Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Akulalar ummonda, to‘rda faqat mayda baliqlar

Akulalar ummonda, to‘rda faqat mayda baliqlar

Foto: «Xabar.uz»

Korrupsiyaga qarshi kurashga ancha jiddiy kirishilgani tobora ko‘zga tashlanmoqda. Axborot dasturlarining har birida pora bilan qo‘lga tushganlar haqidagi lavhalar o‘rin olgan. Ammo ularda har doim ham davlatga jiddiy va katta miqdorda zarar yetkazayotgan haqiqiy yirik korrupsionerlar namoyish qilinyaptimi? Bunisi endi katta savol.

Ommaviy axborot vositalarining ovozi tobora kuchliroq jaranglamoqda. Ammo ularning vazifasi faqat bor axborotni tarqatish, yo‘g‘ini va asoslanmaganini ommaga taqdim eta olmaydi. Axborot dasturlarida turli-tuman sohalarda pora bilan qo‘lga tushayotganlar ustma-ust namoyish etib turilibdi. Mazmun va tasvir aytarli bir xil, qanchadir miqdordagi dollar cho‘ntakdan yoki stol tortmasidan chiqadi, maxsus nur yo‘naltirilganda qo‘llar va pullarda pora degan yozuv aks etadi, olg‘uvchi boshini changallaydi, keyin pulni nima maqsadda olayotganini ochiq-oydin aytib beradi.

Poraxo‘rlikka kurashish shart albatta. Lekin kurash shiddati va ko‘lami maydalashib ketishi yaxshi emas. Hamma juda yaxshi biladi, bunday tadbirlar natijasida faqat dastlabki bo‘g‘inlar qo‘lga tushayapti, ya’ni sakkizoyoqning faqat bir tirnog‘igina kesilmoqda. U boshqa oyoqlaridan foydalanaveradi, ungacha kesilgan tirnog‘i ham yana o‘sib chiqadi.

Aksariyat institutlarning kichik amaldagi o‘qituvchilari pora bilan qo‘lga tushishyapti. Lekin yuz foiz ayonki, ularning o‘zlari bu ishni amalga oshira olishmaydi, bu pullarning borar manzili boshqa. Ammo lavhalarga ko‘ra tadbirlar faqat o‘sha mayda baliqlargagina qarshi kurashga qaratilgan. Haqiqiy akulalar ummonda yayrab suzib yurishibdi va bilganlarini qilishmoqda.

Yana bir lavhaga e’tibor bering, maktab direktori farroshlikka (!) ishga qabul qilish uchun 200 dollar pora so‘ragan va 100 dollar bilan qo‘lga tushayapti. O‘zi shundoq ham turli tuman tekshirishlaru majburiy mehnatdan o‘ngib ketgan direktorning yuzi bu holatda yanayam tirishib qolgan. Albatta, har qanday pora pora, har biriga qarshi kurashish lozim. Lekin nahot poraxo‘rlikka qarshi kurash shu qadar mayda ishlardan iborat bo‘lsa?

Qani katta poraxo‘rlar?!

Respublika miqiyosidagi juda katta amaldorlar yirik korrupsiya ayblovlari bilan ishdan chetlashtirilgani, hatto hibsga ham olingani to‘g‘risida xabarlar o‘z tasdig‘ini topib bo‘lgan. Ammo ular olgan poralar miqdori, qayerda saqlangani hamon sir saqlanayapti. To‘rga tushgan mayda baliqchalarga tutilgan ondayoq poraxo‘r tamg‘asi yopishtirilib, ayblari bo‘yinlariga qo‘yilayotgan, o‘zlari ham tan olayotgan bir paytda haqli savollar tug‘iladi, albatta.

Qonun va jazo faqat kichik amaldorlar uchunmi? 100 dollar pora deb jar solinadiyu, 100 ming, million dollarlar asta-sekin bosti-bosti qilinib, unutib yuboriladimi?

Rashid Qodirov ishi qanday bormoqda, faoliyati jinoiy guruhga tenglashtirilgan MXXning sobiq xodimi Nodir To‘raqulovga qanday jazo berildi, «O‘zdonmahsulot» kompaniyasi rahbari Sur’at Haydarov qo‘lga olindi, ammo unga qanday rasmiy ayblov qo‘yildi, Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev ham hibsda, lekin nega tergovning borishi haqida ommaga axborot berilmaydi? Eng qizig‘i, bu shaxslar davlatga va jamiyatga yetkazgan zararning hech bo‘lmasa taxminiy hisob-kitobi bormi?

Xullas savollar bisyor, javoblardan bo‘lishi dushvor...

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring