Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga meva-sabzavot mahsulotlarini olib kirish talablari soddalashtirilyapti

O‘zbekistonga meva-sabzavot mahsulotlarini olib kirish talablari soddalashtirilyapti

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda deputatlar «Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Mazkur qonun loyihasi bilan «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi qonunga fitosanitariya mahsulotlarini import qiluvchilarga yengillik berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qayd etilishicha, amaldagi tartibda xorijiy mamlakatlardan olib kiriladigan karantin ostidagi mahsulotlarni O‘zbekiston hududiga kiritish uchun O‘simliklar karantini chegara punktlarida tadbirkordan eksport qiluvchi davlatning fitosanitariya sertifikati asl nusxasini ko‘rsatish talab etiladi. Ushbu hujjat taqdim etilmagan taqdirda, mahsulotlar davlat chegarasida turib qolishi, ortiqcha xarajatlarning ko‘payishi importyor-tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Ya’ni, yuqoridagi holatlar fitosanitariya mahsulotlarini olib kirish talablarini yanada soddalashtirish hamda milliy qonunchilikni xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirishni taqozo etmoqda. Ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda fitosanitariya sertifikati taqdim etilmaydigan mahsulotlarni mamlakatimizga olib kirishdagi to‘siqlarni olib tashlash maqsadida amaldagi tartib va talablarni qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan xorijiy mamlakatlarda fitosanitariya sertifikati talab etilmaydigan hamda fitosanitar xavfi past bo‘lgan karantin ostidagi mahsulotlarni xorijiy mamlakatlardan olib kirishda fitosanitariya sertifikatini talab etish amaliyoti bekor qilinmoqda.

Majlisda qonun tashabbuskorlari tomonidan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fitosanitariya talablarini yengillashtirish orqali tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratish va aholini zarur oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring