Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«333». Bu raqam O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligida muhim o‘rin tutadi...

«333». Bu raqam O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligida muhim o‘rin tutadi...

Yapon elchisi Yoshinori Fujiyama.

Foto: Xabar.uz

17-avgust kuni Toshkentda Yaponiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan o‘zbekistonlik mutaxassislarning oltinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Yaponiya OTM bitiruvchilari klubi (UJUAC — Uzbekistan Japan Universities Alumni Club) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

An’anaviy anjumanda Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama nutq so‘zladi.

«Bitiruvchilarning so‘nggi uchrashuvi 2018-yilning noyabrida o‘tkazilgan edi. Pandemiya sabab biz bir necha yil davomida bunday uchrashuvlarni tashkil qila olmadik. Bugun, nihoyat, yapon OTM bitiruvchilarining oltinchi uchrashuvida diydorlashib turibmiz. Bu — bitiruvchilarning men qatnashayotgan birinchi uchrashuvidir. Yaponiya hamda O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam rishta bo‘lgan siz, azizlarni ikki davlat diplomatik munosabatlarining 30 yilligida qarorgohimda qutlayotganimdan g‘oyat xursandman», — dedi diplomat.

Qayd etilishicha, anjumandan ko‘zlangan maqsad turli dasturlar orqali Kunchiqar o‘lkada tahsil olgan mutaxassislar o‘rtasidagi robitalarni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba va fikr almashish, maslakdosh va yelkadosh do‘stlar orttirishdan iboratdir.

«Yapon OTM bitiruvchilari kelgusida ham Yaponiya bilan rishtalarni ko‘z qorachig‘idek asrashlariga tilakdoshman. Yaponiyada tahsil chog‘i orttirilgan tajriba, bilim va aloqalar faoliyatingizda asqotib, to‘laqonli naf keltirishiga umid qilaman», — dedi elchi Yoshinori Fujiyama.

Tadbir ishtirokchilari e’tiboriga o‘zbek san’atiga oshufta yapon qizi Mashu Kamozaki ijodiga bag‘ishlangan «Ipak torlar» hujjatli-publitsistik filmi namoyish etildi. Yurtimizda bir necha yil yashab, dutor chalishni mukammal o‘rgangan tokiolik san’atkor Shahrisabzda o‘tgan xalqaro maqom festivalida sovrinli o‘rinni egallagan. Mashu Kamozakining ijod yo‘li ikki xalq o‘rtasida mushtarak jihatlar bisyor ekanidan dalolat beradi.

Anjuman davomida Yaponiya OTM bitiruvchilari klubi faoliyatini yanada jonlantirish, hamkorlikda ilmiy-ijodiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Yaponiya hukumati o‘zbekistonliklarga ta’lim grantlarini an’anaviy ravishda taqdim etib keladi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 4-iyul kuni ham ikki davlat o‘rtasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha 2,76 mln dollarli hujjat imzolandi. JDS loyihasi (The Project for Human Resource Development Scholarship) doirasida kelasi yilda 18 nafar davlat xizmatchisiga Yaponiyada magistratura, bir nafariga esa doktorantura bosqichida o‘qish imkoni yaratilmoqda.

Yaponiyada tahsil olib qaytgan yurtdoshlarimiz mas’ul lavozimlarda ishlashmoqda.
Foto: Xabar.uz

Ma’lumotlarga qaraganda, Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan loyiha doirasida so‘nggi 20 yildan ortiq vaqt mobaynida 378 nafar yurtdoshimiz Kunchiqar yurtning nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniga ega bo‘ldi. Ularning 343 nafari magistrlik darajasi bilan qaytgan bo‘lsa, 35 vatandoshimiz bugungi kunda tahsilni davom ettiryapti.

Yaponiyada tahsil olib qaytgan yurtdoshlarimiz parlament va hukumat, ta’lim, ishlab chiqarish, xususiy biznes, xalqaro tashkilotlar tizimida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda. Ular orasida bosh vazir o‘rinbosaridan to OTM rektorlariga qadar bor.

UJUAC raisi Shahrizoda Solihova bu vazifani endilikda Damira Tinchurina bajarishini ma’lum qildi.
Foto: Xabar.uz

Yaponiya OTM bitiruvchilari klubi (UJUAC) hozircha 333 nafar malakali mutaxassisni birlashtirmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutuvchi klub safi kelgusida yanada kengayishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring