Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiyada o‘qiyotgan o‘zbek talabasi: «Aksariyat turk yoshlari kelajakda xorij mamlakatlariga ketishni xohlamaydi....»

Turkiyada o‘qiyotgan o‘zbek talabasi: «Aksariyat turk yoshlari kelajakda xorij mamlakatlariga ketishni xohlamaydi....»

Foto:«Xabar.uz»

Mamlakatimizning har bir fuqarosi qayerda bo‘lmasin O‘zbekiston taqdiriga befarq yashay olmaydi. Xususan, bugun chet elda tahsil olayotgan, ilmiy izlanishlar qilayotgan, umuman xorijda bo‘lsada yurtimizdagi o‘zgarishlarga daxldorlik hissi bilan yashab kelyotgan vatandoshlarimiz ko‘plab topiladi.

«Xabar.uz internet tahririyati dunyoning turli nuqtalaridagi ana shunday hamyurtlarimiz bilan yaqindan aloqa o‘rnatish, ularning ibratli faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasini amalga oshiradi.

Loyihamizning ilk mehmoni Turkiya Respublikasidagi Uludag‘ universitetining bakalavr bosqichida tahsil olayotgan hamyurtimiz Abdullatif Adhamov bo‘ldi.

M.: Abdullatif keling siz bilan yaqindan tanishib olsak?

A.A.: 1997-yil Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilganman. Turkiyaga kelganimga deyarli uch yil bo‘ldi. Ikki yil avval Turkiyaning Izmir shahridagi Ege universitetida xorijlik talabalarga mo‘ljallangan TOMER turk tili kursini o‘qidim. Keyin universitet sinovlarini topshirib Bursa shahridagi Uludag‘ universitetiga qabul qilindim. Hazirda Sotsiologiya yo‘nalishida tahsil olyapman.

M.: Nima uchun bakalavrni Turkiyada va aynan sotsiologiya yo‘nalishida olishga qaror qildingiz?

A.A.: Kuzatishni va kuzatishlarim jarayonida esa taqqoslashni yoqtiraman. Sotsiologiya esa aynan mana shu jihatlarni o‘zida mujassamlashtirgan.

Masalan, qayerda tortishayotgan odamlarni ko‘rmang, hammasi o‘zi uchun haq. O‘rtada adolat o‘rnatib bera olmaysiz. Boisi, ikkisini tinglasangiz ham taraflar haqdek ko‘rinaveradi. Bir amallab aybdorni topib bersangiz, to‘rtinchi odam sizning adolatsizlik qilayotganingizdan nolib qoladi... Shunday vaqtda oraga sotsiologiya kiradi. To‘g‘ri, sotsiologiya mukammal fan emas. Lekin mavjud muammolarga ma’lum ma’noda yechim bera oladi. Shuning uchun ham bu fanni yoqtirib qolganman.

Afsuski O‘zbekistonda Sotsiologiya yo‘nalishiga o‘z vaqtida jiddiy e’tibor qilinmadi. Shu sabab ham Turkiyaga keldim va Bursada tahsil olyapman.

Joriy yildan boshlab yurtimizda ham ushbu yo‘nalishga e’tibor kuchaya boshladi. Prezidentimizning 2019-yil 22-fevraldagi «Sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilinganidan bag‘oyatda quvondim. O‘ylaymanki yurtimizda ham mazkur yo‘nalish taraqqiy etadi.

M.: Sotsiologiyaning dunyodagi ahamiyati, shuningdek O‘zbekiston uchun ushbu yo‘nalish qay darajada muhim deb o‘ylaysiz?

A.A.: Sotsiologiya jinoyatchilik, huquq, ta’lim, shahar hayoti, iqtisod kabi ko‘plab milliy va mahalliy masalalar bilan birgalikda, dunyodagi aholi sonining keskin ko‘payishi, migratsiya, urush yoki tinchlik va ocharchiliklardek global masalalarni o‘rganadi va tadqiqot olib boradi. Rivojlangan yoki rivojlanmoqchi bo‘lgan mamlakatlar bu fanga jiddiy e’tibor berib kelgan. Bugungi kunda G‘arb mamlakatlari jamiyatning fikrini va xohish istagini muntazam bilib borish uchun sotsiologik institutlarga millionlab dollar sarflamoqda.

Sotsiologiya sohasida o‘qigan mutaxassislar tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatlarda O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ilgari surishda ham katta xizmat qilishlari mumkin. Shu bilan birgalikda malakali sotsiologlar ichki muammolarni va yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni oldindan taxmin qilishlari va buni o‘z vaqtida bartaraf etishga yordam bera olishadi.

M.: Ma’lumki, Turkiya dunyoning rivojlangan davlatlaridan biri. Kuzatishlaringiz natijasida mamlakatdagi soliq siyosati haqida nimalar deya olasiz?

A.A.: Turkiyaga o‘xshagan tabiiy boyliklari cheklangan mamlakatlar asosan savdo-sotiq, soliqlar yoki turizm hisobidan yashaydi va rivojlanadi. Turkiyada bilishim bo‘yicha chetdan kelgan va mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlar imtiyozsiz holda, farqli ravishda turli soliqlarga tortiladi. Turkiyada monopol kompaniyalar yo‘q, barcha teng soliq to‘lovchi hisoblanadi. Shuning hisobiga o‘rta va quyi qatlam vakillari tadbirkorlik yoki ishlab chiqarish bilan qo‘rqmasdan bozor raqobati asosida shug‘ullanadi. Bu esa soliq to‘lovchilarning safini kengaytirib, Turkiyani iqtisodiy tomondan rivojlanishiga yordam bermoqda.

Shuningdek, bu yerda soliq turlari juda ham ko‘p. Lekin shaxsan men uchun eng g‘alati soliq turi xayriya yoki ehson pullaridan ham soliq olinishi bo‘ldi. O‘ylashimcha bunday soliq turi har bir o‘zbekistonlik mentalitetidan kelib chiqib baribir erish tuyiladigan holat.

E’tiborlisi Turkiyada barcha soliq turlari elektron tarzda turli qog‘ozbozliklardan holi amalga oshiriladi. Bu esa ish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda turli tushunmovchiliklar hamda korrupsiyani oldini olmoqda, deb hisoblayman.

M.: Turkiyalik yoshlar, xususan ularning ijobiy va salbiy jihatlari haqida nimalar deya olasiz?

A.A.: Turkiyaga kelib e’tiborimni tortgan jihat, ota-onalarning farzand tarbiyasida kuch ishlatishdan tiyilishi bo‘ldi. Tergash, biror narsani ta’qiqlash mavjud albatta. Ammo har qanday vaziyatda ham farzandiga qo‘l ko‘tarishda bosiqlikka intilishadi. Chunki bolaga qarshi kuch ishlatish uning ruhiyati va psixologiyasini sindirishini ota-onalar yaxshi anglashadi. Kattalar bolalarga yoshligidan quloq solishadi va fikrlari bilan qiziqishadi. Bu esa yoshlarni o‘z fikrini erkin aytishlari, tezroq ulg‘ayib jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lishlariga yordam bermoqda, deb o‘ylayman.

Yana bir o‘ziga xos jihat, aksariyat turk yoshlari kelajakda xorij mamlakatlariga ketishni xohlamaydi. Ko‘p hollarda o‘zlarining mamlakatida yashashni afzal ko‘rishadi.

Ammo bu yerda yoshlar erta va me’yordan ortiq tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishadi. Qolaversa yoshi kattalarga jamoat transportida kamdan kam hollardagina joy beradilar.

M.: Kelgusidagi maqsadlaringiz qanday?

A.A.: Germaniya dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri. Aynan magistraturani Germaniyada o‘qish maqsadida nemis tilini o‘rganmoqdaman. Albatta kelgusida xorijda orttirgan tajribalarimni mamlakatimizga qaytib yurtimiz rivojiga sarflayman.

Nurillo To‘xtasinov
suhbatlashdi

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring