Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Urganchda «Central Asia – 2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari» xalqaro konferensiyasi o‘tkaziladi

Urganchda «Central Asia – 2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari» xalqaro konferensiyasi o‘tkaziladi

Bugun O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Central Asia – 2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbar va mutaxassislari, hamkor vazirlik hamda idoralar vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

– Bu yilgi konferensiyada 10 ta xorijiy davlatdan 26 nafar ekspert ishtiroki kutilmoqda, – dedi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva. – Mahalliy mutaxassislardan 80 dan ziyod maqola kelib tushdi. Ular konferensiya dasturi va ilmiy to‘plamdan o‘rin oladi. Tadbir doirasida respublikamizda axborot-kutubxona muassasalarining bugungi kundagi holati, sohada mavjud dolzarb muammolar tahlil qilinib, tajribalar tinglanadi, istiqboldagi rejalar belgilab olinadi.

Xalqaro konferensiyada kitob va kitobxonlik, Milliy umumta’lim elektron kutubxonasi UzNEL dasturining ishlash jarayoni, MDH va xorijiy davlatlar yirik kutubxonalari bilan hamkorlik aloqalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan 5 muhim tashabbusning to‘rtinchisi – aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish doirasida amalga oshirilmoqda. Anjuman fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot resurslarni rivojlantirish va qo‘llashda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kutubxona ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yo‘llarini izlash va hal etishni maqsad qilgan.

Qayd etilishicha, konferensiyaning har yili turli viloyatlarda o‘tkazilishi o‘sha hudud axborot-kutubxona sohasining jonlanishi va yanada rivojlanishiga turtki beradi. Yosh mutaxassislarning anjumanda ishtirok etish maqsadi esa ularni o‘z ustida ishlashga undaydi.

– Bu tadbir maslakdosh do‘stlar uchrashuvi, tajriba almashish, malaka oshirish maydonidir, – deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasi direktori Zuhra Berdiyeva. – Bunda nafaqat mutaxassislar, balki boshqa soha vakillari, ota-onalar uchun ham ko‘p foydali ma’lumotlar mavjud. Chunki kitob o‘qish va mutolaa madaniyati uyda, ta’lim muassasalarida shakllantiriladi. Kutubxona esa mutolaa uchun barcha sharoitlarni taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, “Central Asia – 2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro konferensiyasi 24-26 aprel kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahrida o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring