Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda Italiya universiteti filiali ochiladi

Buxoroda Italiya universiteti filiali ochiladi

O‘tgan yilning aprel oyida Buxoroda O‘zbekistonning Rimdagi elchixonasi tomonidan qo‘shma loyiha asosida Luidji Vanvitelli nomidagi Kampaniya universitetining (UniCampania) talabalar kampusi (filiali)ni tashkil etish bo‘yicha taklif bildirilgan edi.

Ushbu loyihaga ko‘ra, Buxoro muhandislik texnologiya institutida muhandislik hamda arxitektura va qurilish, Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida tibbiyot yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilishi bildirilgan. Viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev o‘zaro hamkorlikni amalga oshirishda viloyat rahbariyati tayyor ekanini ta’kidlagan edi. Shu asosda, Italiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Luiji Vanvitelli nomidagi Kampaniya universiteti filialini Buxoroda tashkil etish bo‘yicha kelishuv memorandumi imzolangan.

«Biz yaqinda Italiyaning mazkur universiteti bo‘lib, yirik loyihalarni mo‘ljallab qaytgandik. Kuni kecha esa institutimizga ushbu davlatning Kampaniya universiteti prorektorlari Luidji Maffei hamda Serdjio Minuchchilar kelishdi. Mazkur universitetning o‘quv dasturlari asosida qurilish, arxitektura, kiyimlar dizayni, oliy hamshiralik yo‘nalishlarida bakalavr hamda magistrlar tayyorlashga kelishildi. Ikki oliygoh o‘rtasida ikki tomonlama professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, turli ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi», – deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev «Xabar.uz»ga bergan intervyusida.

Bildirilishicha, Kampaniya universiteti vakillari Buxoro institutida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, tibbiy texnik vositalar, yangi klinika hamda Simulyasion markaz imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishgan. Ilgariroq hamkorlikda tashkil etilgan Oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar bilan muloqotda bo‘lishgan. Shundan so‘ng Buxoro oliygohida mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda tibbiyot, farmatsevtika va turli tor mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilinib, Buxoroda Italiya universiteti filialini tashkil etishga kelishilgan.

«Kelgusida Kampaniya universiteti mutaxassislari O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari ilmiy laboratoriyalarini ham modernizatsiya qilishga ko‘maklashadigan bo‘lishdi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalarga PhD darajasini olish uchun grantlar ajratiladi. Hamkorlik jozibadorligi o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun Italiyaga borishi hamda ikki tomonlama diplom asosida tahsil olayotgan talabalarning Kampaniya universitetida o‘qishini amalga oshirish ishlari bilan boshlab yuboriladi», – dedi institut rektori.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring