Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident 2024-yil uchun Davlat budjetini tasdiqladi

Prezident 2024-yil uchun Davlat budjetini tasdiqladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi.

Qonun bilan 2024-yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy va davlat dasturlariga ajratiladigan grant mablag‘larining belgilangan miqdorlari Qonunga o‘zgartish kiritilmasdan ko‘paytiriladi.

O‘zbekiston budjet tizimi budjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari bo‘yicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda:

  • respublika budjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;
  • 3 foizdan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 25 trln so‘m miqdorida belgilandi.

2024-yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 4 foizi miqdorida belgilandi.

Qonunga ko‘ra, jumladan soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga to‘liq hajmda o‘tkaziladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
  • jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
  • mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan, shuningdek YaTTlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
  • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;
  • noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq.

Qonun 2024-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring