Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

29 marotaba pichoqlangan yigitning qotilligida 17 yoshli qiz gumonlanmoqda

29 marotaba pichoqlangan yigitning qotilligida 17 yoshli qiz gumonlanmoqda

Foto: «Nasafnews»

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Qo‘ng‘irot MFY O‘lmas qishlog‘ida 2020-yil 9-dekabr kuni 23 yoshli yigit J. X. 29 marotaba pichoqlanishi oqibatida vafot etdi. Uning o‘limida 17 yoshli qizni aybdor sifatida gumon qilishmoqda. «Nasafnews»ga yo‘llangan navbatdagi murojaatda qotillikda qizning aloqasi yo‘q ekani, asosiy aybdor yashirilayotgani vaj qilib ko‘rsatilgan. Bu borada sayt muxbiriga intervyu bergan marhum yigitning yaqinlari hali endi 17 yoshni qarshilagan yosh qiz 29 marotaba pichoq sanchishga qodir emasligini, vafot etgan yigit esa qizning nomusiga tegishga harakat qilmaganini aytmoqda.

Qamashi tuman prokuraturasi tergovchisi J.Vahobov holatni o‘rganib, voqeani quyidagicha tasvirlagan:

«Marhum qo‘shnisinikiga onasi telefonda so‘rayotganini aytib kirgan. Telefonini qizga berib, o‘zi darvozani qulflab, qizning orqasidan borib ikki qo‘li bilan orqa bel qismidan quchoqlab, yerga sekin yotqizib olib, dastlab egnidagi to‘n va kamzulini, keyin qizning nimchasini yechib nomusiga tegmoqchi bo‘lgan. Shunda qo‘rqib ketgan qiz qutulish maqsadida uyga qochgan. Marhum ortidan kelayotganini ko‘rib, qo‘liga pichoqni olib kuchli hayajonlanish holatida J.Xudoyberdiyevni ko‘krak, qorin va turli sohalariga sanchgan. Marhum voqea joyida vafot etgan».

Biroq Qashqadaryo viloyat IIB Ekspert-kriminalistika bo‘linmasi bergan ekspertiza xulosasi tergovchini ayblov xulosasining ayrim joylariga shubhalanishga majbur etadi. Avvalo, gumonlanuvchi qizda shuncha janjaldan keyin hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan.

«Ushbu oilalarning o‘zaro adovati bo‘lmagan. Voqea haqida 9-dekabr kuni soat 15-16 lar orasida profilaktika inspektori pichoqlashish bo‘libdi deya xabar berdi. Birgalikda voqea sodir bo‘lgan xonadonga bordik. IIB xodimlari ichkariga kirdi, men kirmadim. Bola o‘lib yotgan ekan. Avvaliga o‘lganini bilmadim, chunki eshikdan kirgan joydagi qonni ko‘rib qo‘rqib tashqariga chiqib ketdim. IIB tezkor guruhi s’yomka qilganida 3-4 joyda qon dog‘larini ko‘rdim, lekin devorlar yoki boshqa joylarda ko‘rmadim», — deydi Qo‘ng‘irot MFY raisi Xurshid Hasanov.

Marhumning uyi va jinoyat sodir etilgan xonadon o‘zaro qo‘shni ekan. Bir-biriga qarama qarshi joylashgan. Shuning uchun ham o‘sha kuni kelgan-ketganlarni ko‘rib turishgan. Nega borib nima bo‘lganini so‘ramagansiz degan savolimizga, marhumning onasi Maysara G‘oyibnazarova qo‘shnilarining mahalladagilar bilan munosabatlari yaxshi emasligini, o‘zlari biroz iliq munosabatda bo‘lganini, voqea sodir bo‘lganida yaqinlari kelganligi uchun aralashmaganini ta’kidladi. Biz borganimizda gumonlanuvchi va oila a’zolari uyning derazalarini hamda do‘konni eshigini suvab, ko‘chib ketgan ekan. Shuning uchun ulardan qo‘shimcha ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

«2020-yil 9-dekabr kuni tush payti birga ovqatlandik. Soat 2 larda ko‘chaga chiqib ketdi. 5 dan o‘tib Tirkash akam Rossiyadan eshitib menga xabar berdi. Qiz bir marta qorniga pichoq tiqib olibdi, deb aytdi. Birdan ko‘chaga chiqdim. Chiqsam tumonat odam yig‘ilgan, qo‘shnimizni darvozasi yopiq ekan. Do‘koni orqali uyiga kirdim. Kirsam Lobar, opasi Shoira va qizi R. uyni to‘rida o‘tirganakan. Tinchlikmi deb so‘radim. Yonida ikkita militsiya borakan, ug‘lingizga kislorod yetmay qoladi deb meni turtkilab chiqarib qo‘ydi. Yana bir so‘rasam osma qo‘yyapmiz dedi. Soat 7 dan o‘tguniga qadar eshikni yonida kutib o‘tirdim. Turmush o‘rtog‘im to‘shakda yotib qolgan. 7 dan o‘tib meni chaqirtirganakan. Uyga kirib chiqqunimcha tez yordam mashinasida olib ketib qolishibdi. O‘sha paytda bir militsiya kelib, o‘g‘limni joni avvaldan uzilganini, tayyorgarligimizni ko‘rishimizni aytdi. Hammamiz hang-mang bo‘lib qoldik», – deydi biz bilan suhbatda marhumning onasi Maysara G‘oyibnazarova.

«Nasafnews» to‘plagan ma’lumotga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud 2021-yil 7-sentyabr kuni jinoiy ishlar bo‘yicha Qamashi tuman sudi F.Qambarova raisligida o‘tkazilgan. Sud jinoyatni sodir etganini tan olgani sababli Jinoyat kodeksining 98-moddasi bilan 2003-yilda tug‘ildan qiz R.T.ni aybdor deb topdi. Sud ishida tergov xulosasi deyarli o‘zgartirishsiz qayd etilgan.

«Ushbu jinoiy ish bo‘yicha marhumning yaqinlari advokatiman. Ushbu ishda o‘z tasdiqlarini topmagan holatlar mavjud. Shuning uchun 2-instansiya sudiga ariza kiritmoqdamiz», – deydi advokat Mo‘’tabar Xolisova.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring