Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«18 yoshda edim. To‘yim oldidan...» — OIVga chalingan qizning bugun sog‘lom farzandlari bor

«18 yoshda edim. To‘yim oldidan...» — OIVga chalingan qizning bugun sog‘lom farzandlari bor

OIV — hayot qisqa degani emas!

«18 yoshda edim. To‘yim oldidan tibbiy ko‘rikdan o‘tishim kerak edi. Va menga tashxis tahlillaringizda bir muammo bor, bizning markazga kelishingiz kerak, deyishdi. Shunda ham hech narsadan shubhalanmadim. OITS haqida-ku umuman tushunchaga ega emasdim. Bordim va menga OIV yuqqanligini aytishdi. O‘sha paytdagi holatimni tasvirlab berolmayman. Dunyo ostin-ustun bo‘lib ketdi. Hayot men uchun tugagandek edi. Odamlar meni qanday qabul qiladi, degan qo‘rquv bor edi, ishonasizmi, hatto kuyov, mayli roziman, uylanishga deganda ham uni rad etdim, chunki men OIVning nimaligini bilmasdim. Agar hozirgi bilimim bo‘lganda edi, terapiya orqali sog‘lom hayot tarziga qaytishim va sog‘lom farzandlar dunyoga keltira olishimni bilganimda edi...»

— Qanday yuqdi...

Savolim oxiriga yetmaydi. Menga o‘z kasallik tarixini aytib berayotgan 40 yoshli N. hikoyasini davom ettiradi:

«Men o‘smir yoshimda avtohalokatga uchraganman, ko‘p qon yo‘qotganman va menga qon quyishgan, demak o‘sha payti menga bu kasallik yuqqan...»

Stigma va diskriminatsiya mavjud

Yaqinda «Ishonch va hayot» tashkiloti asoschilari tomonidan jurnalistlar uchun o‘tkazilgan «OIV va gender zo‘ravonlikka kurash» mavzusidagi treningda biz o‘z boshidan bu kasallikni o‘tkazayotgan va yashayotgan, shu bilan birga, boshqalarga yordam berayotgan insonlar bilan suhbatlashdik.

«O‘zbekistonda, umuman, ushbu mintaqa mamlakatlarida ushbu OIV muammosi – stigma mavjud. Ya’ni, OIV tashxisi qo‘yilgan odamlarga boshqacha ko‘z bilan qarash mavjud. Bu esa diskriminatsiyani keltirib chiqaradi. OIV va OITS haqida O‘zbekistonda juda kam gapirilishining o‘zi stigma va diskriminatsiyaning bartaraf etilishiga to‘sqinlik qiladi. Va shuning uchun ham bu kasallik haqida ko‘pchilik ma’lumot ega bo‘lish imkonidan mahrum bo‘ladi, –  deydi OIV va inson huquqlari loyihasi koordinatori  Viktoriya Ashirova. – Yana ko‘pchilik faqatgina jinsiy aloqa orqali yuqadi, men axloqli bo‘lsam bundan mustasnoman, deb o‘ylashadi. Yo‘q. Bu qarash noto‘g‘ri, masalan, OIV shifoxonada OIV bilan kasallangan odamning qonini quyish orqali ham yuqishi keng tarqalgan. Qolaversa, bu epidemiya giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchilar, fohishalar, bir jinslilar, ya’ni erkaklar bilan erkaklar aloqada bo‘lganlar orasida keng tarqalgan. Avvallari bu epidemiya faqat o‘lim bilan tugaydi, degan qarash mavjud edi. Endi esa bu virus tanqisligi bilan uzoq umr ko‘rish mumkin. Faqat har olti oyda ko‘rikdan o‘tish, ya’ni virus yuklamasini tekshirib turish lozim».

18 yoshida o‘zida OIV aniqlangan ayolning hozirda sog‘lom ikki nafar farzandi bor. Demak, tinimsiz shifokor ko‘rigidan o‘tib turish,  YuAART (ARVT) – yuqori faol antiretrovirus terapiyani kanda qilmaslik hatto sog‘lom farzand ko‘rish imkonini ham beradi. Xo‘sh, YuAART nima? Trening davomida bu savollarga ham javob topdik.

YuAART — qonda OIV miqdorini imkon qadar kamaytirish va ko‘p yillar davomida shu darajada saqlab turishga qaratilgan dori-darmonlarni qo‘llashdir. YuAART ta’sirida qonda OIV miqdori aniqlab bo‘lmaydigan darajada past miqdorga yetkaziladi va shu sababli kasallikning avj olishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Davolash to‘g‘ri o‘tkazilganida, virus yuklamasi kamayib, immunitet ko‘tariladi. 

Joriy yilning fevral oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 45 ming nafar OIV infeksiyasi bilan kasallanganlar ro‘yxatga olingan. Tasavvur qiling, 45 ming taqdir va ularning qanchadan-qancha yaqinlari bu epidemiya bilan kurashmoqda.

OIV nima, OITSchi?

Keling, hamma bilishi kerak bo‘lgan, ammo hamma ham ajratib olavermaydigan holatlarga to‘xtalsak. Garchi OIV va OITS alohida-alohida holat ekanligi haqida ma’lumot yetarlicha topish mumkin bo‘lsa-da, ko‘pchilik ikkovini bir narsa deb o‘ylaydi. Trening doirasida bizga tarqatilgan Respublika OITSga qarshi kurash markazi tomonidan chop etilgan qo‘llanmani varaqlaymiz:

Xo‘sh, OIV nima? OIV – bu odamning immunitet tanqisligi virusi. Kasallikning yuqishi va rivojlanishining boshlang‘ich davri, ya’ni «serologik oyna davri» 3 haftadan 3-6 oygacha davom etadi. Bu davrda qonda yetarli miqdorda antitanacha paydo bo‘lmagani sababli infeksiyani aniqlashning imkoni yo‘q. «Birlamchi belgilar davri» qonda antitanachalar paydo bo‘lgandan boshlab 1 yil davom etadi. Belgilarsiz va yuzaki belgilar bilan kechuvchi yashirin davr esa 1 yildan 5 yoki 8 yilgacha, hatto 12-14 yilgacha cho‘zilishi mumkin.

OITS – OIV infeksiyasining oxirgi bosqichi bo‘lib, odatda bir necha oydan 2 yoki 3 yilgacha davom etadi. Kasallikning bu davrida inson turli a’zolarini zararlovchi, modda almashinuvini izdan chiqaruvchi, qo‘shimcha opportunistik kasalliklardan aziyat chekadi, bemor ko‘pincha ozib ketadi. Bu davrda antiretrovirus preparatlarini qabul qilish orqali insonning umrini uzaytirish mumkin.

«Men  orttirilgan virus tanqisligiga chalinganimni homiladorligimda, poliklinikada bilganman,  – deydi shu tashkilotda ko‘ngilli bo‘lib xizmat qilayotgan O. – Turmush o‘rtog‘imdan yuqqan. Farzandim vafot etdi, lekin sababi bu emas, turmush o‘rtog‘imdan ajrashdim, bunga ham sabab kasallikni yuqtirgani emas. Shunchaki yo‘llarimiz to‘g‘ri kelmadi. Men uchun hayot o‘z mazmunini yo‘qotgandek edi, toki o‘zaro yordam ko‘rsatish guruhiga kelib qo‘shilmagunimcha. O‘sha paytlari hatto yaqinlarimga ham aytolmaganman. Anchadan so‘ng bundan xabar topgan opam ko‘nglimni ko‘tardi: nima sen shu kasallikka chalinganimni aytsam mendan voz kechadi, deb o‘yladingmi yoki mening avvalgidek singlim emasmisan, biz seni qanday bo‘lsang shundayligingcha yaxshi ko‘ramiz, dedi. Hozir men volontyorman, aynan homiladorligida, bola tug‘ish kerak bo‘lgan paytda shu kasallikka chalinganidan xabardor bo‘lib chorasiz qolgan onalar bilan ishlayman, ularga treninglar o‘taman. Chunki men buni o‘z tanamda, qalbimda his qilganman, bilaman turmushga chiqdingizmi, demoqchisizlar. Ha, o‘zimdek insonga turmushga chiqqanman, hozir 7 yoshli sog‘lom qizalog‘im bor. O‘zaro yordam berish guruhida juda ko‘p ayollarga, onalarga yordamim tegayotganidan xursandman. OIVga chalingan onalardan qanday qilib sog‘lom farzand tug‘iladi, degan savolga esa javob... bu endi alohida juda katta mavzu, lekin haqiqat shuki: ha, sog‘lom bola tug‘iladi».

O‘zaro yordam ko‘rsatish guruhi nima?

«Men norkomanman»,

«Men farzandimni yo‘qotganman, yolg‘izman»,

«Men ichuvchi edim...», deb o‘z hikoyalari bilan o‘rtoqlashadigan guruhlarni xorij kinolarida ko‘p kuzatganmiz.

Bu guruh ham xuddi shunday. Bu yerda OIVga chalingan insonlar hayotiy muammolari va qiyinchiliklari tufayli birlashib, ularni hal etishda o‘zaro tajriba almashishadi, o‘ziga maslakdosh va madadkor topish maqsadida birgalikda harakat qiladilar.

«Bu guruhga faqat shu muammoga uchragan odamlar emas, balki ularning yaqinlari, do‘stlari ham qo‘shilishi mumkin. Guruh a’zolari bu yerda o‘zaro fikr almashadi, hissiyotlari, kechinmalari bilan o‘rtoqlashadi. Har bir inson o‘zining ko‘makdoshi va maslakdoshi borligini his etadi. Hatto  shu borada uchrayotgan qiyinchiliklarni yengib o‘tish usullarini o‘rtaga tashlab muhokama qilish imkoni mavjud,  – deydi psixolog Sofiya. – Chunki bunday odamlar o‘zining ichki dunyosiga kirishib ketadi. Aynan mana shunday guruhlar odamlarga o‘z kechinmalari bilan o‘rtoqlashishga va yengil tortishga yordam beradi. Aqlli insongiga o‘zida muammolar borligini tushunib yeta oladi, yordam so‘rab murojaat qilish uchun jasorat zarur».

Biz ushbu epidemiya bilan yashayotgan va kurashayotgan insonlar bilan gaplashib shu narsaga guvoh bo‘ldikki, inson o‘zida virus bor yoki yo‘qligini qanchalik tez bilsa, davolanishni boshlasa, sog‘lom odamlar qatori hayot kechirish imkoniyati shunchalik ko‘p bo‘ladi.

«Biz ishonch va hayot beramiz»

«Ishonch va hayot» tashkiloti 2003 yilda tashkil topgan. O‘tgan yillar mobaynida OIV bilan yashovchi ko‘plab insonlarga huquqshunoslar, psixologlar, shu soha mutaxassislari, volonterlar ko‘mak berib kelmoqda. Bu yerda ishlovchi ko‘ngillilardan tortib mutaxassislargacha bemorlarning haq-huquqlarini tiklash, ular tushkunlikka tushib qolmasligi uchun yordam berish, antiretrovirus terapiyasiga hech qachon loqayd bo‘lmaslikka chaqirishdan iborat.

«Axir bir umr buyrak kasalligidan aziyat chekib dialez olayotganlar, qand kasalligi bilan og‘rib insulin oladiganlar yoki qon bosimi bezovta qiladigan insonlar kabi doimo qon bosimini nazoratda ushlab turuvchi qanchadan-qancha insonlar uzoq yashamoqda, demak bu OIVni boshidan kechirayotgan insonlar antiretrovirus terapiyasini muntazam olib borsa uzoq yashashadi. Darvoqe, bu tashkilotga nafaqat kattalar, balki o‘smirlar, OIV bilan yashayotgan bolajonlar ham tashrif buyuradi. Biz ularga jamiyatda hech qanday diskriminatsiya  to‘siq bo‘lmasligi, boshqa bolalar qatori o‘zini sog‘lom va bexavotir his qilishi uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz, ularga ishonch va hayot beramiz», – deydi Viktoriya Ashirova.

Bugun 1 dekabr, an’anaviy ravishda «Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni». Yuqorida aytganimizdek, bu kasallik haqida juda kam gapiriladi. Trening orqali anglaganimiz shu bo‘ldiki, bu borada odamlar bilan emas, balki virusning o‘zi bilan kurashish muhim. Va bu haqda faqat bugun emas, har doim gapirilishi kerak...

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring