga e’tibor yo‘qolgan, multiplikatsion va animatsion filmlar yaratish talab darajasida emas, yaratilgan filmlarning targ‘iboti aytarli yo‘lga qo‘yilmagan. Shu singari kamchiliklar soha rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan davra suhbatida bildirilgan takliflarni amalga oshirish, sohadagi ba’zi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish uchun barcha kinoijodkorlar bir yoqadan bosh chiqarib, bamaslahat ishlashi lozimligi qayd etildi.

Kino san’ati rivoji yo‘lida bu kabi uchrashuv va davra suhbatlarini tez-tez o‘tkazib turishga kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring