Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Obid Asomov: «Bizda multfilm o‘gay boladek, nikohsiz tug‘ilgan go‘dakdek bo‘lgan!»

Obid Asomov: «Bizda multfilm o‘gay boladek, nikohsiz tug‘ilgan go‘dakdek bo‘lgan!»

Endi eng asosiy maqsadim: multfilmni ko‘tarish.

Kadr: «YouTube»

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, so‘z ustasi Obid Asomovning «Multiplikatsion filmlar studiyasi» davlat unitar korxonasiga direktor lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergan edik. Xo‘sh, u yangi ishni nimadan boshladi? Shu haqda so‘radik.

— Noldan boshladim. Noldan! Multiplikatsiya sohasi bolaligimizdan hammamizga tanish, bu birinchidan. Ikkinchidan, xabaringiz bo‘lsa, men rassomchilikda ancha yil davomida o‘qiganman, o‘ziga yarasha bilimim bor. Albatta, har bir inson kabi men ham o‘zbek bo‘lganim uchun millatimning san’atini ko‘tarishga astoydil harakat qilaman. Multfilm ham o‘zbek san’atining bir qirrasi. Mening asosiy fikrim shunday: bola boshidan deyishadi, shunday ekan, eng avvaldan tarbiyalash kerak. Esingizda bo‘lsa, bir kishi Ibn Sinoga «men bolamni tarbiyalamoqchiman, tarbiyani qachon boshlash kerak?» degan. U kishi «bolangiz necha yoshda?» deb so‘ragan. «Endigina to‘qqiz oy bo‘ldi» degan. Shunda Ibn sino «siz to‘qqiz oy kechikibsiz» degan ekan.

Bugun bolalarimiz milliy ruhda tarbiyalansin deb ko‘p aytiladi, lekin bolalar televizorda nima ko‘rayapti, bir o‘ylab ko‘raylik. «Bolajon» kanalini qarang, ertalabdan Fransiya, Amerika multfilmlari, nari borsa, «Tachki-machki», bir balolar, hatto «Cho‘chqa Perper» degan multfilmlar... Musulmonmiz biz. Bular bola tarbiyasiga yaxshi ta’sir qiladi, deb o‘ylaysizmi? Bola boshidan buzilayapti, amerikacha, fransuzcha multfilmlarni ko‘rayapti. Bu multfilmlar o‘zining odatini targ‘ib qiladi, qahramonlar kuchuk, mushuk, it, eshak bo‘lsa ham ovqatlanish tarzi, muomala tarzi ularniki. Fransuzcha hayotni targ‘ib qiladi yoki Amerika transformerlari jaholat, zo‘ravonlikni targ‘ib etadi. Uni ko‘rgan bola o‘zbek bo‘lib voyaga yetmaydi, «O‘tkan kunlar» degan kitobni o‘qimaydi. Shunday ekan, biz bolajonlarimizni avval boshidan o‘zbekcha tarbiyalashimiz, transformerlardan qaytarishimiz uchun hech bo‘lmasa shu multfilmlar darajasida multfilmlar yaratishimiz zarur. Agar qo‘limizdan kelsa, ularnikidan ham zo‘r tayyorlashimiz kerakki, bolaning o‘zi bizning multfilmlarni ko‘rsin, noutbugiga ko‘chirib olsin.

— Fikringiz to‘g‘ri, ammo shu o‘rinda bir mulohazamizni ham aytib o‘tsak: bolalarimiz chet el hayotini ham tanishi kerak-ku?

— Yo‘q, men umuman tanimasin demoqchi emasman. Aks holda tashqi dunyodan ajralib qolamiz. Masalan, men Hindistonga juda ko‘p borganman. Ularning g‘alati bir odati bor. Hindlar qaysi mamlakatning kinosi bo‘lsa, o‘zining millatiga ko‘p ko‘rsatmaydi, ya’ni qaysi mashhur film chiqqan bo‘lsa, hindcha talqinini suratga oladi. «Rembo», «Rokki» deysizmi! Hatto Robert de Niro o‘ynagan «Bir kuni Amerikada» filmining hindcha talqini bor. Faqat «Titanik»ni suratga olishmadi, pullari yetmadi, shekilli (kuladi). Maqsad nima? Maqsad — «biz hindmiz, zo‘r kino bo‘lsayam hindchasini suratga ol». Ssenariyni sotib olib, milliy ruhda suratga olish — bu ham tarbiyaning bir usuli.

Men multfilmga bosh qo‘shganim, bu ishga rozi bo‘lganimdan maqsad — vaholanki, ko‘pchilik hayron bo‘ldi, Obid qiziqchi bo‘lsa, multfilm qayerda-yu Obid qayerda deyishdi — o‘zbek milliy multfilmini ko‘tarish. Hozir yana bir muammo: multfilm-ku ishlanayapti, rosa ko‘p turibdi, lekin O‘zbekiston televideniyesi birortayam o‘zbek multfilmini ko‘rsatmaydi. Savol: nima uchun?

Yo‘q, ko‘rsatishga ko‘rsatadi, ammo kam.

— Juda kam. Judayam kam.

— Xo‘p, siz multiplikatsiya rahbari sifatida ayting: efirni faqat o‘zbek multfilmlari bilan to‘ldira olasizmi?

— Men faqat bizning multfilmlar berilsin deyotganim yo‘q. Bir kunda milliy multfilmlarimiz deb yozilsinu yigirma daqiqa qo‘yilsin.

«Zumrad va Kimmat» qo‘g‘irchoq filmidan fotolavha.

Yigirma daqiqa kam.

— Boshlanishiga shu yetadi. Yigirma daqiqada to‘rt-beshta multfilmimizni ko‘rsatadi. Bu yoqda, bagajda zaxirada multfilmlar juda ko‘p, tiqilib yotibdi. Misol uchun, men o‘zim yigirmadan ortiq, o‘ttiztacha multfilmga ovoz berganman. Gap bunda emas, boshqa yoqda. Davlat bizga pul berayapti, kattagina summa ajratayapti. Biz davlatning buyurtmasini bajarayapmiz, multfilmni chizib berayapmiz. Davlat bizdan tayyor mahsulotni olayapti. Ana shu yerga kelganda uzilish! Uyog‘iga mahsulot nima bo‘layapti — xudoga ayon. Aslida bu mahsulot ishlatilishi kerak, davlatning pulini yedik, u ko‘rsatilishi, televizorda targ‘ib qilinishi kerak. 2021-yilga borib 50 ta mutfilm qilib berasan deyapti davlat. Bu juda katta buyurtma. Hozir beshta, ilgari ikkita bo‘lgan. Bu yil 15 taga chiqadi. Katta gap, davlat pulni ayamayapti. Multfilm ichida muammo serob.

Biz uchun alohida bino qurilmoqda, «O‘zbekfilm»dan ajralib chiqdik. Hammasi yaxshi, katta miqdorda pul ajratildi. Hozir multfilmni chizadigan bolalar yetishmayapti. Teatr institutida Mauzer akamiz multiplikatsiya fakultetini ochdi. Bizga chizadigan zo‘r qo‘llar kerak. Bundan tashqari, bolalarbop, tarbiyaviy ahamiyatga ega, o‘zbekchilikni targ‘ib qiladigan yaxshi, qiziqarli ssenariylar kerak.

Dunyoda multiplikatsiyaning mavqei baland, shunchaki bizda multfilmni tashlab qo‘yishgan. Shu kungacha umuman ahamiyat berilmagan. Bilsangiz, maktabda rasm darsini hech kim mensimasdi. Xuddi shunga o‘xshab multfilm o‘gay bola bo‘lgan-da, nikohsiz tug‘ilgan go‘dakday bo‘lib turgan! Mana endi katta e’tibor berildi. Bemalol yozishingiz mumkin, men, Obid Asomov, pul uchun bu sohaga kelganim yo‘q, faqat millatning multfilmini ko‘tarishni maqsad qildim. Bolalarim, nevaralarim bor. Nevaralarim o‘zbek multfilmini ko‘rib qolishsa, «sizni ko‘rsatishayapti» deb dodlab qolishadi. Vaholanki, men faqat ovoz berganman, ularning nazarida bu qahramonlar menman.

«Ikki chelak non» multfilmidan fotolavha.

— Odatda yangi rahbar ishni kadrlarni almashtirishdan boshlaydi. Siz ham shunday qilmoqchimisiz?

— Men ham shundan boshlamoqchiman. Yangi korxona bo‘lgani bois hozir hammani ishdan bo‘shataman, keyin qaytadan qabul qilaman. Lekin hech kimni haydab yuborish niyatim yo‘q. Xodimlarning hammasi yaxshi, men ular bilan gaplashdim. Rassomlar darhol bir-birining tilini topib oladi. Men ular bilan gaplashishga qiynalmayman, shu sohaning ikir-chikirigacha kirib bormagan bo‘lsam-da, umumiy tasavvurim, tushuncham bor, qanday olinishi, texnologiyasini bilganim, musiqasidan tortib, ovoz berishigacha hammasiga aqlim yetadi. O‘zi bular kam, ishdan haydashning ham iloji yo‘q (kuladi). Barmoq bilan sanoqli. Yangicha yondashuv kerak, albatta. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

— O‘z vaqtida Rey Bredberi asari asosida suratga olingan o‘zbek multfilmi yuksak mukofotni qo‘lga kiritgani haqida eshitgan edik. Nozim To‘lajo‘jayev davrida. Shunday maqsad, rejalar ham bormi?

— Bor albatta. Dmitriy Vlasov degan rassomimiz, masalan, Eron, Isroil va boshqa davlatlardan bir nechta gran-pri olib kelgan. Hattoki, bir-ikkita multfilmlarida men ovoz berganman. Multfilmlarimiz bo‘sh demoqchi emasman, hech qachon bunday bo‘lmagan. Kadrlar zo‘r, yaxshi mutaxassislar bor. Faqatgina sharoitni yaxshilash kerak, erta-indin yangi bino ta’mirdan chiqsa, ko‘chib olsak, chet eldan yil oxirigacha juda katta zamonaviy apparaturalar olib kelinayapti. Ularning puli to‘langan. O‘sha uskunalar qo‘limizga tegsa, «Uolt Disney» darajasida bo‘lmasa-da, sal berirokdan joy olishga harakat qilamiz.

— Yana bitta savol: o‘zbek multfilmi deyilsa, ko‘proq ertaklar tushuniladi. Masalan: «Zumrad va Qimmat», «Urto‘qmoq». Zamonaviy mavzuda ham multfilmlar suratga olinadimi?

— Bizning oqsagan tomonimiz ham shu, o‘zbek multfilmi zamondan ancha orqada qolib ketgan. Yigirma birinchi asr, hamma bolalarning qo‘lida ayfondaqa smartfonlar, bizda esa «Zumrad va Qimmat» bo‘lib turibdi. Multfilm zamon bilan hamqadam bo‘lishi kerak. «Tachki» degan multfilmni nevaralarim yaxshi ko‘rishadi. Chunki mashinalar bir-biri bilan gaplashadi, dialoglarni eshitsangiz, hammasi zamonaviy gaplar, bugungi hayot. Shuning uchun bolalar ularni ko‘rgisi keladi. Qolaversa, men bolaning psixologiyasini juda puxta o‘rganganman. Agar ularga bolalarcha munosabatda bo‘lsangiz yoqtirishmaydi. O‘zingiz bilan baravar darajada gaplashishingiz kerak. O‘shanda bola maza qiladi. Amerika multfilmlarida bolalarga kattalardek murojaat qilingan, shuning uchun yotvolib ko‘rishadi. Aslida men aytganimdek, multfilm o‘gay emas, katta mablag‘, pul ishlasa bo‘ladigan soha. Bir, bir yarim soatdan iborat to‘liq metrajli Amerikaning «Qirol sher», «Madagaskar»ga o‘xshagan multfilmlari, bilasizmi, ijodkorlarga milliard-milliard pul keltirgan. Haqiqatan professional darajada zo‘r suratga olingan. Aytmoqchimanki, multfilm ham iqtisodiy jihatdan foyda keltiradi.

«O‘zbekfilm» tarixida birinchi marta «No‘xatpolvon» nomli to‘liq metrajli multfilm suratga olindi. Ikki-uch yil davomida juda qiyinchilik bilan olingan. Men o‘zim ham ovoz berganman. Ssenariy yozilganda tepasida turganman. Davomiyligi bir soatu o‘n daqiqa. Bir yoki ikki marta ko‘rsatishdi, hozir qayerda yotibdi, taqdiri nima bo‘ldi, bilmayman. Uniyam topish kerak.

Ya’ni ish qilinayapti, lekin ro‘yobga chiqmayapti. Birinchi o‘zbek to‘liq metrajli multfilmi! Butun multfilm studiyasi bosh qo‘shib baravar ishlagan. Targ‘ibot masalasini ham yo‘lga qo‘yib olsak yaxshi bo‘lardi. Tayyor mahsulotni ko‘rsata bilish ham kerak-da! Mening birinchi o‘rinda qo‘yadigan masalam ana shu targ‘ibot! Yana bir maqsadim: o‘zimizning multqahramonlarni yaratish! «Masha va ayiq», «Tom va Jerri» o‘ziga xos brend bo‘lib qoldi. Yoki «Mikki Maus»ni ayting. Bizning bolalarimiz uchun o‘zimizning shunday qahramonlarimiz yo‘q. Men shu masalani butun O‘zbekiston ahli oldiga qo‘ymoqchi edim. Farzandlarimiz, bolalarimiz bor. Hatto bolalardan so‘rashimiz kerak: nimani, qanday qahramonni xohlaydi, hayvonmi, odammi... Ijtimoiy so‘rov e’lon qilib, shu mavzuda iloji boricha chaqqon tarzda o‘zbek milliy qahramonni yaratsak, bosh maqsadga erishamiz.

Obid aka, o‘zingizning «Obid-A» teatringizga xalaqit bermaydimi bu ishingiz? Rossiyaga borib turish masalasi qanday bo‘layapti?

— Teatrimiz ishlab turibdi, to‘xtab qolmaydi. U o‘z yo‘liga. Sira xalaqit bermaydi. Chunki san’at hech qachon bir-biriga xalaqit bermaydi. Masalan, maqom ansamblida biri skripka chaladi, boshqasi tanbur, bu yoqda har bittasi zo‘r hofiz. Rossiyaga borishga esa hozir vaqt ham bo‘layotgani yo‘q. O‘rtoqlar chaqirishsa boramiz. Yumorina bo‘ladi. Avgustda borishim mumkin, xolos. Endi eng asosiy maqsadim: multfilmni ko‘tarish.

P/S. Biz efir vaqtining qancha qismi milliy multfilmlarga ajratilishini bilish maqsadida «Bolajon» telekanaliga qo‘ng‘iroq qildik. Go‘shakni ko‘targan xodim buni muharrirlar bilishini, hali hech kim ishga kelmagani, hamma montaj, s’yomkada ekanligini, sal turib qo‘ng‘iroq qilishni aytib javob berishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring