Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat 2024-yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonning Davlat budjetini ma’qulladi

Senat 2024-yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonning Davlat budjetini ma’qulladi

Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida «2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarda 2024-yilda mamlakat iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o‘sish suratlari 5,6-5,8 foiz miqdorida bo‘lishi kutilayotganligi qayd etildi.

Qonunda 2024-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 375,0 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 427,6 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan holda konsolidatsiyalashgan budjet 52,6 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirildi.

Ta’kidlanganidek, Davlat budjeti daromadlari 270,4 trln so‘mni, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,9 trln so‘mni tashkil etdi.

Bunda soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 55,2 trln so‘m va 85,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.

Keyingi yilda ham budjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolinib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat budjeti xarajatlarining qariyb 50 foizi yoki 151,5 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Qonunda asosan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi va barqaror rivojlanish milliy maqsadlarida nazarda tutilgan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarga erishish inobatga olingan.

Muhokamalar jarayonida senatorlar budjet daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. Yashirin iqtisodiy faoliyatni qisqartirish, budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablag‘lar natijadorligini ta’minlash yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Qayd etilganidek, mahalliy va importga belgilangan aksiz solig‘i stavkalarini tenglashtirish maqsadida alkogol va tamaki mahsulotlari importi uchun stavka 5 foizga pasaytirilib, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun 2 baravarga pasaytirilmoqda.

Shuningdek, senatorlar Qonunda budjet daromadlar bazasini kengaytirish, soliq siyosatini belgilashda cog‘lom turmush tarzini yaxshilash va tabiatni asrashni rag‘batlantirishga e’tibor qaratilganligiga alohida to‘xtaldilar.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring