Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbek-turkman o‘rtasidagi 2 ta chegara posti faoliyati qayta tiklanishi mumkin

O‘zbek-turkman o‘rtasidagi 2 ta chegara posti faoliyati qayta tiklanishi mumkin

Turkmaniston delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda har ikki tomon suv masalalari bo‘yicha aloqalarini Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasida, suvdan foydalanish bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhlar doirasida izchil rivojlantirib borayotgani qayd etildi.

Shuningdek, oxirgi yillarda o‘zaro hamkorlik va erishilayotgan kelishuvlar natijasida Amudaryo havzasida suv ta’minoti darajasini yaxshilash bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilayotgani ta’kidlandi.

Jumladan, Amudaryodan Surxondaryo viloyatida Amu-Zang, Qashqadaryo viloyatida Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadi, Buxoro viloyatida Amu-Buxoro mashina kanali nasos stansiyasi orqali suv olinadi. O‘z navbatida, Qarshi magistral kanali orqali Turkmaniston hududiga suv yetkazib beriladi. Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadining 6 ta nasos stansiyasi Turkmaniston hududida joylashgan bo‘lib, o‘zbekistonlik suvchilar qo‘shni davlat hududiga o‘tib, ularni ishlatadi.

Turkmaniston Amudaryodan o‘z hududidagi Qoraqum va boshqa kanallar hamda kichik nasos stansiyalari orqali suv oladi.

O‘zbekistonning Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston hamda Turkmanistonning Toshovuz viloyati hududlarini suv bilan ta’minlovchi Tuyamo‘yin suv ombori ikki mamlakat chegara hududlarida shakllanadi. Undan chiqariladigan suv Turkmandaryo hamda Chapqirg‘oq magistral kanallari, shuningdek, Tuyamo‘yin gidrouzelining pastki qismi, Amudaryoning chap tomonidan Xonyop, Jumaboy soqa, Qilichniyazboy va Qipchoq-Bo‘zsuv kanallari orqali Toshovuz viloyati hududlariga yetkazib beriladi.

Qo‘shma komissiya yig‘ilishida yuqoridagilarni inobatga olib, Turkmaniston hududida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi ob’yektlariga xizmat ko‘rsatuvchi ishchilar uchun «Vaxta» rejimini bekor qilish hamda «Tallimarjon-Tallimerdjen» va «Drujba-Gazodjak» chegara postlari faoliyatini qayta tiklash masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Amudaryo suv resurslarini birgalikda boshqarish tizimini va ma’lumotlar almashinuvini avtomatlashtirish, Amudaryo qirg‘oqlarini mustahkamlash va o‘zanlarini to‘g‘rilash orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish hamda suvning to‘siqsiz o‘tish choralarini ko‘rish, «Tuyamo‘yin gidrouzeli Sultonsanjar to‘g‘onida suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish» hamda «Qarshi nasos stansiyalari kaskadini kapital qayta tiklash» (Faza-3) loyihalari doirasida jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga Turmaniston hududiga kirish vizalari berish kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Ko‘rilgan masalalar yuzasidan Bayonnoma imzolandi.

Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2024 yilda Turkmanistonning Turkmanobod shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring