Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda ish bermagan «kambag‘allikni tugatish» usuli Andijonda davom etadi

Namanganda ish bermagan «kambag‘allikni tugatish» usuli Andijonda davom etadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari e’lon qilinadigan portalda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tayyorlagan Andijonda «Xitoy tajribasi asosida» issiqxonalar tashkil qilish va ularni kambag‘al oilalarga tekin foydalanish uchun ijaraga berishga doir Hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Xitoy tajribasi asosida har bir tuman (Oltinko‘l, Shahrixon, Baliqchi va Buloqboshi tumanlari)da 5 gektarda 10 sotixli bo‘lgan issiqxona xo‘jaliklari (bitta maydonda kamida 40 ta issiqxona bo‘lishi kerak) tashkil qilinadi.

Tashkil qilingan issiqxonalar esa kambag‘al oilalarga tekin foydalanish uchun 2 yil muddatga ijaraga beriladi.

Issiqxona qurib berish, urug‘, ko‘chat va o‘g‘itlar yetkazib berish hamda to‘liq agroservis xizmatlarini ko‘rsatish xizmatlari hokimlik va tegishli idoralar tomonidan ko‘rsatiladi. Ushbular uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar esa Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.

O‘z navbatida, kambag‘al oila, issiqxona xo‘jaliklarida o‘zini o‘zi band qilgan holda faoliyat olib boradi hamda ularda mahsulotlar yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan belgilangan tumanlarda kambag‘al oilalarni daromad topishga o‘rgatadigan 6 nafar xodimi bo‘lgan «Boshqaruv ofislari» tashkil etiladi.

4 yil muqaddam esa…

Bundan 4 yil muqaddam, aniqrog‘i 2020-yilning 26-iyunida Namangan viloyatining Chortoq tumani Baland adir hududida tumandagi kambag‘al oilalar uchun 2 sotixli jami 1000 ta issiqxona loyihasi Prezident Mirziyoyevga taqdimot qilingan edi.

Mazkur issiqxonalar ham viloyat hokimligi hamda sobiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (hozirgi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi) hamkorligida “Bir joyda - ming oila issiqxonasi” shiori ostida amalga oshirilgan.

Umumiy qiymati 13 milliard so‘m bo‘lgan o‘sha loyihaga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan 6,7 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari va tijorat banklarining 6,3 millard so‘mlik imtiyozli krediti yo‘naltirilgan. 

Issiqxonada ishlagan kambag‘al oilalarning har biriga esa 13,5 mln so‘mdan imtiyozli kredit berilgan va bu qarzning 50 foizi davlat tomonidan qoplangan. 

Biroq…

Biroq bir yil o‘tar-o‘tmas, ijtimoiy tarmoqlarda Baland adir hududidagi issiqxonalarning xarob holga kelib qolgani aks etgan videotasvir tarqalgach, tuman hokimligi holatni qattiq esgan shamol bilan bog‘lagan edi.

2023-yilning iyuniga kelib esa Hisob palatasining «oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturiga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan o‘tkazgan nazorat tadbirlari»da Chortoq tumani Baland adir hududida 2020-yilda tashkil etilgan 1 000 ta 2 sotixlik issiqxonalarning 95 foizi yaroqsiz holga kelib, ulardan foydalanilmayotgani aniqlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring